

Kindia bolasi
Dumbuya 2002 yil 12 oktyabrda Gvineyaning Kindia shahrida tug'ildi. Konakridan bir necha soatlik masofada joylashgan bu shaharda futbolchi bo'lish oson emas edi. Yillar o'tib, Shvetsiyaga kelganida u bolaligini shunday eslagan edi:
"Men Konakri yaqinidagi Kindia shahrida o'sdim, u yerda yashash ancha qiyin edi. Yaxshi agenting bo'lmasa, futbolda muvaffaqiyatga erishish mushkul. Lekin bu masala hal bo'ldi: men Kamerundagi akademiyadan joy oldim, endi esa 'Jugarden'ga kelib, shartnoma imzoladim", - degan edi u klubning rasmiy saytiga bergan intervyusida.
Kamerundagi o'sha akademiyada taqdir uni kamerunlik Arnold Eba bilan bog'ladi - ikki qanot hujumchisi keyinchalik Stokgolmda yana uchrashadi. Vataniga qaytgan Dumbuya "Diamonds of Guinea" akademiyasida to'p surdi, pandemiya tufayli Yevropa orzulari esa bir muddat kutib turdi. 2021 yil kuzida u "Olimpik Marsel"da ko'rikdan o'tdi, ammo u yerda qolmadi.
"Hazillashgani kelganim yo'q"
2022 yil martida 19 yoshli gvineyalik Stokgolmga - Jugardenning Kaknes bazasiga sinovga keldi. O'shanda u aytgan gap shved matbuotida yoyilib ketdi:
"Mening maqsadim - shartnoma imzolash. Bu erga hazillashgani kelganim yo'q", - degan edi u kulib, dif.se muxbiriga.

O'ziga bo'lgan bu ishonch bejiz emas edi - atrofdagilar unga hatto "Ballon d'Or" ("Oltin to'p") deb laqab qo'yishgandi. Bir haftalik sinovdan so'ng klub yosh hujumchi bilan 2026 yil oxirigacha mo'ljallangan besh yillik shartnoma imzoladi. Sport direktori Bosse Andersson transferni shunday izohlagan edi:
"Amaduni “Jugarden”da ko'rib turganimizdan xursandmiz va faxrlanamiz. Sinov haftasida biz uning juda qiziqarli fazilatlarini ko'rdik... U yangi muhitga moslashishi uchun biroz vaqt kerak bo'ladigan yosh futbolchi, ammo hozirning o'zidayoq o'yin darajasi raqobatlasha olishiga etadi", - degan edi Andersson.
Futbolchining o'zi esa katta orzular bilan yashardi:
"“Jugarden” bilan ligada chempion bo'lib, keyin Chempionlar ligasi saralashida qatnashishni umid qilaman. Ko'plab afrikalik futbolchilarning “Jugarden” orqali Yevropaga chiqqan yo'li meni ilhomlantiradi. Eduard Chilufya ishtirokidagi o'yinlarni ko'rganman va kelajakda men ham shu yo'lni bosib o'tishga umid qilaman", - degan edi u.
Stokgolmdagi yuksalish va qulash
2022 yil 29 mayda Dumbuya "Varberg" ustidan qozonilgan g'alabada (4:0) Allsvenskandagi debyutini o'tkazdi. O'sha mavsumda u chempionatda 8 o'yinda maydonga tushdi. Eng yorqin lahza esa Yevropada keldi: 15 sentyabrda UEFA Konferenciya ligasi guruh bosqichida Norvegiyaning "Molde" jamoasiga qarshi o'yinda u hisobni tenglashtiruvchi golni urdi. O'yindan so'ng Fotboll Sthlm nashriga bergan intervyusida yosh futbolchining quvonchi cheksiz edi:
"Men juda baxtliman - butun jamoa meni qo'llab-quvvatladi", - degan edi Dumbuya, murabbiylar va jamoadoshlariga bildirilgan ishonch uchun minnatdorlik izhor etar ekan.
Ammo ayni yuksalish pallasida hayot unga og'ir zarba berdi. 2022 yil oktyabrida u Stokgolmda jiddiy ayblov - zo'rlashda gumon qilinib hibsga olindi. Noyabr oyida sud uni zo'rlash va shaxsiy hayotga daxldor suratga olish ayblovlaridan to'liq oqladi, faqat kichik miqdordagi giyohvand modda saqlagani uchun javobgarlikka tortdi. 2024 yil sentyabrida apellyaciya instanciyasi ham bu hukmni o'z kuchida qoldirdi - jiddiy ayblov bo'yicha oqlov uzil-kesil tasdiqlandi. Shunga qaramay, voqea iz qoldirmay o'tmadi: 2023 yil yanvarida “Jugarden” futbolchi bilan yo'llarini ajratdi.
"“Jugarden” va Amadu Dumbiya shartnomani tugatishga kelishib oldi va shu tariqa har kim o'z yo'lidan ketadi. Boshqa izohlarimiz yo'q", - deyilgan edi klubning rasmiy bayonotida.
Darbadarlik yillari: Krasnodar va Plovdiv
Shvetsiyadan keyingi yo'l silliq kechmadi. 2023 yil yanvarida Dumbuya Rossiyaning "Kuban" klubiga o'tdi, ammo bir qator boshqa legionerlar singari Birinchi liga uchun ro'yxatga kiritilmadi va Krasnodarda birorta ham rasmiy o'yin o'tkazmay, Bolgariyaga yo'l oldi.
Plovdivning "Botev" klubi uni "Ludogorec"ga sotilgan jamoa yulduzi Todor Nedelevning o'rinbosari sifatida jalb qildi. Ammo Bolgariya davri ham omad keltirmadi: avval ish vizasi cho'zildi, keyin jarohat to'sqinlik qildi. 2023/24 mavsumida gvineyalik bor-yo'g'i bitta rasmiy o'yin - "Lokomotiv"ga qarshi Plovdiv derbisida maydonga tushdi, yangi bosh murabbiy Dushan Kerkez kelgach esa ikkinchi jamoa tarkibiga tushirildi. 2024 yil yanvarida shartnoma o'zaro kelishuv bilan bekor qilindi.
"PFK 'Botev' Amadu Dumbuyaga kelgusi professional va shaxsiy rejalarida omad tilaydi", - deyilgan edi klub bayonotida.
/news/big/x/q/osuzhdyonnyj-v-shvecii-futbolist-amadu-dumbuya-pereshyol-v-kuban_1675187291814015474.jpg)
Aqto'beda topilgan barqarorlik
Karerasi so'nib borayotgandek tuyulgan pallada Dumbuyaga Qozog'iston qo'l cho'zdi. 2024 yil 26 fevralida "Aqto'be" uni o'z safiga qo'shib oldi va aynan shu yerda gvineyalik nihoyat o'zini topdi. Ikki mavsum davomida u barcha turnirlarda 47 o'yin o'tkazib, 2 gol urdi va 6 ta golli uzatma berdi. Eng muhimi - jamoa bilan birga 2024 yilda Qozog'iston kubogini qo'lga kiritdi ("Aqto'be" finalda "Atirau"ni 2:1 hisobida mag'lub etgan edi) va Premer-liga bronza medaliga sazovor bo'ldi. Karerasidagi ilk yirik kuboklar aynan Aqto'beda keldi.
2025 mavsumida Dumbuya chempionatda 17 o'yinda 812 daqiqa maydonda bo'lib, 1 gol va 3 golli uzatmani qayd etdi; paslar aniqligi 86 foizni tashkil qildi. 2026 yil 29 yanvarida esa tomonlar shartnomani o'zaro kelishuv asosida bekor qilishdi.
Keyingi manzil - Samarqand
2026 yil 8 iyulida "Dinamo" mavsumning ikkinchi qismi oldidan tarkibni kuchaytirish doirasida Dumbuya bilan shartnoma imzolaganini rasman e'lon qildi. Gvineyalik Samarqandga erkin agent maqomida keldi, kelishuv 2026 mavsumi yakunigacha mo'ljallangan. Futbolchi jamoa Issiqko'ldagi o'quv-mashg'ulot yig'inidan qaytgach, safga qo'shiladi.
"Ishonamizki, Amadu Dumbuya o'z o'yinlari bilan barchaning ishonchini oqlaydi", - deyilgan klub matbuot xizmati xabarida.

O'ng qanotda ham, hujumkor yarim himoyachi poziciyasida ham o'ynay oladigan 23 yoshli legioner o'z uslubini Shvetsiyadalik paytidayoq aniq tariflab bergan edi:
"Maydonning istalgan nuqtasida o'ynay olaman, lekin hujumda o'zimni qulay sezaman. Eng katta fazilatim - gol urish va paslarim bilan gollarga hissa qo'shish, tezligim ham yomon emas", - degan edi u.
To'rt mamlakat, to'rt xil taqdir: Shvetsiyada evrokubok goli va og'ir sinov, Rossiyada o'ynamay turib yakunlangan transfer, Bolgariyada birgina o'yin, Qozog'istonda esa kubok va bronza. O'zbekiston - uning karerasidagi beshinchi manzil. "Oltin to'p" laqabli gvineyalik uchun Samarqand burilish nuqtasi bo'ladimi - buni vaqt ko'rsatadi.



