Krishtianu Ronalduning o'g'li Portugaliya terma jamoasida 7-raqam ostida debyut qildi

Sherzod Nurmatov
15 may 2025
Saudiya Arabistonining "Al Nassr" klubi hujumchisi Krishtianu Ronalduning o'g'li kichik Krishtianu Ronaldu ilk bor Portugaliya U-15 terma jamoasida o'ynadi.

14 yoshli futbolchi Sveti Martin na Muri shahrida Vlatko Markovich xotirasiga bag'ishlangan turnirda Yaponiya terma jamoasiga qarshi o'yinda debyut qildi. Ronalduning o'g'li 54-daqiqada maydonga tushdi, ammo gol ura olmadi. Uchrashuv Portugaliyaning 4:1 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlandi.

"Portugaliya terma jamoasidagi debyuting bilan tabriklayman, o'g'lim. Men sen bilan juda faxrlanaman!", – deb yozdi Ronaldu Instagram sahifasida.

Uchrashuvga Ronalduning onasi ham tashrif buyurib, nabirasini qo'llab-quvvatlagan va uni debyuti bilan tabriklagan.

Portugaliyaliklar kecha Gretsiya bilan durang (1:1) o'ynagan bo'lsa, ertaga Angliya terma jamoasiga qarshi bahs olib boradi.

Kichik Krishtianu Saudiya Arabistonining "Al Nassr" klubi futbol akademiyasida tahsil oladi.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: beIN SPORTS