

"Ertangi o'yin o'ziga xos katta hayajon va ishtiyoq bag'ishlaydigan bahslar toifasidandir, ayniqsa, o'z maydonimizda, muxlislarimiz ko'z o'ngida o'ynashimizni hisobga olsak. Biz bu chorlovni intiqlik bilan kutyapmiz va ijobiy natija qayd etishni maqsad qilganmiz.
"Paxtakor - kuchli va murakkab raqib, shuning uchun bizni qanday qiyin sinov kutib turganini anglab turibmiz. O'zimiz istagan natijaga erishish uchun bor kuchimizni ishga solishimiz kerak bo'ladi.
Amaldagi chempion sifatida biz har bir o'yinga "Ahli"dan kutiladigan darajada raqobatlashish va yorqin o'yin ko'rsatish ishtiyoqi bilan yondashamiz. Birinchi galdagi maqsadimiz - har doim g'alaba qozonish.
Klubda ish boshlaganimga bir oy bo'ldi. Tabiiyki, yangi murabbiylar shtabi kelganda, jamoa bilan birgalikda amalga oshirishni va rivojlantirishni istaydigan yangi g'oyalar va farqli yondashuvlar paydo bo'ladi.
Biz hujumkor futbol o'ynashni, vaziyatlar yaratishda yanada samaraliroq bo'lishni va raqib darvozasiga ko'proq bosim o'tkazishni xohlaymiz.
Tig'iz taqvim sababli mashg'ulotlar o'tkazish uchun vaqtimiz unchalik ko'p emas. Shuning uchun biz o'yinchilar bilan ishlash va e'tibor talab qiladigan detallarni yaxshilash uchun har bir imkoniyatdan maksimal darajada foydalanishga harakat qilamiz.
Har bir o'yinning o'z tarixi va sharoitlari bor. Hozir bor e'tiborimiz faqatgina "Paxtakor"ga qaratilgan va biz yana g'alabali yo'limizga qaytishga umid qilmoqdamiz.
Umid qilamanki, muxlislarimiz jamoani qo'llab-quvvatlashda davom etishadi. Men futbolga xos bo'lgan bunday ehtiroslarni yaxshi ko'raman va klubga kelgan kunimdanoq bu shiddatni his qildim. "Ahli" muxlislari - jamoaning 12-o'yinchisi hisoblanadi va ularning qo'llab-quvvatlashi jamoaga ulkan kuch bag'ishlaydi.
Murabbiylar va o'yinchilar kelib-ketishi mumkin, lekin muxlislarning ehtirosi doim shu yerda qoladi. Bu shiddat klub o'ziga xosligi va tarixining ajralmas qismidir.
Klub "Vaqtlar osha biz birga qadam tashlaymiz" degan shior ostida kuchli identifikaciyaga asoslangan holda barpo etilgan. Bu men ham o'z ishimda aks ettirishga harakat qiladigan tamoyildir, toki barchamiz bir yo'nalishda oldinga harakat qilishda davom etaylik", dedi 55 yoshli mutaxassis.



