JCH-2026. Osiyo qanaqa xulosa chiqaradi?

Xayrulla Xoliqov
8 iyul 2026, 16:12
Har bir musobaqa va undagi ishtirok natija qanday bo'lishidan qatiy nazar dars beradi.

Jahon chempionatida qatnashuv ham Osiyo jamoalari uchun katta dars bo'ldi. Bundan kim qanday saboq chiqarishi jamoalarning o'ziga havola.

Mundial Osiyo uchun birmuncha erta yakunlandi. Tarixda ilk bor qitamizdan 9ta terma jamoa Jahon chempionatida ishtirok etib, faqat ikkitasi guruhdan chiqa oldi: Avstraliya va Yaponiya. Qolganlar ham bor kuch bilan harakat qilishdi, lekin kuch yetmadi. Ko'rinib turibdiki, boshqalarda futbol ancha kuchli ekan. Agar o'zaro o'yinlar bo'lmaganida kuchlarni taqqoslay olmasdik, ehtimol biz ham boshqalardan kam emasmiz deb yuravergan bo'lardik. Lekin JCH-2026 hammamiz uchun ko'zgu bo'lib berdi.

Osiyo vakillarining mundialdagi ishtiroki kishini mulohazaga undaydi. Tez orada boshlanadigan Osiyo Kubogi oldidan 9ta jamoa o'z imkoniyatlarini chamalab oldi deyish mumkin, lekin qolganlar ham qarab turmasligi aniq. Jahon chempionati bizga hali qiladigan ishlar nihoyatda ko'p ekanini ko'rsatib qo'ydi. Osiyo futboli Afrika, Janubiy Amerika va Yevropa oldida haliyam tetapoya ekani ko'zga tashlandi.

Mundialda qatnashgan 9ta jamoaning jami o'yinlari 29tani tashkil etgan bo'lsa, shundan faqat 3tasi g'alaba bo'ldi. 9 durang va 17ta mag'lubiyat kuzatildi. Umumiy to'plar nisbati 25-59. Yani minus 34ni tashkil qilyapti. Gol o'tkazish bo'yicha eng yomon ko'rsatkichni Iroq va O'zbekiston qayd etdi. Iroq uch o'yinda 12ta, O'zbekiston esa 11ta gol o'tkazib yubordi. Bu borada uchinchi o'rin 8ta o'tkazgan to'p bilan Iordaniyaga "nasib etdi". Keling, shu o'rinda har bir Osiyo jamoasining ishtirokiga to'xtalsak.

Janubiy Koreya (natijasi - guruh bosqich)

3 o'yin, 1 g'alaba, 2 mag'lubiyat, to'plar nisbati 2-3 (-1).

Gol urgan futbolchilari: Xvan In Beom ("Feyenoord") - 1ta, O Xyon Gyu ("Beshiktosh") - 1ta.

Janubiy Koreya musobaqani g'alaba bilan boshladi. Lekin keyingi ikkita o'yindagi mag'lubiyat koreyaliklarga o'z o'rnini ko'rsatib qo'ydi. Ikki nafar futbolchisi gol urdi va bu ikki futbolchi qishdagi Osiyo Kubogida ham o'zini ko'rsatishi mumkin. Harakat qilsa Janubiy Koreya guruhdan chiqa olardi.

Qatar (natijasi - guruh bosqich)

3 o'yin, 1 durang, 2 mag'lubiyat, to'plar nisbati 2-10 (-8).

Gol urgan futbolchisi: Hassan Al Haydos ("Al Sadd") - 1ta.

Musobaqani bir ochko bilan boshlagan Qatar keyingi ikkita bahsda mag'lubiyatga uchrab, o'z darvozasidan 9ta gol o'tkazdi. Osiyoning oxirgi ikki chempioni uchun bu yarashmagan natija bo'ldi. Qatarliklar safida hammamizga yaxshi tanish Hassan Al Haydos gol kiritdi. Yana bir gol raqib o'yinchisi nomiga avtogol yozildi.

Avstraliya (natijasi - 1/16 final)

4 o'yin, 1 g'alaba, 1 durang, 2 mag'lubiyat, to'plar nisbati 3-3 (0).

Gol urgan futbolchilari: Nestori Irankunda ("Uotford") - 1ta, Konor Metkalf ("Sankt Pauli") - 1ta.

Avstraliya hartugul guruhdan chiqishni eplay oldi. Eng katta ishi ilk turda Turkiyani mag'lub etgani bo'ldi. Avstraliya guruhdan chiqib Misrga duch keldi va 120 daqiqa tengma-teng o'ynadi. Faqat penaltilar seriyasida omadi kelmadi. Avstraliya terma jamoasining JCHdagi ishtirokini bemalol yaxshi desa bo'ladi.

Yaponiya (natijasi - 1/16 final)

4 o'yin, 1 g'alaba, 2 durang, 1 mag'lubiyat, to'plar nisbati 8-4 (+4).

Gol urgan futbolchilari: Keyto Nakamura ("Reyms") - 1ta, Daichi Kamada ("Kristal Pelas") - 2ta, Ayase Ueda ("Feyenoord") - 2ta, Junya Ito ("Genk") - 1ta, Dayzen Maeda ("Seltik") - 1ta, Kaishi Sano ("Maync") - 1ta.

Ushbu mundialda eng yaxshi natija ko'rsatgan Osiyo jamoasi shubhasiz Yaponiya bo'ldi. Jahon futboliga eng yaqin futbolni namoyish etayotgan jamoa ham Yaponiya bo'ladi va aytish mumkinki, Osiyo Kubogining eng asosiy favoriti ham Yaponiya. "Kunchiqar yurt" vakillari Niderlandiya, Shvetsiya, Braziliya bilan teng kuchli o'yin ko'rsata olishdi.

Eron (natijasi - guruh bosqich)

3 o'yin, 3 durang, to'plar nisbati 3-3 (0).

Gol urgan futbolchilari: Ramin Rezaian ("Fulad") - 2ta, Mohammad Mohebi ("Rostov") - 1ta.

Eron mundial davomida ko'p bor qiyinchilikka duch kelib ham matonat ko'rsata oldi. Eron terma jamoasi har doim kuchli va irodali bo'lib kelgan, buni ancha yillardan beri bilamiz. Jamoa Meksikada yashab Amerikaga qatnab o'z o'yinlarini o'tkazdi. Forslar g'alaba qozonmagan bo'lsa ham, uchta o'yinni durang bilan yakunlay olishdi. Jamoaning ayniqsa Belgiya va Misr bilan durang qayd etgani tahsinga sazovor bo'ldi.

Saudiya Arabistoni (natijasi - guruh bosqich)

3 o'yin, 2 durang, 1 mag'lubiyat, to'plar nisbati 1-5 (-4).

Gol urgan futbolchisi: Abdulelah Al Amri ("Al Nassr") - 1ta.

Osiyo Kubogi-2027 hamda JCH-2034 mezboni Saudiya Arabistoni turnirni bitta gol urib tark etdi. Saudiya avvalgi mundialda Argentinani mag'lub etib shov-shuv chiqargandi, lekin bu yil ular o'zlarini ko'rsata olishmadi. Ushbu Jahon chempionati Saudiya uchun Ispaniyaga 0:4 hisobida engilgani va oxirgi turda Kapo Verdeni mag'lub eta olmagani bilan yodda qoladigan bo'ldi.

Iroq (natijasi - guruh bosqich)

3 o'yin, 3 mag'lubiyat, to'plar nisbati 1-12 (-11).

Gol urgan futbolchisi: Aymen Husseyn ("Al Karma") - 1ta.

Iroqning jahon chempionatida qatnashgani umuman sezilmadi. Bu jamoa bor-yo'qligini bilmay ham qoldik. Iroqliklar ham qiyin sharoitda mundialga hozirlik ko'rganini bilamiz. Bu jamoa "muhimi ishtirok" qabilida qatnashib ketdi. Juda kuchli raqiblar (Fransiya, Senegal, Norvegiya)ga qarshi bahs olib borgan Iroq faqat yirik mag'lubiyatni qabul qilib oldi.

Iordaniya (natijasi - guruh bosqich)

3 o'yin, 3 mag'lubiyat, to'plar nisbati 3-8 (-5).

Gol urgan futbolchilari: Ali Olvan ("Al Sayliya") - 1ta, Ahmad Al Rashdan ("Qatar SK") - 1ta, Musa Al Tamari ("Renn") - 1ta.

Iordaniya ham uch uchrashuvning hammasida mag'lub bo'ldi. Faqat Iroqdan farqli o'laroq matonat ko'rsatgan holda yutqazdi. Bundan tashqari iordaniyaliklar uchta to'p kiritishdi va gollardan biri "Renn" futbolchisi hisobiga yozildi. Iordaniya bo'lajak Osiyo Kubogida ham o'zini ko'rsatishi mumkin.

O'zbekiston (natijasi - guruh bosqich)

3 o'yin, 3 mag'lubiyat, to'plar nisbati 2-11 (-9).

Gol urgan futbolchilari: Abbos Fayzullayev ("Istanbul Bashakshehir") - 1ta, Eldor Shomurodov ("Istanbul Bashakshehir") - 1ta.

O'zbekistonning ishtirokini butun dunyo kuzatdi. Eldor Shomurodov guruh bosqichidagi "Eng chiroyli gol" muallifi bo'ldi. Biz mundialda ilk bor qatnashdik, ko'p narsa o'rgandik, katta dars oldik, futbol o'ynash oson emasligini ko'rdik. Uchala o'yinda ham mag'lubiyat qabul qilib oldik, faqat eng yoqmagani Kongoga yutqazganimiz bo'ldi. Hech bo'lmaganda durangga umid qilgandik. Murabbiy mavzusi esa alohida va katta masala.

Yuqorida aytib o'tganimizdek, ushbu mundialdan Osiyoning qanday xulosa chiqarishi juda muhim. Buning uchun o'yinlarni bir boshdan qayta ko'rib tahlil qilish kerak bo'ladi. Buning ustida katta ilmiy guruh ishlashi kerak. Xato va kamchiliklarni bizga ko'rsatib bera oladigan mutaxassis lozim. Ha, endi jahon chempionatiyam o'tdi-ketdi deb qabul qilishimiz kerak emas.

Masalan, o'zimiz miqyosda oladigan bo'lsak, xatolarni chuqur tahlil qilib olish yanvardagi Osiyo Kubogidan oldin ayni muddao bo'ladi. To'g'ri, Jahon chempionatida ilk qatnashuv biz uchun katta maktab bo'ldi. Qo'rqmay ftubol o'ynay olishimizni ko'rsatdik. Ko'pchilik endi Osiyo Kubogida ham bemalol o'ynay olamiz deyapti, lekin unutmang mundialda bizdan boshqa yana 8 jamoa qatnashdi va ular ham dars oldi. Bu degani biz zo'r o'rganib oldik, boshqalar hech narsa qilmadi degani emas. Balki boshqalar allaqachon tahlilni boshlab yuborgandir.

Albatta, har bir jamoa o'zi uchun musobaqadagi ishtirokini tahlil qiladi, kerakli xulosani chiqaradi. Lekin bu tahlil yanada kattaroq, aytaylik OFK miqyosida bo'lishi kerakki, Osiyo jamoalarining umumiy ishtiroki OFKga qo'yilgan baho hisoblanadi. OFK bu yilgi imtihondan o'ta olmadi. Ana endi qishda o'zi o'tkazadigan imtihon oldidan o'zi yiqilgan imtihon sabablarini o'rganishi lozim bo'ladi.

X.Xoliqov

O'xshash yangiliklar


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia