

- O'yin haqida fikringiz?
- Qiziqarli o'yin guvohi bo'ldik. Natija qoniqarsiz, lekin o'yinimiz yomon emas. Yana eski kasalimiz qo'zg'adi: gol ura olmadik. Bahs boshida oson golni o'tkazib yubordik. Shundan keyin kuch topib oldinga bordik. Gol urishga muvaffaq bo'ldik, lekin qaysi sababga ko'ra ofsaydni aniqlashdi, tushunmadim. Birinchi marta VAR orqadan chiziq chizishini ko'rishim, hayron qoldim. Lekin na iloj, kinoda aytadi-ku: qozi pochcha, chiqargan qonunlariz hamma narsaga to'g'ri kelaveradi. Yangi qoida chiqib biz bexabar qoldikmi, yoki ma'lumotlardan orqadamizmi - bilmadim. Juda uyatli ko'rindi, shaxsan men tushunmadim. "Paxtakor"ni g'alaba bilan tabriklayman. Gol urmasang vaziyat uchun ochko bermaydi. Yigitlarimizning kayfiyati tushib ketdi. Endi keyingi o'yinga hozirlik ko'ramiz.
- Ikkinchi bo'limda etarlicha vaziyatlar yaratildi. Jamoangiz nechanchi o'yindirki 0:2 hisobida ortda borib ham ko'p vaziyatlarga ega bo'lyapti. Ammo hisob tenglashish o'rniga raqib uchinchi golni urdi. Buni qanday izohlaysiz?
- Aytdim-u bir vaziyatda golimizni hisobga olishmadi. Yangi qonun chiqqan bo'lsa kerak. Buning ustiga futbolchimiz uch metrdan to'p kirita olmadi. Tanaffusga 2:1 hisobida chiqib ketganimizda ikkinchi bo'lim boshqacha kechishi mumkin edi. Mashg'ulotlarda yigitlar bilan gaplashyapmiz. Xatolarni tushuntiramiz. Hisob 3:0 bo'lganida ham o'yin tempi tushib kyetmadi. Oxirigacha kurash kechdi.
- Murabbiy sifatida jamoangiz ko'rsatayotgan futboldan qoniqyapsizmi?
- Qo'l ostimdagi futbolchilardan minnatdorman. Natijaga kelsak, yanada yuqorida bo'lishni maqsad qilgandik. Bunga o'zimiz aybdormiz. Avgust oyida hammasi "Nasaf" bilan o'yindan boshlandi. "Nasaf"ga yutqazmasligimiz kerak edi. "Surxon" bilan "Dinamo"ni yutishimiz, Buxoroda yutqazmasligimiz kerak edi. Hamma o'yinlarda vaziyat bo'lyapti. Baribir menda bugungi o'yin bo'yicha savol qolyapti: urgan golimizda ofsayd bormidi-yo'qmidi. Balki kamerani ko'paytirish kerak. Chiziqni sal haqiqatga yaqinroq chizish kerak. Chunki bu ham muxlislar kayfiyatiga ta’sir qiladi. Jamoa bilan ishlash o'zi emas. Futbol bu koptokni ber - o'ynayveradi degani emas. Bu bilan bahona qilmayapman, bor gapni aytyapman. Biz ko'p ochko yo'qotdik, lekin maqsadimiz sovrindorlar qatoriga kirish. Buning uchun oxirigacha kurashamiz.
- OKMK o'rtamiyona jamoa bo'lib qolmay sovrindorlar qatorida yurishi uchun nima qilish kerak deb hisoblaysiz?
- Qisqa aytganda yaratilgan vaziyatlardan foydalanib gol urish kerak. Shunda g'alaba qozonasiz va tepada yurasiz.
- 2024 yil OKMK chempionatda ikkinchi o'rinni olgandi. Natijalar pasayib qolsa, odamlar Mirjalol Qosimov o'sishdan to'xtab qoldi, o'n yil oldingi Qosimov emas, jamoaga yangi qon kerak deyapti.
- Endi hammaning o'z shaxsiy fikri bor. Tilning suyagi yo'q. Hozir hamma mutaxassis. Lekin bu erga kelib ishlab ko'rishsa biladi. Noliydigan joyim yo'q, biz muxlislarga yoqadigan futbol namoyish etyapmiz. Har doim yuqori natija ko'rsatishga harakat qilganman. Men birovning fikriga qarab yashamayman.



