Jahongir Jiyamurodov: "Rubin" O'zbekiston kubogidagi katta o'yinlar orqali tajriba to'plamoqda"

Narzulla Saydullayev
24 apr 2021
O'zbekiston kubogi 2-turidan o'rin olgan "Nasaf" - "Rubin" (4:0) uchrashuvidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Jahongir Jiyamurodov matbuot anjumanida qatnashdi.





"Nasaf" O'zbekistonning sovrindor klublaridan biri, doim o'z oldiga yuqori maqsadlar qo'yadigan klub. Bu jamoa istalgan raqibga qarshi bahsda bor kuchi bilan o'ynaydi.

"Rubin" klubiga kelganimga bir hafta bo'ldi. Kubok o'yinlari bizga dars bo'lmoqda. O'tgan turda "Bunyodkor"ga qarshi o'ynadik, kamchiliklarni yigitlarga tushuntirdik. Mana bugun ham tajribali klubga qarshi o'ynadik. Shu katta klublar bilan o'yinlar orqali Birinchi ligadagi o'z maqsadlarimizga erishishga intilamiz.

Birinchi ligada "Jomboy"ga yutqazib qo'yilganidan keyin oldingi murabbiy iste'foga chiqarildi. Taklif bo'lishini ochig'i kutmagandim. Rahbariyat bilan gaplashib oldik. Yozda tarkibga yosh futbolchilarni jalb qilamiz. Nasib qilsa yaxshi jamoa qilib shakllantirmoqchimiz.

Alisher Azizov birinchi taymda ko'p yugurdi, ko'p mehnat qildi. Baribir jismoniy holati yuqori darajada emas. Nafaqat u, Akrom Bahritdinov, Asilbek Amonov kabi tajribali futbolchilar bor. Bugun asosan yoshlarga imkoniyat berishga qaror qildik", - deydi Jahongir Jiyamurodov.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia