Ispaniya futboli tarixida ilk marotaba erkak o'yinchi tug'ruq tatili olishi mumkin

Alisher Ostonov
23 avg 2025
"Leganes"ning 25 yoshli yarim himoyachisi Xuan Kruz klubdagi mojarolardan charchab, endilikda bola parvarishi uchun tatilga chiqish imkoniyatini jiddiy ko'rib chiqmoqda.

Bu voqea zamirida ham oddiy, ham bemani tuyuladigan vaziyat yotadi. Bahordayoq Kruz jamoadan ketmoqchi ekanligini ma'lum qilgandi. "Leganes" Segundaga tushib qolgach, u o'zini klub kelajagida ko'rmaydi. Biroq rahbariyat o'yinchi uchun qatiy talab qo'ymoqda: shartnomada ko'rsatilgan 10 million evrodan kam tovon puliga rozi emas.

Futbolchiga qiziqish bildirganlar oz emas edi. "Rayo Valekano," "Alaves" va Portugaliya klublari 5 million evro evaziga o'yinchi huquqlarining 60 foizini sotib olishga tayyor edi. Ammo "Leganes" taklifni qabul qilmadi: chunki qolgan 40 foiz huquq hali ham "Betis"ga tegishli, klub esa moliyaviy zarar ko'rishni istamaydi.

Bu vaqt ichida Kruz mavsumoldi tayyorgarligini o'tkazishdan bosh tortdi va yangi mavsum uchun ro'yxatga kiritilmadi. Hozirda u jamoa bilan mashg'ulot o'tkazayotgan bo'lsa-da, maydonga tushishdan butunlay voz kechdi – faqat to'liq transfer yoki shartnoma bekor qilinishini kutmoqda.

Yaqin kunlarda futbolchining oilasida chaqaloq dunyoga keladi. Shu munosabat bilan Kruz rasmiy ravishda ota sifatida bola parvarishi tatili uchun ariza berishga tayyor. Agar bu voqea amalga oshsa, u Ispaniya professional futbol tarixida bola parvarishi bo'yicha tatilga chiqqan birinchi erkak bo'ladi.


Alisher OstonovMuallif
Manba: Marca