

Avvalroq madridliklar ushbu ishga oid dalillar va guvohliklarni o'z ichiga olgan, hajmi qariyb 50 ming sahifadan iborat hujjatlar to'plamini UEFAga taqdim etgani haqida xabar berilgandi.
Laportaning takidlashicha, "Barselona"ni sud jarayoni yakunlanmasidan oldin aybdor deb ko'rsatishga urinishlar bo'lgan. U klubning oqlanishiga ishonch bildirib, "Real"ni kataloniyaliklar obro'siga putur etkazishga harakat qilayotganlikda aybladi.
"Negreyra ishi haqida gap ketganda, takrorlashdan charchamayman: bizni sud bo'lmasidan oldinyoq aybdor deb topishga harakat qilishdi. Vaholanki, bizni ayblash uchun asos yo'qligi ma'lum bo'ldi. "Barselona"ning oqlanishiga to'liq ishonaman.
Bu mavzuni doimiy ravishda ko'tarib kelayotganlar klubimizning obro'siga putur etkazishga va uning imijini bulg'ashga urinmoqda. Hukm chiqarilganida bu haqda gaplashish uchun vaqt bo'ladi. Ular faqat "Barselona"ni obro'sizlantirish maqsadida mojaro olovini yoqishda davom etmoqda.
"Real" futbolga zarar etkazish uchun shunday qilmoqda. Ular hamma narsaga qarshi chiqadi. Sen UEFA yoki ligaga murojaat qilishni xohlasang, ular barcha taklif va tashabbuslarga qarshi bo'ladi. Bu milliy va xalqaro miqyosda o'z nufuzi, etirofi va obro'sini yo'qotib borayotgan klub haqida ko'p narsani aytadi.
Bunga misol sifatida EFC kongressida ishtirok etganimni keltirishim mumkin. "Real"ning esa u yerda hatto vakili ham yo'q edi. Ular o'zlarini juda kibrli va hukmronlikka intiluvchi tarzda tutishadi. Nima qilayotganlarini yaxshi bilishadi, ammo bu ularga bo'lgan ishonchning jiddiy pasayishiga olib kelmoqda.
Yevropa Superligasi masalasida ham xuddi shunday bo'ldi: oxir-oqibat ular boshqalar bilan birga qoladi, ammo bu yo'lda barchaga to'siq qo'yishga harakat qiladi. Menimcha, bu borada o'z xatti-harakatlarini tanqidiy baholashlari kerak. Bunday yo'l tutish munosib emas", - dedi Laporta.



