Kuchli beshlik sharhi: “Siti”ning g'alabali yurishi, “Barsa” uchun jiddiy sinov, Germaniyada grandlar to'qnashuvi

17 okt 2026, 13:36
Yevropaning kuchli beshlik chempionatlarida navbatdagi tur o'yinlari bo'lib o'tadi.

Angliyada “Manchester Siti” ketma-ket ettinchi g'alabasi uchun maydonga tushsa, Ispaniyada hali ochko yo'qotmagan “Barselona” “Betis” mehmoni bo'ladi. 

Italiyada birdaniga ikkita katta o'yin o'tkaziladi, Germaniyada esa “Bavariya” va “Leyptsig” to'qnashadi. Fransiyada peshqadam “Monako” o'z o'rnini saqlab qolishga, PSJ esa chempionlik poygasidagi mavqeini yaxshilashga harakat qiladi.

Angliya. “Siti”ni kim to'xtatadi?

Olti o'yin, olti g'alaba, 18 ochko. “Manchester Siti” mavsumni hozircha benuqson o'tkazmoqda. Manchesterliklar 16 ta gol urib, o'z darvozasidan beshta to'p o'tkazgan. Eng yaqin taqibchi “Arsenal” bilan oradagi farq uch ochkoni tashkil etmoqda.

Enco Mareska boshqaruvidagi jamoa bu turda “Ipsvich”ni qabul qiladi. Mehmonlar olti o'yinda uch marta g'alaba qozongan, ammo shuncha uchrashuvda mag'lub bo'lgan. “Siti”ning hozirgi natijalarini hisobga olsak, mezbonlar yaqqol favorit. Qolaversa, manchesterliklar hujumdagi samaradorligi bilan ham raqiblaridan ajralib turibdi. “Ipsvich” uchun bunday jamoaga qarshi safarda ochko olish oson bo'lmaydi.

gettyimages-2194739485-2048x2048.jpg

“Arsenal” esa “Nottingem Forest” mehmoni bo'ladi. Londonliklar olti turda besh marta g'alaba qozongan va faqat bir marta mag'lub bo'lgan. “Nottingem”ning hisobida esa besh ochko bor. Mikel Arteta jamoasi uchun bu o'yindagi asosiy vazifa “Siti”ni taqib qilishda davom etish. Mavsum endi boshlangan bo'lsa-da, chempionlikka da'vogar jamoalar o'rtasidagi farqni qisqartirish oson bo'lmasligi mumkin.

Turning qiziqarli uchrashuvlaridan yana biri “Brentford” va “Liverpul” o'rtasida kechadi. Mezbonlar olti o'yindan keyin hali mag'lub bo'lmagan. Ikki g'alaba va to'rt durang ularga o'n ochko keltirgan. “Liverpul” esa to'qqiz ochko bilan to'qqizinchi o'rinda. Mersisaydliklar mavsumni kutilganidek boshlay olmadi. Endi ularni mag'lubiyat nimaligini bilmayotgan raqib kutib turibdi. “Brentford”ning duranglarga moyilligini hisobga olsak, mehmonlar uchun bu safar ancha murakkab kechishi mumkin.

gettyimages-2278174299-2048x2048.jpg

“Manchester Yunayted”ning ahvoli ham havas qilarli emas. Olti turda bor-yo'g'i bir g'alaba, olti ochko va 13-o'rin. Bu safar mankunianliklar “Lids” mehmoni bo'ladi. Ikki klub o'rtasidagi tarixiy raqobatni hisobga olsak, turnir jadvalidagi o'rinlardan qati nazar, keskin bahs kutish mumkin. “Lids” esa to'qqiz ochko bilan ettinchi pog'onada. Demak, hozircha aynan mezbonlarning natijalari yaxshiroq.

7-tur taqvimi:

  • “Everton” - “Chelsi” - 17 oktyabr, 16:30

  • “Brentford” - “Liverpul” - 17 oktyabr, 19:00

  • “Fulxem” - “Hall” - 17 oktyabr, 19:00

  • “Manchester Siti” - “Ipsvich” - 17 oktyabr, 19:00

  • “Nyukasl” - “Aston Villa” - 17 oktyabr, 21:30

  • “Bornmut” - “Sanderlend” - 18 oktyabr, 18:00

  • “Brayton” - “Kristal Pelas” - 18 oktyabr, 18:00

  • “Lids” - “Manchester Yunayted” - 18 oktyabr, 18:00

  • “Nottingem Forest” - “Arsenal” - 18 oktyabr, 20:30

  • “Tottenxem” - “Koventri” - 19 oktyabr, 00:00

Ispaniya. “Barselona”ning mukammal seriyasi davom etadimi?

La Ligada “Barselona” hozircha raqiblariga imkoniyat qoldirmayapti. Kataloniyaliklar sakkiz o'yinning barchasida g'alaba qozonib, 24 ochko jamg'argan. Ular 34 ta gol urib, ettita to'p o'tkazgan. Bir o'yinga o'rtacha to'rttadan ortiq gol - bunday hujumga qarshi turish har qanday jamoa uchun jiddiy sinov.

gettyimages-2300516016-2048x2048.jpg

Biroq navbatdagi raqib osonlardan emas. “Betis” sakkiz turda 19 ochko to'plab, uchinchi o'rinda bormoqda. Sevilyaliklar ham faqat bir marta mag'lub bo'lgan. Qolaversa, ular o'z maydonida o'ynaydi. Shu jihatdan bu uchrashuv “Barselona”ning hozirgi imkoniyatlarini baholash uchun yaxshi mezon bo'lishi mumkin. Kataloniyaliklar g'alabali seriyani davom ettiradimi yoki “Betis” ulardan ilk ochkolarni tortib oladimi?

“Real” ham oson raqibga duch kelmaydi. Madridliklar “Sevilya”ni qabul qiladi. Sakkiz turda ikki marta mag'lub bo'lgan “Real” 18 ochko bilan to'rtinchi o'rinda. “Sevilya” esa 14 ochko bilan beshinchi pog'onada. Joze Mourinyo jamoasi uchun bu uchrashuvdagi g'alaba nafaqat uch ochko, balki chempionlik poygasidagi mavqeini yaxshilash nuqtayi nazaridan ham muhim.

gettyimages-2300490629-2048x2048.jpg

Madridliklarning asosiy muammosi hozircha barqarorlik yetishmayotganida. Jamoa olti marta g'alaba qozongan bo'lsa-da, ikki mag'lubiyat sabab “Barselona”dan olti ochko ortda qolmoqda. Kataloniyaliklar shu suratda davom etsa, “Real”ning har bir ochko yo'qotishi ular o'rtasidagi farqni yanada oshirishi mumkin.

“Atletiko” esa “Espanol” mehmoni bo'ladi. Diego Simeone jamoasi 19 ochko bilan ikkinchi o'rinda. Madridliklar uchun bu tur ayniqsa qiziq: “Barselona” “Betis”ga qarshi o'ynaydi va peshqadam ochko yo'qotishi ehtimoli bor. “Atletiko” esa bu imkoniyatdan foydalanish uchun avvalo o'z o'yinida g'alaba qozonishi kerak.

9-tur taqvimi:

  • “Deportivo” 1:1 “Levante”

  • “Espanol” - “Atletiko” - 17 oktyabr, 17:00

  • “Vilyarreal” - “Elche” - 17 oktyabr, 19:15

  • “Betis” - “Barselona” - 17 oktyabr, 21:30

  • “Valensiya” - “Atletik” - 17 oktyabr, 00:00

  • “Osasuna” - “Rasing” - 18 oktyabr, 17:00

  • “Selta” - “Alaves” - 18 oktyabr, 19:15

  • “Malaga” - “Real Sosedad” - 18 oktyabr, 21:30

  • “Real” - “Sevilya” - 18 oktyabr, 00:00

  • “Xetafe” - “Rayo Valekano” - 19 oktyabr, 00:00

Italiya. Bir turda ikkita katta o'yin

A Seriyada dastlabki olti turdan keyin “Inter” va “Lacio” 16 ochkodan jamg'arib, peshqadamlik qilmoqda. Milanliklar to'plar nisbati bo'yicha birinchi o'rinda. Ularning ortidan 14 ochko bilan “Roma” kelmoqda. Hozircha hech bir jamoa katta ustunlikka ega emas, shuning uchun navbatdagi tur yuqori o'rinlardagi vaziyatni o'zgartirib yuborishi mumkin.

Bu safar “Inter” “Bolonya” mehmoni bo'ladi. Mezbonlar olti uchrashuvda atigi bir marta g'alaba qozongan va besh ochko bilan 14-o'rinda. “Inter” esa besh g'alaba va bir durang bilan hali mag'lub bo'lmagan. Milanliklar uchun bu peshqadamlikni saqlab qolish imkoniyati. “Bolonya” esa mavsum boshidagi muvaffaqiyatsizliklardan keyin o'z maydonida kuchli raqibga qarshi natija ko'rsatishga harakat qiladi.

gettyimages-2299767709-2048x2048.jpg

Turning markaziy o'yinlaridan biri Turinda bo'lib o'tadi. “Yuventus” o'z maydonida “Lacio”ni qabul qiladi. Rimliklar olti turda besh marta g'alaba qozongan va hali mag'lub bo'lmagan. “Yuventus” esa 11 ochko bilan ettinchi o'rinda. Turinliklar bu uchrashuvda g'alaba qozonsa, “Lacio” bilan oradagi farqni ikki ochkogacha qisqartiradi. Rimliklar esa raqibini engib, chempionlik uchun kurashdagi jiddiy niyatini ko'rsatishi mumkin.

“Milan” - “Atalanta” uchrashuvi ham katta qiziqish uyg'otmoqda. Milanliklar hali mag'lub bo'lmagan, ammo uchta durang sabab 12 ochko bilan oltinchi o'rinda. “Atalanta” esa uch g'alaba va uch mag'lubiyat bilan o'ninchi pog'onada. Qizig'i, ikki jamoa o'rtasidagi farq atigi uch ochko. Demak, bergamoliklar g'alaba qozonsa, raqibiga yetib oladi. “Milan” esa duranglar sonini ko'paytirmasdan, yuqoridagi jamoalarga yaqinlashishni istaydi.

7-tur taqvimi:

  • “Frozinone” 4:2 “Sassuolo”

  • “Veneciya” - “Napoli” - 17 oktyabr, 18:00

  • “Bolonya” - “Inter” - 17 oktyabr, 21:00

  • “Roma” - “Jenoa” - 17 oktyabr, 23:45

  • “Udineze” - “Lechche” - 18 oktyabr, 15:30

  • “Fiorentina” - “Komo” - 18 oktyabr, 18:00

  • “Milan” - “Atalanta” - 18 oktyabr, 21:00

  • “Yuventus” - “Lacio” - 18 oktyabr, 23:45

  • “Monca” - “Kalyari” - 19 oktyabr, 21:30

  • “Parma” - “Torino” - 19 oktyabr, 23:45

Germaniya. Peshqadamlik poygasida muhim tur

Bundesligada besh turdan keyin kutilmagan manzara yuzaga kelgan. “Frayburg” va Dortmundning “Borussiya”si 13 ochkodan jamg'arib, dastlabki ikki o'rinni egallab turibdi. “Bavariya” esa 11 ochko bilan uchinchi pog'onada. Myunxenliklar hali mag'lub bo'lmagan, ammo ikkita durang ularni peshqadamlardan ortda qoldirgan.

Navbatdagi turning markaziy o'yini “Bavariya” va “Leyptsig” o'rtasida kechadi. Myunxenliklar besh uchrashuvda 16 ta gol urgan. “Leyptsig” esa 15 ta gol bilan ulardan atigi bitta to'p ortda. Ikki jamoa ham hujumda samarali o'ynamoqda. Biroq natijalarda farq bor: “Bavariya” hali mag'lub bo'lmagan, “Leyptsig” esa besh o'yinning ikkitasida imkoniyatni boy bergan.

gettyimages-2300512792-2048x2048.jpg

Myunxenliklar uchun bu o'yindagi g'alaba peshqadamlarga bosimni kuchaytirish imkonini beradi. “Leyptsig” esa to'qqiz ochko bilan beshinchi o'rinda va raqibiga yaqinlashishga harakat qiladi. Agar mehmonlar g'alaba qozonsa, “Bavariya”dan o'zib ketadi. Shu jihatdan bu to'qnashuvning turnir jadvaliga ta’siri katta.

Dortmundning “Borussiya”si esa “Union” mehmoni bo'ladi. Berlinliklar besh turda atigi to'rt ochko to'plagan va 16-o'rinda. Dortmundliklar hali mag'lub bo'lmagan, to'rt g'alaba va bir durang qayd etgan. Mehmonlar favorit, ammo “Union”ning turnir jadvalidagi og'ir ahvoli mezbonlarni ochko uchun qattiq kurashishga majbur qiladi.

6-tur taqvimi:

  • “Elversberg” - “Augsburg” - 17 oktyabr, 18:30

  • “Gamburg” - “Shtutgart” - 17 oktyabr, 18:30

  • “Shalke” - “Maync” - 17 oktyabr, 18:30

  • “Union” - “Borussiya Dortmund” - 17 oktyabr, 18:30

  • “Verder” - “Paderborn” - 17 oktyabr, 18:30

  • “Bavariya” - “Leyptsig” - 17 oktyabr, 21:30

  • “Bayer” - “Frayburg” - 18 oktyabr, 18:30

  • “Borussiya Myonxengladbax” - “Xoffenxaym” - 18 oktyabr, 20:30

Fransiya. “Monako” peshqadamlikni saqlab qoladimi?

Fransiya chempionatida mavsumning dastlabki qismi odatdagidan boshqacharoq kechmoqda. Olti turdan keyin “Monako” 14 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. “Lill” va “Renn” 13 ochkodan jamg'argan. PSJ esa 11 ochko bilan oltinchi o'rinda.

Parijliklar olti o'yinda uch marta g'alaba qozongan, ikki marta durang o'ynagan va bir bor mag'lub bo'lgan. Jamoa 11 ta gol urib, sakkizta to'p o'tkazgan. Bu ko'rsatkichlar PSJ mavsumni o'zi istagandek boshlay olmaganini ko'rsatadi. Ayniqsa, chempionlik uchun kurashda asosiy raqiblardan biri hisoblangan “Monako”ning hali mag'lub bo'lmagani parijliklar uchun qo'shimcha bosim.

gettyimages-2300512070-2048x2048.jpg

Endi PSJ “Strasburg” mehmoni bo'ladi. Mezbonlar etti ochko bilan 12-o'rinda. Parijliklar uchun g'alaba muhim, chunki yuqoridagi raqiblar bilan ochkolar farqi hozircha katta emas. Shu bilan birga, “Strasburg” ham o'z maydonida kuchli raqibdan ochko olishga harakat qiladi.

Peshqadam “Monako” esa “Loryan” mehmoni bo'ladi. Monegasklar hali mag'lub bo'lmagan, to'rt g'alaba va ikki durang qayd etgan. Ular olti uchrashuvda atigi beshta gol o'tkazib yuborgan. “Loryan” esa sakkiz ochko bilan to'qqizinchi o'rinda. Mezbonlar bu o'yinda g'alaba qozonsa, peshqadam bilan oradagi farqni uch ochkogacha qisqartiradi.

7-tur taqvimi:

  • “Le Man” 0:3 “Tuluza”

  • “Strasburg” - PSJ - 17 oktyabr, 20:15

  • “Lill” - “Brest” - 17 oktyabr, 23:45

  • “Trua” - “Lans” - 17 oktyabr, 23:45

  • “Anje” - “Marsel” - 18 oktyabr, 18:00

  • “Gavr” - “Oser” - 18 oktyabr, 20:15

  • “Loryan” - “Monako” - 18 oktyabr, 20:15

  • “Parij” - “Renn” - 18 oktyabr, 20:15

  • “Lion” - “Nicca” - 18 oktyabr, 23:45

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia