

"Barcha muxlislarimizni uzoq yillik tanaffusdan so'ng yana OCHL qaytgani bilan tabriklayman. Bu uzun yo'lda ko'plab insonlar mehnat qildi. Jamoa har tomonlama o'yinga tayyor. Ertaga barchani chiroyli g'alaba bilan xursand qilamiz degan umiddaman", - deya gap boshladi Islombek Ismoilov.
"Elit OCHLni boshlash arafasidamiz. Elit OCHLda o'ynashga rosa harakat qilgan edik. O'yinga yaxshi tayyorgarlik ko'rdik", - deya fikr bildirdi Anvar G'ofurov.
- "Neftchi" OCHLni "Eyr Fors"ga qarshi bahs bilan boshlashi qanchalik yaxshi? Keyingi raqiblar "Al Nassr" va "Al Ittihod". "Eyr Fors"ga qarshi musobaqani boshlash omaddek...
- Bu musobaqada omadli raqibning o'zi yo'q. OCHLga o'z mamlakatining eng yaxshi jamoalari chiqadi. "Eyr Fors" olti karra Iroq chempioni. To'g'ri, ular mavsumni yaxshi boshlay olmaydi. Lekin bizning vazifamiz raqibning muammosini muhokama qilish emas. Biz o'z o'yinimizga e'tibor qaratamiz. Raqib kim bo'lishidan qati nazar. Oldimizga qo'ygan vazifani bajarishimiz kerak. Vazifamiz esa tezlik va yuqori pressingli vertikal futbol namoyish etish. Osiyo darajasida raqobat qilish uchun aynan shunday o'yin uslubi kerak bo'ladi. Raqib kim bo'lishidqatiiy nazar ularga bir xil nazar bilan qaraymiz.
- "Neftchi" OCHLga biroz xavotirli formada yetib keldi. Bir oy avval ham "Neftchi" o'ta ishonchli o'yin namoyish etayotgan edi va ancha barqaror edi. Jamoa "Buxoro" va "Nasaf"ga qarshi o'yinlarda jami 10ta gol o'tkazib yubordi. Markaziy himoya sizni xavotirga solmayaptimi?
- Jamoada kuzatilayotgan holat haqida gapirsam, har bir klubda bunday holat uchraydi. Hech qaysi bir jamoa mavsumni to'liq barqaror o'tkaza olmaydi. Bunga bir nechta sabablar bor. Hozirgi kunda ko'plab asosiy futbolchilarimiz jarohatlangan. Bu esa o'yin jarayoniga ta’sir qiladi. Har bir futbolchiga ishonch bildiramiz. Har bir musobaqaning alohida ruhiyati bor. Superliga boshqa darajada, Elit OCHL boshqa darajada. O'ylaymanki, futbolchilar ushbu musobaqaga ham katta xohish bilan tayyorgarlik ko'rishdi. Ko'plab futbolchilarimiz ertangi bahs OCHLdagi debyut bo'ladi.
Superligadagi so'nggi vaqtlardagi barqarorsizlik Elit OCHLga umuman ta’sir o'tkazmaydi. Mavsumning eng muhim pallasini xuddi mavsumni boshlaganimizdek o'tkazmoqchimiz.
- Raqib jamoasining xavfli jihatlari haqida gapirib o'tsangiz?
- Raqibimizning so'nggi 5-6ta o'yinini ko'rib chiqdik. Ularning kamchilik va yutuqlarini bilamiz. Rejalarimiz bor. Tayyorgarligimizning samarasini ertaga maydonda ko'rasizlar.
Anvar G'ofurovga savol
- OCHLda debyut qilyapsiz. Bosim yo'qmi?
- Yoshlikdan OCHLdagi jamoalarimizning ishtiroklarini ko'rib, havas qilardim. Yaratganga shukr, mana shu kunlar keldi. Kayfiyatimiz yaxshi. Hech qanday bosim yo'q.
- Yangi futbolchilarning jamoaga moslashuvi qanday kechyapti?
- Ularga tarkibga endigina qo'shilishdi. Tarkib qanday bo'lishini hozir ayta olmayman. Ularni tezroq jamoaga moslashtirishga harakat qilyapmiz. Yaxshi saviyali futbolchilar. Ulardan bo'lgan umidlarimiz katta. Transfer bozorida juda katta hajmdagi ishlarni amalga oshirdik. Umid qilamanki, bularning barchasi jamoa foydasiga bo'ladi.

- Ertangi o'yindan oldingi yo'qotishlar rejalaringizga qanchalik ta’sir qildi?
- Har bir futbolchi biz uchun muhim. Tarkibimizda ularning o'rnini to'ldira oladigan futbolchilar ko'p. Ertaga yo'qotishlarning o'rni bilinmaydi.
- "Eyr Fors" ustozi esa tarkibimizda yo'qotishlar ko'p dedi. Ularning ushbu kamchiliklaridan "Neftchi" qanchalik foydalana oladi?
- Boshida aytganimdek, raqibning muammolari bizga umuman qiziq emas. Biz faqat o'zimizning o'yinimiz haqida o'ylayapmiz. Bitta o'yinda har narsa bo'lishi mumkin. Raqibga o'yinga qanday yetib kelgani emas, o'zimiz qanday o'yin namoyish etishimiz haqida o'ylaymiz.
- Botirali Ergashev so'nggi o'yinlarda xatolarga yo'l qo'ydi. Darvozabon poziciyasi bo'yicha kelajakdagi rejalar qanday?
- Hozir bor e'tiborimiz ertangi o'yin haqida. Botiralini har doim qo'llab-quvvatlaymiz. Birgina xatodan so'ng uni erga urmaymiz. U jamoaga juda ko'p yordam bergan. Ergashev uchun ertangi o'yin yana qayta oyoqqa turish uchun imkoniyat bo'ladi.
- Yangi futbolchilarning barchasi faqatgina Elit OCHL uchun xarid qilindi. Shuningdek, ularning barchasi uzoq vaqt davomida jarohatlangan edi. Yangi futbolchilarni darrov OCHLning muhim bahsiga tashlash qanchalik katta tavakkal? Ular uzoq muddatdan beri maydon tashqarisida edi.
- Aynan qaysi futbolchi bo'yicha?
- Sasse va Augusto bo'yicha.
- Sasseda jarohat yo'q. U mavsumni yaxshi o'tkazdi.
- U so'nggi marotaba may oyida Tunis chempionati doirasida maydonga tushgan edi...
- U 29 yoshlik futbolchi va katta tajribaga ega. Futbolda katta tajribali futbolchilar yillar davomida jarohat oladi, ammo maydonga qaytganidan so'ng yana yorqin o'yin namoyish etishda davom etadi. Sasse o'yin uslubimizga mos kelgani uchun uni jamoaga taklif etdik. Mashg'ulotlarda o'zini imkon qadar yaxshi namoyish etishga intilmoqda.
Augusto esa jarohat sabab mavsumni to'liq o'tkaza olmadi. Lekin hozirgi vaqt davomida unda hech qanday jarohat yo'q. Yosh futbolchi tez tiklana oladi.
Markus Forss esa endi e'lon qilinadi. U so'nggi uch o'yinda to'liq o'ynagan. Hech qanday jarohati yo'q. Jamoaga jalb qilgan barcha futbolchilarimiz jarohatsiz.
- Yangi futbolchilar bilan mavsum so'ngiga qadar shartnoma imzolandimi?
- Ular bilan uzoq muddatli shartnoma imzoladik. Yarim yillik shartnomalar emas.
Anvar G'ofurovga savol
- Oy so'ngida MTJ yig'ini bo'lib o'tadi. Kannavaro bu safar sizni chaqirdimi? Tarkib ancha yangilanishi kutilmoqda.
- To'g'risi, jarohatdan endi tiklandim. Kim chaqirilganini bilmadim. Chaqirilsam, jamoaga maksimal foyda keltirishga harakat qilaman.
- Demak, ushbu yig'inga chaqirilmasangiz jarohat tufayli bo'ladimi?
- Murabbiy kimni munosib ko'rsa, chaqiradi. Murabbiyning qarorini to'g'ri tushunaman.





