Islom Ahmedov: "Jamoamiz o'yinidan qoniqdim"

21 may 2026, 23:30
O'zbekiston Kubogi guruh bosqichidan o'rin olgan "Andijon" - "Nasaf" (1:1) uchrashuvidan keyin matbuot anjumani tashkil etildi.

Bunda "Andijon" bosh murabbiyi Islom Ahmedov ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Kutilganidek o'yin qiyin kechdi. Bugun O'zbekistonning eng yaxshi jamoalaridan biriga qarshi bahs olib bordik. "Nasaf"da bir-ikki futbolchi o'ynamasa ham jamoa o'zini yo'qotib qo'ymaydi va ishlab turgan mexanizmga o'xshaydi. Futbolchilarimiz dastlabki 30 daqiqalikni yaxshi o'tkazishdi. Lekin shundan keyin ozgina ustunlikni raqibga topshirib qo'yidik. Ikkinchi taymda e'tiborsizlik sabab gol o'tkazdik. Umuman olganda jamoamiz o'yinidan qoniqdim. Bahsni takrorni ko'rib xatolarni tahlil qilamiz. Har bir o'yin biz uchun tajriba bo'lyapti.

- Avvalgi uchrashuvlarda zaxiradan tushganlar ancha faol harakat qilgandi. Lekin bugungi o'yinda shuni ko'rmadik. Futbolchilarda charchoq alomati bormi?
- Balki shunaqadir. Lekin men zaxiradan tushganlar yomon harakat qilishdi deya olmayman. Qaytanga ular o'yinni kuchaytirdi va biz ko'proq hujumga o'tdik. Jamoamiz o'yinidan ko'nglimiz to'ldi. Qayerdadir omad kelmadi. Vaziyatlar yaratdik, lekin gol ura olmadik. Muhimi, hujum qilyapmiz.

- Jamoa har o'yinda rotaciya qilyapti.
- Bu oraqali ichki raqobatni kuchaytiramiz. Mashg'ulotlarda hammani kuzatyapmiz va kim tayyor bo'lsa o'yinga qo'yyapmiz. Shuningdek raqibdan kelib chiqqan holda uslub tanlayapmiz va shu uslubga ko'ra, futbolchilarni tanlab olyapmiz.

- Jamoangiz oxirgi turda "Havoqand" bilan bahs olib boradi. Bu o'yinda yoshlarga imkoniyat berasizmi?
- Qo'ldan kelgancha yoshlarga imkon beramiz. Lekin futbolda raqibga engil qarash kerak emas. Hozir guruhimizda qiziq vaziyat yuzaga kelgan va uchta jamoada keyingi bosqichga chiqish imkoniyati bor. Biz ham bu imkoniyatni qo'ldan chiqarmaymiz deb umid qilaman.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia