

Norvegiya uchun Angliya nima edi?
Bu reportajning nufuzini tushunish uchun avvalo 1981 yilgi Norvegiyani tasavvur qilish kerak. O'sha paytda Norvegiya termasi xalqaro maydonda deyarli hech kim edi - jamoa 1938 yilgi Olimpiadadan beri birorta yirik turnirda qatnashmagan edi. Angliya esa norvegiyaliklar uchun shunchaki raqib emas, haqiqiy ideal va orzu timsoli hisoblanardi.
Buning tarixiy sababi bor: 1969 yil noyabridan boshlab Norvegiya davlat teleradiokompaniyasi NRK har qish mavsumida, mahalliy futbol ob-havo tufayli to'xtagan paytda Angliya birinchi divizioni o'yinlarini jonli ko'rsata boshlagan. Mamlakatda o'sha davrda bittagina telekanal bo'lgani uchun shanba kunlari televizor ko'rmoqchi bo'lgan har bir norvegiyalik, xohlasa-xohlamasa, ingliz futbolini tomosha qilardi. Shu tariqa butun bir avlod ingliz futboli muxlisi bo'lib ulg'aydi. Norvegiyalik jurnalistlar keyinchalik etirof etganidek, Angliyani rasmiy o'yinda engish o'sha davr norvegiyaliklari uchun mutlaqo xayoliy orzu edi.
1981 yil 9 sentyabr, Oslo
O'sha kuni Osloning "Ullevol" stadionida 1982 yilgi Ispaniya mundialiga saralashning guruh bosqichi o'yini bo'lib o'tdi. Ron Grinvud boshchiligidagi Angliya tarkibi yulduzlarga to'la edi: darvozada Rey Klemens, maydonda Kevin Kigan, Glenn Xoddl, Brayan Robson, Trevor Frensis. Robson o'yin boshida inglizlarni oldinga ham olib chiqdi.
Ammo g'ayrat bilan o'ynagan mezbonlar birinchi bo'lim yakunigacha vaziyatni ag'dar-to'ntar qilib tashladi: Roger Albertsen hisobni tenglashtirdi, Hallvar Toresen esa g'alaba golini urdi. Ikkinchi bo'limda Norvegiya hisobni saqlab qoldi - 2:1.
Radioda o'yinni sharhlayotgan Byorge Lillelien esa so'nggi daqiqalarda allaqachon "jo'shqinlanib" bo'lgandi. Angliyalik Fil Nil mahalliy yulduz Tom Lundni orqadan yiqitganida, sharhlovchi uni efirda "to'ng'iz" deb atadi va "inglizlarning bezorilari ham tribunada, ham maydonda bor" deb baqirdi. Qo'shilgan vaqt cho'zilaverganida esa polshalik hakam Eji Kachpshakka ham gap tegdi: "Hakam qo'shyapti, qo'shyapti, qo'shyapti - bu ketishda u Angliya fuqaroligini oladi!"
Tarixga muhrlangan 40 soniya
Yakuniy hushtak chalinishi bilan Lillelien o'zini butunlay erkin qo'yib yubordi. Norveg va ingliz tillarini aralashtirib, u avval baqirdi: "Biz dunyoda eng zo'rimiz! Biz Angliyani engdik - gigantlar vatanini!" So'ng esa ingliz tarixining buyuk namoyandalarini birma-bir "chaqirib chiqa" boshladi:
"Lord Nelson! Lord Biverbruk! Ser Uinston Cherchill! Ser Entoni Iden! Klement Ettli! Henri Kuper! Ledi Diana! Biz ularning barchasini engdik! Barchasini!"
Ro'yxatdagi g'alati ism - bokschi Henri Kuper - tasodif emasdi: Lillelien ashaddiy boks ishqibozi edi. Aynan shu ishqibozlik reportajning eng mashhur yakunini tug'dirdi. Sharhlovchi to'g'ridan-to'g'ri Buyuk Britaniya bosh vaziriga murojaat qildi:
"Meggi Tetcher, eshityapsizmi? Sizga xabarim bor - saylov kampaniyasining qoq o'rtasida! Biz Angliyani jahon chempionatidan chiqarib yubordik! Meggi Tetcher, Nyu-Yorkdagi Medison Skver Garden atrofidagi boks barlarida aytilganidek: sizning yigitlaringiz rosa kaltak edi! Your boys took a hell of a beating!"
Qiziq jihati: Lillelien tilga olgan "saylov kampaniyasi" aslida Britaniyadagi emas, Norvegiyaning o'zidagi parlament saylovi edi - ovoz berish o'yindan to'rt kun o'tib, 13–14 sentyabrda bo'lib o'tgan.
Angliya baribir mundialga yo'l oldi
Tarixning zaharxanda tomoni shundaki, Lillelienning "Biz Angliyani jahon chempionatidan chiqarib yubordik!" degan hayqirig'i... noto'g'ri bo'lib chiqdi. Guruhdagi boshqa natijalar qo'l kelib, Angliya 1982 yilgi mundialga baribir yo'llanma oldi. Norvegiya esa saralash guruhini eng oxirgi o'rinda yakunladi.
Ammo bu faktlar reportajning afsonaga aylanishiga zarracha xalaqit bermadi.
Parodiyalar, kino va "eng buyuk sharh" unvoni
Dastlab faqat Norvegiya auditoriyasiga mo'ljallangan bu efir tez orada xalqaro miqyosda mashhur bo'lib ketdi. 2002 yilda Britaniyaning The Observer nashriga qarashli Sport Monthly jurnali Lillelienning so'zlarini tarixdagi eng buyuk sport sharhi deb e'lon qildi.
Eng qizig'i - reportaj aynan inglizlarning o'zi uchun madaniy hodisaga aylandi. 2005 yilda Angliya kriket termasi Avstraliyani engib "Ashes" kubogini qaytarganda, ingliz matbuoti Lillelien uslubida parodiya yozdi: "Kayli Minoug! Stiv Irvin! Krokodil Dandi! Ian Torp! Eshityapsizlarmi?!" "Mean Machine" filmida ham shu reportajga ishora bor, mashhur "Fantasy Football League" ko'rsatuvida esa Toresenning goli sahnalashtirilib, Lord Biverbruk rolini qunduz kostyumidagi Toresenning o'zi ijro etgan.
Mikrofon ortidagi odam
Byorge Lillelien (1927–1987) Norvegiyada shu reportajdan ancha oldin ham sevimli ovoz sohibi edi. 1948 yilda AQSHning Nortvestern universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan Lillelien NRKda futboldan tashqari qishki sport turlari va boksni sharhlagan, hatto jaz ko'rsatuvi ham olib borgan. Norvegiyaliklar uning reportajlarini shunchalik yaxshi ko'rardiki, ko'pchilik televizor ovozini o'chirib, o'yinni radiodan - Lillelien ijrosida tinglashni afzal bilardi. Zamondoshlarining eslashicha, u zerikarli o'yinlarni ham bayramga aylantira oladigan sharhlovchi edi. Lillelien 1987 yilda, 60 yoshida vafot etgan - ammo uning 40 soniyalik "jazavasi" hamon yashamoqda.
Tarix ularni yana uchrashtirdi
Oradan 45 yil o'tib, Norvegiya va Angliya yana katta turnirda, endi esa misli ko'rilmagan miqyosda - jahon chempionati chorak finalida uchrashmoqda. 1981 yilda Angliyani engish norvegiyaliklar uchun "xayoliy orzu" bo'lgan bo'lsa, bugun ular Braziliyani taslim etgan va safida sayyoraning eng dahshatli hujumchisi bor jamoaga aylandi. Agar bugun Mayamida Holand va sheriklar g'alaba qozonsa, Norvegiya efirlarida Lillelienning o'sha hayqirig'i yana yangrashiga shubha yo'q.
Faqat bu safar murojaat Meggi Tetcherga emas, boshqa birovga bo'ladi.
JCH-2026. Norvegiya – Angliya: Holand tug'ilgan mamlakatini mundialdan chiqarib yuborishi mumkin



