

- Juda qiziqarli o'yin bo'ldi. Bugun bittagina gol bo'lgan bo'lsa ham ikkala jamoada ko'proq gollar urish uchun etarlicha imkoniyatlar yuzaga kelgandi. O'yin davomida jamoamda energiya etarlicha bo'ldi. Ikkinchi bo'limda barcha ko'rsatmalarga amal qildik. O'yin oldidan yigitlarga faqatgina bir jamoa yutishni istashini va shular bizlar bo'lishimiz kerakligini aytgandim. Raqibni jiddiy pressing qilib, bosim ostiga olishga, ularga o'yin uslubini ko'rsata olmasligiga harakat qildik. Birinchi bo'limning 25 daqiqasini yaxshi o'tkazdik, o'yinni nazorat qildik. Birinchi bo'limning qolgan qismini esa raqiblar yaxshiroq o'tkazishdi, ko'plab vaziyatlar yaratishdi va bizni kechirishdi. Ikkinchi bo'limda ham futbolchilar ko'rsatmalarni to'liq bajarishdi. Ko'rsatgan o'yinimizni inobatga olsak biz golga loyiq edik. Biz "Surxon"dan ham "Nasaf"dan ham bir bosh ustun o'ynagandik. Shunday o'yinlardan keyin jamoaning yaxshilanishiga ishonch paydo bo'lmoqda. Shu orqali biz ochkolar to'plab, Superligada qolamiz.
- Pul muammosi sababli taktika haqida gapirish qiyin. Jamoa futbolchilari yaxshi harakat qilishdi, vaziyatlar yaratishdi, biroq gol urishda tajriba yetishmayapti. Ayni damda jamoadagi tajribali futbolchilarni kelgusida nimalar kutyapti deb o'ylaysiz?
- Murabbiy sifatida aytaman, baribir taktikada gap ko'p. Ayni damda muammo ruhiy holatda. Shunday o'yinlar orqali jamoa pishib boradi. Yosh yigitlar Superliga ob-havosiga moslashadi. O'z navbatida futbolchilar ham mening talablarimga mos bo'lishga harakat qilishmoqda. Men jangovar futbol namoyish qilish tarafdoriman. Tajribali futbolchilar esa jamoaga katta yordam berishmoqda. Jamoadagi ishtiyoq, xohish bo'yicha muammo ko'rmadim. Bizning holatimizni hisobga olib, men asosiy e'tiborni futbolga qaratdim. Oldin jamoa chiroyli futbol namoyish qilgan, lekin hozir ruhiy holat o'zgargan va buni engib o'tish juda qiyin. O'yin bobida bunday holatlarni faqatgina taslim bo'lmaslik orqaligina engib o'tish mumkin. Biz bu borada ishlayapmiz. Boshni tushirmagancha faqatgina navbatdagi o'yinga e'tibor qilish kerak. "Bunyodkor" hali safdan chiqmagan. Klub bunday holatlarga tushib qolgan va doimo chiqib ketgan ham. Buni barcha biladi. O'yindan o'yinga barchasini bilib boramiz va sifatli futbol ko'rsatishga harakat qilamiz.
- Shunda tajribali futbolchilar jamoada qoladimi?
- Sardor Rahmonov, Abdumavlon Abdujalilov, Federiko Botti ham jamoada qoladi. Ayrim futbolchilar jarohatlangan. Terma jamoalarda sardor bo'lgan Azizbek To'lqinbekov ham bor. Bobur Yo'ldoshev va Matiya Krivokapich kabi futbolchilar jarohat olgan. Ular "Bunyodkor"ga yordam berish uchun jamoada qolishdi. "Bunyodkor" hali parchalanib kyetmadi, klub uchun yordam beradiganlar hali bor. Agarda o'sha futbolchilar tezroq safga qaytsa, jamoa ham bo'ladi. Muzaffar Olimjonovning ham safga qaytishi qiyinlashib ketdi. Hozir tarkibda bo'lgan futbolchilarning barchasi holatni to'g'ri tushunmoqda, etiroz ham qilishmayapti va jamoaga yordam berishga intilishmoqda.
- Siz "Nasaf"da hujumchi bo'lgansiz. Qo'l ostingizdagi murabbiylar shtabi nima ish qiladi? Hujumchilar uchun alohida murabbiy olib kelsa bo'lmaydimi? Chunki jamoa bir necha o'yindan beri gol ura olmayapti.
- Hozirgi tarkibdagi futbolchilarning barchasi bilan to'laqonli tanish emasman, tanishib olish uchun vaqtim ham ko'p bo'lgani yo'q. To'g'ri ayrimlar bilan oldin ham birga ishlaganman. Ha, so'nggi 3 o'yinda gol urmaganimiz - bu fakt. Bu kamchilik borasida ishlaymiz, bizda minuslar juda ko'p. Mening oldimga konkret vazifa qo'yilgan - jamoani Superligada olib qolish. Klub sifatida "Bunyodkor" bunga loyiq. Tarkibidan chiqqan ko'plab futbolchilar Yevropaning top darajali klublarida o'ynayotgan klubning yo'q bo'lishi juda yomon. Futbol hamjamiyati ham tushunib turibdiki, "Bunyodkor" o'zbek futboli uchun kerak. Keyingi yili ham "Bunyodkor"ning yuqori darajada o'ynashi uchun borimni bergan bo'lardim.
- Lutfulla To'raevning vazifasi nimadan iborat?
- U mening yordamchim. Akbar Ismatullaev ham shunday. Ulug'bek Bakiev esa 6-7 yildan buyon shu klubda ishlamoqda, u bilan "So'g'diyona"da ham birga ishlaganmiz. Marat Galimov bizda darvozabonlar murabbiyi, u klub akademiyasida ishlaydi. Barchamiz bir-birimizni yaxshi bilamiz va birgalikda ishlaymiz.



