

O'zbekiston tarixda ilk bor Jahon chempionatida qatnashdi. Tabiiyki, endigi maqsad mana shu tempni saqlab qolgan holda har to'rt yillikning nufuzli musobaqasining doimiy ishtirokchisiga aylanishdir.
"Paxtakor" klubining sobiq legioneri, Jahon chempionatidagi ekspertimiz Boyan Miladinovich saytimiz jurnalisti Abdulaziz Iskandarov bilan suhbatda O'zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionatidagi debyut ishtiroki, yo'l qo'yilgan xatolar va bosh murabbiy Fabio Kannavaroning taktikasi borasida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
Debyut, tajriba yetishmovchiligi
- O'zbekiston uchun Jahon chempionatidagi birinchi ishtirok umumiy manoda ijobiy taassurot qoldirdi. To'g'ri, natijalar ko'ngildagidek bo'lmagandir, ammo futbolchilar maydonda vatan shanini munosib himoya qilish uchun bor kuchlari bilan harakat qilishgani yaqqol ko'rindi.
Bu biz uchun faqatgina birinchi qadam. Mazkur mundial O'zbekiston uchun oxirgisi bo'lib qolmasligi kerak. Jamoa kuchlilar qatoridan joy olishi uchun har bir Jahon chempionatida muntazam ishtirok etishi shart.
Agar o'yinlardagi muvaffaqiyatsizlik sabablarini izlasak, eng asosiy omil - tajriba yetishmovchiligi bo'ldi. Eron chempionatida to'p surayotgan uch nafar futbolchimizda (Odiljon Hamrobekov, Igor Sergeev, Rustam Ashurmatov) o'yin amaliyoti kam edi. Ular oxirgi bor fevral oyi oxirida rasmiy uchrashuvda maydonga tushishgandi. Bunday yirik turnirda esa tonus juda muhim.
Shunday bo'lsa-da, mundial kelajak uchun katta imkoniyatlar borligini ko'rsatib berdi. Ochig'ini aytaman, O'zbekiston - mening ikkinchi vatanim, shuning uchun ham jamoaga "biz" deb murojaat qilaman.

Tan olish kerak, guruhimiz juda qiyin edi:
Portugaliya - dunyoning eng kuchli terma jamoalaridan biri, ular bizni ilk daqiqalardanyoq bosim ostida qoldirib, g'alabani ilib ketishdi.
Kolumbiya - Jahon chempionatlarining doimiy ishtirokchisi, ularda tajriba ulkan.
Kongo DR - qanday kuchga ega ekanligini Angliyaga qarshi o'yinda ham ko'rsatdi, ular faqat so'nggi daqiqalardagina mag'lub bo'lishdi. Mundialda kuchsiz jamoaning o'zi yo'q.

Taktik xatolar: haddan tashqari himoyaviy o'yin
- Agar kamchiliklarga to'xtaladigan bo'lsak, biz haddan tashqari ko'p orqa chiziqda to'p uzatib yurdik. Vaholanki, oldinga chiqib, ko'proq xavfli vaziyatlar yaratishimiz kerak edi.
Albatta, bosh murabbiy italiyalik va Italiya futboli har doim tartibli himoyasi bilan ajralib turgan. Ular ishni birinchi navbatda orqa chiziqni mustahkamlashdan boshlashadi. Biroq mening fikrimcha, biz raqiblarni haddan tashqari hurmat qilib yubordik. Ko'proq hujumga e'tibor qaratish lozim edi. Masalan, Kongo DR bilan bahsning birinchi bo'limida hujumkor ruhda yaxshi o'ynadik, ammo ikkinchi bo'limda yana orqaga chekindik.
Osiyo Kubogidagi maqsad
- Fabio Kannavaroning terma jamoadagi imzosi haqida gapirishga hali erta, chunki unga vaqt kamlik qildi. U noyabr oyida to'liq ishga kirishdi va qisqa muddat ichida futbolchilarning imkoniyatlari bilan hali to'liq tanishib ulgurmagan bo'lishi tabiiy.
Endi Jahon chempionati ortda qoldi, murabbiy hamma xulosalarni chiqarib, futbolchilarni yaqindan tanib oldi. Haqiqiy imtihonni Osiyo Kubogida ko'ramiz. Ishonamanki, Kannavaro terma jamoani bu turnirga yuqori darajada tayyorlay oladi. Tabiiy darajamizdan kelib chiqsak, navbatdagi Osiyo Kubogida O'zbekiston kamida finalda o'ynashi shart.

Avlodlar almashinuvi: yangi cikl taraddudi
Terma jamoada sekin-asta yoshartirish jarayonini boshlash kerak. Bu ayniqsa keyingi Jahon chempionati saralash ciklida o'z so'zini aytadi.
"Hozirda milliy jamoaning Abduqodir Husanov, Abbosbek Fayzullayev va Eldor Shomurodov kabi mustahkam o'zagi (skeleti) bor. Shuningdek, olimpiya, yoshlar va o'smirlar terma jamoalarimizda ham asosiy tarkib darajasiga tortib bera oladigan iqtidorlar etarli. Bunga yaqqol misol tariqasida Behruz Karimovni ko'rsatishim mumkin".



