Vadim Abramov: "Jahongir tez orada "Rubin" bilan shartnoma imzolashi mumkin"

18 iyul 2026, 23:04
Superliga 12-turidan o'rin olgan "Qizilqum" – "Dinamo" (1:2) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida samarqandliklar bosh murabbiyi Vadim Abramov ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- O'yinni qanday o'tkazganimizni tushunmay qoldim. Bahsni yaxshi boshladik, ikkita gol urdik. Lekin ikkinchi bo'limda hammasi o'zgardi. Bu biz uchun mavsum boshidan beri "kasallik" bo'lib qolyapti. Tengma-teng kurashlarda gol o'tkazyapmiz. Keyin xatolar bo'lyapti va orqaga yotib olyapmiz. Muhimi, g'alaba qozondik va muxlislarimizni tabriklayman. Ishqibozlarimiz doim yaxshi o'yin va g'alaba kutishadi, ular bunga haqli. Bu stadion men uchun omadli emas. Oxirgi marta bu yerda qachon yutganimizni aniq eslay olmayman, adashmasam "Lokomotiv" bilan kelganimda yutib ketgandik. Bunga ham ancha vaqt bo'ldi.

- Bugun Server Jeparovning o'g'li Raul Jeparov "Dinamo" safida Superligada debyut qildi.

- U hali ancha yosh, xatolar kuzatildi, lekin harakat qilgani bilan tabriklasa bo'ladi. Raul birinchi taymda to'g'ri o'ynadi, o'zini yo'qotib qo'ymadi. Faqat jismoniy kuchi etmay qolganidan zaxira so'radi. Legionerlarga ham unchalik etiroz yo'q, biroq ikkinchi taymdagi o'yinni zo'r demagan bo'lardim.

- "Dinamo" italyancha futbolga o'tib olgandek ko'rindi: gol uryapti, keyin hisobni saqlashga o'ynayapti.

- Bugun ko'rdingiz, ikkinchi bo'limda oddiy vaziyatlarda to'g'ri pas bera olmadik. Bunaqa o'ynash kerak emas. Bunday ob-havoda xato qimmatga tushadi.

- Statistikaga ko'ra, Abdurahmonov, Amonov, Hojimirzaev triosi eng yaxshi hujum uchligi bo'lib qolmoqda. Ularga ham etirozingiz bormi?

- Aziz Amonov Jahon chempionatida o'ynab keldi va hozir unda biroz pasayish kuzatilmoqda. Uni yana yuqori darajaga olib chiqishimiz kerak. Aziz maydonda yetakchi bo'lishi lozim.

- Jahongir O'rozov bugun qaydnomada ko'rinmadi.

- Unga Rossiyaning "Rubin" klubidan xat keldi. O'z navbatida biz ham bu xatga javob berdik. Xullas har ikkala klub futbolchi transferi bo'yicha kelishib oldik. Endi hamma gap O'rozovning o'zida qoldi. Jahongir tez orada "Rubin" bilan shartnoma imzolashi mumkin.

- Siz "Dinamo"da beshinchi mavsum faoliyat olib boryapsiz. So'ramoqchi bo'lganim, U-21 jamoasiga e'tibor qanday? Nechta futbolchi asosiy tarkibga jalb qilindi?

- Men to'rtinchi yil ishlayapman. O'tgan yil bir nechta yoshlarni sinab ko'rdik va faqat Abdurahmonovni oldik. Boshqa futbolchilar ko'rikda bo'ldi. Afsuski, hozir jamoani kuchaytira oladigan yoshlar yo'q. Men kelganimda mahalliy o'yinchilar ko'p edi, biroq ular boshqa jamoalarga o'tib ketishdi. Biz ham o'z tarbiyalanuvchilarimiz ko'proq bo'lishini xohlaymiz va buning ustida ish olib boramiz.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia