Ilyos Zeytullaev: "Bunyodkor"ni kim bu ahvolga tushirgani menga qiziq emas"

26 avg 2026, 22:36
Superliganing 19-turi doirasida "Lokomotiv" - "Bunyodkor" (4:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Ilyos Zeytullaev matbuot anjumanida qatnashdi.

- O'yin bobida hech narsa demayman. Hozir futbol haqida gapirishning o'zi noo'rin. Qattiq hafa bo'ldim. 3 yil davomida bu jamoani qurgandik. Mehnat qildik, shu tarkibni yig'dik, endi esa bu jamoani buzilib ketishini tomosha qilyapman. Ko'plab futbolchilar jamoadan ketishdi. Kimlar uchundir bu kulgili bo'lishi mumkin. Lekin men futbolni yaxshi ko'raman, bu barchaning reputaciyasiga jiddiy ta’sir qiladi. Bugun bu yosh yigitlarning ko'plab yillar davomida yaxshi tajriba yig'gan futbolchilarga qarshi o'ynashini ko'rdim, ular harakat qilishdi. Bizda muammolar juda ko'p. Barcha yordamchilarim jamoadan ketishmoqda. Bu men uchun juda og'ir zarba. Chunki men ularni jamoaga olib kelganman, ishlarni birga olib borayotgandik. Endi esa ular O'zbekistonni tark etishmoqda. Bu meni hafa qilmoqda. Balki yana yonishlari, chiroyliroq o'yin ko'rsatishlari uchun bu yosh yigitlarga yangicha kuch kerakdir. So'nggi o'yinlarda, balki, qanday futbol o'ynashni men tushuntira olmayotgandirman, degan fikrlar kelmoqda. Balki, men berayotgan kuch ularga kamlik qilayotgandir. Biroq men ham odamman. Men ham charchayman, oilam bor. Hozir bizda shunday og'ir damlar: yordamchilarimsiz, yonimda hech kim yo'qligidan, bir o'zim kurashishim juda qiyin. Bundan mano ham yo'q.

1000146547.jpeg

- O'zingiz aytdingiz, bu holat reputciyangizga jiddiy ta’sir qiladi. Sizning "Bunyodkor"dagi yuqori darajadagi ikki yillik faoliyatingizni qayd etgan holda jamoadan ketish haqida o'ylamayapsizmi?

- Agarda yangi murabbiy kelib, jamoaning kuchini ko'paytirib, o'yinini yaxshilay oladigan, har tomonlama o'sishiga yordam bera oladigan murabbiy keladigan bo'lsa, men ketishim kerak bo'lsa, ketaman. Men juda qattiq charchadim. Boshqalarning metodi jamoaga yordam berishi mumkindir. Bo'layotgan hodisalarni tomosha qilish men uchun juda og'ir. So'nggi tomchilar to'kildi. Yordamchilarim ham bu jamoada bo'lishdan charchashdi. Ular ham bu holatda bo'lishdan mano ko'rishmadi. Maoshlarsiz yurish... Ular hech nimani tushunishmadi. Men va yigitlar uchun jamoada qolishni istashayotgandi. Ammo endi so'nggi tomchilar ham to'kildi. Ularning qolishini men ham istadim, tez-tez gaplashib turdim. Jamoa parchalanmoqda, emirilmoqda, buni barcha ko'rib turibdi. Bu erga kelganimda jamoa so'nggi o'rinda edi. 10-o'ringacha ko'tarildik. O'tgan yili 5-o'rinni egalladik. Bu yili ham 3-4-o'rinlarni egallab turgandik. Jamoaning cho'kib borayotganini natijalardan ham bilish mumkin. Bosh murabbiy sifatida men o'zimning xatolarnimni tan olaman. Bu yerda barcha odamlar, tashkilotlar, klubdagilar ushbu holat uchun o'z xatolarini tan olishlari kerak.

- Jiddiy savol beraman, bunga javob bermasligingiz ham mumkin: "Bunyodkor"ning bu darajaga kelib qolishiga sababchi kim?

- Bu savol menga emas. Murabbiy sifatida biz o'z ishlarimizni qilyapmiz. Bu juda chuqur masala. Juda og'ir masala. "Bunyodkor"ni kim bu ahvolga tushirgani menga qiziq emas.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia