

O'yin 5 soat 15 daqiqa davom etdi va serbiyalik tennischining g'alabasi bilan yakunlandi: 7:6(10), 3:6, 6:3, 6:7(4), 7:6(10-4).
- Messi kabi: u 39 yoshda va hamon gol urmoqda, siz esa o'z yoshingizda 5 soat 15 daqiqa davom etadigan o'yinlarda g'alaba qozonmoqdasiz. - Kortda u kabi bor-yo'g'i 90 daqiqa bo'lish yomon bo'lmasdi (kuladi).
- Ushbu turnirda o'yinlarning ko'pi qorong'u tushgandan keyin yakunlanayotgani haqida nima deysiz? Faoliyatingiz davomida vaziyat juda o'zgardi.
- Rostini aytsam, bazan ochiq havoda emas, yopiq zalda ko'proq o'ynayotgandek tuyuladi (kuladi). Ammo shu bilan birga, besh soatdan ortiq davom etgan bunday epik o'yinning bir qismi bo'lish ajoyib. U aniq qancha davom etganini ham bilmayman. Bu "Uimbldon"da ishtirok etgan eng yaxshi o'yinlarimdan biri bo'ldi. Bu yerda bunchalik uzoq o'ynaganimni eslay olmayman. Faqat 2019 yilgi Rojer bilan final davomiyligi bo'yicha unga yaqin kelishi mumkin.
Bu juda teng kurashlar ostida o'tdi. Istalgan tomon g'alaba qozonishi mumkin edi. Feliks ham juda yuqori saviyani ko'rsatdi. Faqat super tay-breykda u biroz susaydi. Men barcha imkoniyatlarimdan foydalandim, bosimga chidadim va hal qiluvchi damlarda to'g'ri qarorlar qabul qildim. Shuning o'zi etarli bo'ldi.
Oxirgi yarim soatda tomoshabinlar deyarli o'z o'rindiqlariga o'tirishmadi. O'ylaymanki, ular ham bu o'yin qanchalik o'ziga xos bo'lganini, ayniqsa, komendantlik soatigacha vaqt bilan kurashganimizni anglab yetishdi. G'alaba qozonganimdan juda faxrlanaman.
- Bunday o'yindan keyingi hissiyotlarni tariflab bera olasizmi?
- Hissiyotlar juda ko'p edi. Taranglik, hayajon, doimiy ko'tarilish va pasayishlar. Bunday o'yinlarda doim nimadir sodir bo'ladi. Eng muhimi – g'alaba qozondingizmi yoki yutqazdingizmi, kortni boshni baland ko'targan holda tark etish.
Men uchun bunday epik o'yinning bir qismi bo'lish haqiqiy zavq edi. Mendan 15 yosh kichik raqibga qarshi o'z yoshimda besh soat o'ynash... Bazan bu qanchalik noodatiy ekanini o'zimga eslatishimga to'g'ri keladi. O'zim haqimda faxrlanib gapirishni yoqtirmayman, lekin bunday natija, bunday tajriba, bunday mehnat va fidoyilik bilan haqiqatan ham faxrlansa arziydi.
- Bunday o'yinlar organizmingiz uchun qanchalik og'irlashdi?
- Oxirgi ikki yilda vaziyat juda o'zgardi. Deyarli har kuni engish kerak bo'lgan yangi muammolar yuzaga keladi. Butunlay sog'lom holatda o'ynagan o'yinim qachon bo'lganini ham eslay olmayman.
Shuning uchun bu g'alaba men uchun yanada qadrliroq, chunki faqat men va jamoam bu g'alaba qancha kuch talab qilganini bilamiz. Shunday ekan, o'zimdan juda faxrlanaman va albatta, bunday tajribani boshdan kechirganimdan xursandman. Umid qilamanki, tiklanishga ulguraman va keyingi o'yinga o'tgan yili duch kelgan jiddiy muammolarsiz yaxshi holatda chiqaman, – dedi Jokovich matbuot anjumanida.



