

Italiyalik mutaxassis Sky Sport telekanalining "Sky Calcio Unplugged" dasturida ishtirok etib, klub va milliy terma jamoada ishlash o'rtasidagi farqlar haqida gapirdi.
Mutaxassisning so'zlariga ko'ra, klubdagi kundalik mashg'ulotlar va futbolchilar bilan muntazam ishlash unga alohida zavq bag'ishlaydi.
Kannavarodan Italiya A Seriyasi klublaridan biri taklif bilan chiqsa, qanday qaror qabul qilishi ham so'raldi.
O'zbekiston terma jamoasi ustozi bunday vaziyatda taklifni mamlakat futbol assotsiatsiyasi bilan muhokama qilishini bildirdi.
Qayd etish joiz, Kannavaroning O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan amaldagi shartnomasi 2027 yil oktyabr oyiga qadar mo'ljallangan.
Avvalroq Osiyo kubogi muddatining o'zgartirilishi ortidan italiyalik mutaxassis O'zbekiston milliy terma jamoasini tark etishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi.
O'FA matbuot xizmati mazkur xabarlarni rad etib, Kannavaro o'z lavozimida qolishini ma'lum qilgandi.
Kannavaroning Sky Sport'ga bergan yangi intervyusida esa hozircha iste'foga chiqish haqidagi qaror e'lon qilinmagan. Mutaxassis faqat Italiya klubidan taklif tushgan taqdirda bu masalani O'FA bilan muhokama qilishga tayyorligini bildirgan.



