

Format va vaqt noqulayliklari haqida
- Jahon chempionati o'z tarixida ilk bor 48 ta jamoa ishtirokida o'tkazilmoqda. Uchrashuvlarni jonli kuzatishda faqat vaqt bilan bog'liq noqulayliklar yuzaga kelyapti. Ma'lumki, muxlislarning aksariyati ma'lum bir kunlik ish tartibi (rejim) asosida yashaydi, bahslar esa bizning vaqt bilan ancha kech yoki tunda bo'lib o'tmoqda.
O'zbekiston terma jamoasining ishtiroki xususida
- Milliy terma jamoamiz ishtirokidagi uchta o'yinni ham diqqat bilan kuzatdim. Umuman olganda, debyut musobaqadagi ishtirokimizni yomon deb bo'lmaydi - yigitlar ulkan tajriba orttirishdi. Mazkur mundial bizga kelgusi Jahon chempionatlarida ijobiy natija ko'rsatishimiz uchun poydevor vazifasini o'taydi.
Shu bilan birga, hali o'z ustimizda juda ko'p ishlashimiz kerakligi yaqqol ko'rinib qoldi. Oldimizda Osiyo Kubogi turibdi va asosiy tilagim - futbolchilarimiz ushbu muhim turnirga jarohatlarsiz, sog'-salomat yetib borishsin. Ochig'ini tan olish kerak, maydonda jismoniy holat, taktik intizom va to'p bilan ishlash borasida yaxshigina muammolarimiz borligi sezildi.
Kongo DRni musobaqadan avval hech kim mensimayotgandi
- Kongo DR terma jamoasi tarkibiga e'tibor
qaratsak, ularning futbolchilari "Nyukasl", "Vest Xem", "Byornli", "Sanderlend", "Uotford", "Betis" va "Espanol" kabi kuchli chempionat klublarida to'p tepadi. Qachonki bizda ham mana shunday Yevropaning top-ligalarida faoliyat yuritadigan kamida 18 nafar o'yinchimiz bo'lsa, keyin bemalol katta natijalarni talab qilsak bo'ladi. Shundagina darajalar tenglashadi. Hozirgi holatda esa bizni bunday darajadagi raqiblar bilan solishtirishning imkoni yo'q.
Masalan, Kongo DR Jahon chempionati boshlanishidan avval hech kim mensimagan edi. Ammo ularning Angliyaga qarshi qanday jiddiy qarshilik ko'rsatganini va biz bilan bahsda qanchalik yuqori darajada kurash olib borganiga hammamiz guvoh bo'ldik. Shundoq ham o'tgan mundialda shov-shuv ko'targan Marokash terma jamoasi esa bu gal Niderlandiyani musobaqadan haqli ravishda chiqarib yubordi. Germaniyaning mag'lubiyati esa, shubhasiz, turnirning eng kutilmagan sovg'asi bo'ldi.
Musobaqa favoritlari
- Oldinda bizni faqat keskin va kuchlar teng bo'lgan to'qnashuvlar kutmoqda. JCH-2026 bosh sovrini uchun asosiy da'vogarlar sifatida Fransiya, Ispaniya, Braziliya, Argentina va Portugaliya terma jamoalarini ko'rsatgan bo'lardim.



