JCH-2026. Norvegiya – Angliya: Holand tug'ilgan mamlakatini mundialdan chiqarib yuborishi mumkin

Оқил Абдубарноев
11 iyul 2026, 12:03
Bugun Mayamida Norvegiya - Angliya o'rtasida chorak final o'yini o'tkaziladi. Mazkur o'yinning eng katta paradoksi shundaki, Norvegiyaning bosh yulduzi Erling Holand aynan Angliyada - Lids shahrida dunyoga kelgan. "Uch sher" safida maydonga tushishi mumkin bo'lgan hujumchi endi ularning yarim final orzusiga eng katta tahdidga aylandi.

Lidsdagi tug'ruqxonadan Norvegiya bayrog'igacha

Erling Braut Holand 2000 yil 21 iyulda Lids shahridagi "Leeds General Infirmary" shifoxonasida tug'ilgan. Buning sababi oddiy: otasi Alf-Inge Holand o'sha paytda "Lids Yunayted" safida to'p tepardi va oila Yorkshirda istiqomat qilardi. Erling umrining dastlabki uch yilini aynan Angliyada o'tkazgan, oila esa otasining karerasi yakunlangach, 2003 yilda Norvegiyaning Bryune shaharchasiga qaytgan.

Tug'ilgan joyi tufayli Holand FIFA qoidalariga ko'ra Angliya terma jamoasi uchun o'ynash huquqiga to'laqonli ega edi. Biroq u hech ikkilanmasdan ildizlarini tanladi: Norvegiyaning yoshlar tizimidan bosqichma-bosqich o'tib, 2019 yilda kattalar termasida rasmiy debyut qildi va shu lahzadan boshlab Angliyaning unga bo'lgan nazariy umidi butunlay so'ndi. Angliyaning sobiq bosh murabbiyi Garet Sautgeyt 2020 yilda bu mavzuda so'ralganda aniq javob bergan edi: bunday futbolchilar qaysi mamlakat uchun o'ynashni aniq biladi va ularning tanlovini hurmat qilish kerak.

Qizig'i, bolaligida Erling "Lids Yunayted" muxlisi bo'lgan va hatto bu klub bilan bog'liq orzulari ham bo'lgan. Taqdir esa uni boshqa yo'ldan olib ketdi: “Bryune”, “Molde”, "Red Bull Zalcburg", "Borussiya Dortmund" va nihoyat - "Manchester Siti".

Otasi Alfi: Kin bilan mojaro va tugallanmagan karera

Erlingni tushunish uchun otasi haqida bilish kerak. Alf-Inge "Alfi" Holand 1993 yil Angliyaga kelib, avval "Nottingem Forest"da to'rt mavsum o'tkazgan, so'ng "Lids Yunayted"ga o'tgan. U Elland Roudda 1997–2000 yillarda o'ynab, 1999/2000 mavsumda UEFA kubogi yarim finaliga yetib borgan va Chempionlar ligasiga yo'llanma olgan afsonaviy tarkibning tayanch o'yinchilaridan biri edi. 2000 yilda esa u taqdirni o'zgartirgan qadam tashladi - "Manchester Siti" libosini kiydi.

Aynan shu yerda ingliz futboli tarixidagi eng mashhur mojarolardan biri yuz berdi. 2001 yil aprelida "Manchester Yunayted" yarim himoyachisi Roy Kin Alfi Holandning o'ng tizzasiga qo'pol zarba berdi - Kinga jarima va uch o'yinlik diskvalifikaciya berildi. Bir yil o'tib esa Kin avtobiografiyasida bu zarba ataylab, avvalgi maydondagi tanqidlar uchun qasos sifatida qilinganini ochiq tan oldi. Bu iqror uchun u yana jarima va besh o'yinlik diskvalifikaciya oldi. Holand tizzasidan operaciya bo'ldi va 2003 yilda karerasini yakunlashga majbur bo'ldi (garchi asosiy sabab boshqa tizzasidagi eskirgan jarohat bo'lsa-da, aynan shu zarba uning oliy darajadagi faoliyatiga nuqta qo'ydi).

2022 yilning yozida Erling Holand "Manchester Siti"ga kelganida, oilaviy doira ajabtovur tarzda yopildi: ota karerasi singan klubda o'g'il super yulduzga aylandi. Ilk mavsumidayoq u "Manchester Yunayted" darvozasiga xet-trik qayd etdi va dahshatli jismoniy formasini o'ziga xos hazil bilan "Manchestyerdagi suvning sifati"ga bog'ladi.

Chempionlar oilasi

Holandning fenomenal jismoniy imkoniyatlari faqat otadan meros emas. Onasi Gri Marita Braut 1990-yillarda Norvegiyaning etti kurashda (geptatlon) chempioni bo'lgan elita engil atletikachidir. Norvegiya termasida Erling forma orqasida "Braut Haaland" yozuvini qayd etadi - bu Norvegiya ananasiga ko'ra onasining qizlik familiyasi va otasining familiyasi birikmasidir.

Otasi ham Norvegiya termasi uchun o'ynagan va mamlakatning jahon chempionatidagi so'nggi ishtiroki - 1998 yilgi Fransiya mundialiga guvoh bo'lgan avlodga mansub edi. 28 yillik tanaffusdan so'ng Norvegiyani jahon chempionatiga aynan o'sha avlod vakilining o'g'li qaytardi. Bundan chiroyliroq ssenariyni Gollivud ham topish qiyin.

Bugungi paradoks

Holand ushbu mundialda etti gol urib, "Oltin butsa" poygasida Messi va Mbappe bilan bellashmoqda. Norvegiya esa Kot-d'Ivuar va besh karra jahon chempioni Braziliyani mag'lub etib, tarixida ilk bor chorak finalga chiqdi. Braziliya ustidan g'alabadan so'ng Holand jamoadoshlarini mashhur "Viking eshkagi" nishonlanishiga boshlagani butun dunyo ijtimoiy tarmoqlarini zabt etdi.

O'yin oldidan Holandning o'zi ham tug'ilgan mamlakatiga qarshi o'ynash alohida manoga ega ekanini yashirmadi: u Angliya bilan jahon chempionati chorak finalida uchrashishni karerasidagi "alohida" lahzalardan biri deb atadi.

Futbol tarixida o'yinchining o'zi vakili bo'lishi mumkin bo'lgan mamlakatga qarshi chiqishi doim dramatik bo'lgan: Diego Kosta Braziliyani Ispaniyaga almashtirgan, Deklan Rays va Jek Grilish Irlandiyadan Angliyaga o'tgan. Bugungi ssenariy esa teskari: Angliya o'zi "yaratgan" hujumchidan omon qolishi kerak. Lidsda tug'ilgan, Norvegiyada ulg'aygan, Germaniya va Angliya Premer-ligasida toblangan yigit endi tug'ilgan o'lkasi darvozasi ostonasida turibdi.

Yorkshir dunyoga Erling Holandni berdi. Bugun kechqurun Mayamida Angliya buning uchun qimmatga tushishi mumkin bo'lgan hisob-kitobni kutmoqda.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia