

Eshitdik-da! O'zbekiston U-23 terma jamoasi Xitoyda yig'in o'tkazadi
Ertaga Timur Kapadze ana shu yig'inga chaqirgan futbolchilar ro'yxati e'lon qilinadi. "Championat.asia" olgan ma'lumotlarga ko'ra, Kapadze O'zbekiston U-20 terma jamoasidan Xitoy yig'iniga 8 nafar o'yinchini taklif qilgan. Bular: Otabek Boymurodov (darvozabon), Saidafzalxon Ahrorov, Mahmud Mahamadjonov, Jahongir O'rozov, Javohir Otamurodov (hammasi himoyachi), Umarali Rahmonaliev, Behruz Asqarov (ikkisi yarim himoyachi) hamda Po'latxo'ja Xoldorxonov (hujumchi).
Qizig'i, yuqoridagilar orasidan "Nasaf" a'zosi hisoblangan markaziy himoyachi Javohir Otamurodov Argentinadagi mundialda ishtirok etmadi. Toshkentda o'tgan U-20 Osiyo kubogida esa faqatgina 3-turda Indoneziyaga qarshi o'ynagan. O'sha birgina uchrashuvdagi harakatlarida Kapadze nimanidir payqagan ko'rinadi, murabbiy uni ham chaqirib yig'inda sinab ko'rmoqchi.
O'zbekiston U-23 terma jamoasining to'liq tarkibi ertaga e'lon qilinishi kutilmoqda. Yakuniy ro'yxatda minimal o'zgarishlar bo'lib qolishi ham mumkin.
Eslatib o'tamiz, bugun O'zbekiston MTJning "CAFA Nation's Cup"da ishtirok etadigan tarkibi e'lon qilindi. Undan O'zbekiston U-20 terma jamoasidan markaziy himoyachi Abduqodir Husanov hamda hujumkor yarim himoyachi Abbosbek Fayzullaev ham o'rin olgan. Timur Kapadze ularni ham olimpiya terma jamoasi yig'iniga chaqirmoqchi edi. Ammo, Srechko Katanets Husanov va Fayzullaevni milliy terma jamoaga chaqirdi.




