

"Balki maydonning holati shunga olib kelgandir, ko'proq yakkakurashlar bo'ldi. Shuning uchun mazmunli va sifatli o'yin bo'lmagandir, lekin shunga qaramasdan ikkala jamoa ham vaziyatlar yaratdi. Qaysidir jamoa tarozi pallasini o'z tarafiga og'dirishi ham mumkin edi, biroq murosali natija qayd etildi. Surxon jamoasini takidlashim kerak, to'pni yaxshi nazorat qiladi. Imkon qadar ularning shu jihatiga e'tibor qaratib, ko'proq bosim uyushtirishimiz kerak edi. Qaysidir manoda buni yaxshi bajardik, faqat qarshi hujumlarga tez chiqishda ozgina oqsadik", - deya gap boshladi Ro'ziqul Berdiev.
- "Kuvayt"ga qarshi o'yindan keyin mag'lubiyat sababini hujumchilarda sovuqqonlik va mahorat yetishmagani bilan izohlagandingiz. Bugun himoyadan ko'nglingiz to'ldimi? Darvozabon qutqargan bo'lishi mumkin, ammo raqibning yosh futbolchilari ham bir qator xavfli vaziyatlar yaratishdi. Himoya haqida nima deya olasiz?
- Bu borada yana hujum haqida gapirishimga to'g'ri keladi. 15-daqiqadayoq 2:0 hisobida oldinda borishimiz mumkin edi. Yana vaziyatlar yaratdik: Boburda, Otubanjoda va boshqalarda imkoniyat bo'ldi. Gol ura olmaslik birinchi muammolarimizdan biri bo'lib qolmoqda. Raqib tarkibida yoshlar bo'ladimi yoki tajribalilar, futbolda baribir xavfli vaziyatlar yaratiladi. Bundan tashqari, ikki kun oldin o'ynab, uchinchi kuni yana maydonga tushdik. Charchoq sababli bazi vaziyatlarda ulgurmay qoldik. Hujumga berilib, orqaga qaytishga ulgurmaslik oqibatida "Surxon" bahs oxirida bir-ikkita vaziyat yarata oldi.
- Charchoq va tig'iz taqvim haqida gapirdingiz. Masalan, Mirko Yelichich "Lokomotiv"da tiklanishga urg'u berib, har uch kunda o'ynash unga qulayligini aytgandi. Sizga qanday grafik maqul? Tig'iz taqvim va safarlar jamoaga qanchalik ta’sir o'tkazmoqda?
- U uning fikri. Bizning iqlimda bunday ritmga moslashish juda qiyin. Ayniqsa, xalqaro o'yinlar bo'layotganda va hozirgi tarkibimiz bilan har ikki-uch kunda o'ynash ancha og'irlik qiladi. Agar ikkita teng kuchli tarkibingiz bo'lsa va o'yinlar O'zbekiston ichida o'tsa, har uch kunda ham o'ynasa bo'ladi. Ammo xalqaro safarlar har qanday jamoaga qiyinchilik tug'diradi. Masalan, "Al-Kuvayt"ni olsak, uch kundan keyin ularning maydonida o'ynashimiz kerak, oldinda uzoq yo'l turibdi. Ular bunga jiddiy qarab, Qarshiga to'rt kun oldin charter bilan kelib, o'yindan so'ng darhol qaytib ketishdi. Ichki chempionatdagi bugungi o'yinini esa qoldirishdi. Biz esa taqvim bo'yicha davom etyapmiz. Albatta, bitta tarkib bilan o'ynayotgan jamoa uchun bu og'ir.
- "Nasaf" OCHLda yana imkoniyatni boy berdi. Oxirgi yillarda "Nasaf" xalqaro maydonda o'zbek futboliga ko'proq zarar keltiryapti degan fikr bor, reyting koefficientiga salbiy ta’sir qilyapti degan tanqidlarga qo'shilasizmi?
- Yo'q, "zarar keltiryapmiz" degan fikrga umuman qo'shilmayman. "Nasaf" o'zbek futboliga katta yordam beryapti. O'z vaqtida jamoamizning xalqaro maydondagi muvaffaqiyatli natijalari O'zbekistonga turnirlarda birdaniga uchta klub bilan qatnashish imkoniyatini yaratib bergan edi. Hozir holatimiz shunday bo'lib qoldi, lekin bu musobaqalarda nafaqat "Nasaf", balki har bir jamoamizga qiyin bo'lmoqda, oson o'yinlar yo'q. Kimningdir fikri bilan bunday xulosa chiqarish mutlaqo noto'g'ri. "Nasaf" o'zbek futboliga doim katta foyda keltirgan, hozir ham keltirmoqda va bundan keyin ham yordam beradi.



