"Milan" sobiq direktori Leau haqida: "Futbol uning ustuvor maqsadi bo'lmay qoldi. Hayotida musiqa va moda paydo bo'ldi"

14 noya 2026, 15:57
"Milan"ning sobiq sport direktori Igli Tare ayni paytda "Galatasaroy" safida to'p surayotgan "rossonerilar"ning avvalgi vingeri Rafael Leau haqida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

Ma'lumot o'rnida, Leau 2019 yildan 2026 yilga qadar "Milan" sharafini himoya qilgan va klub bilan birgalikda Italiya chempioniga aylangan.

"Rafani sirtdan bilar edim. U bilan shaxsan tanishish imkoniyati tug'ilganda, ajoyib yigit ekanligini tushundim va unga nisbatan chindan ham katta xayrixohlik uyg'ondi. Ammo u barchamiz ko'proq narsa kutgan futbolchilar sirasiga kiradi.

O'ylashimcha, qaysidir pallada futbol u uchun asosiy ustuvor maqsad bo'lmay qoldi. Hayotida futboldan tashqari ko'plab narsalar paydo bo'ldi: musiqa, moda... Biroq uning "Milan"ga bo'lgan sadoqatiga hech qachon shubha qilmaganman. U bu klub uchun o'ynashni yaxshi ko'rardi va nimadir o'xshamay qolganida qattiq qayg'urardi. Shuningdek, unda jismoniy muammolar ham mavjud edi va doimo ulardan ehtiyot bo'lib harakat qilardi.

Boshqa o'yinchilarga nisbatan u bilan tez-tez individual suhbatlar o'tkazishga harakat qilardim va har safar ijobiy taassurotlar bilan chiqib ketardim. Uning chindan ham o'ynashni xohlayotganini his qilardim, lekin bazida birgina istakning o'zi kamlik qiladi", - dedi Tare.

O'xshash yangiliklar


Manba: Sky Sport