

“To'rtta urilgan gol va darvoza daxlsizligi - ajoyib oqshom. Aynan shu tarzda qaytish yoqimli bo'ldi. Yaxshi jamoaviy o'yin va Angliya chempionatining navbatdagi turi oldidan ishonch zaryadi.
Chempionlar Ligasida oson o'yinlar bo'lmaydi, har bir raqibga jiddiy yondashish lozim. “Sabah” Chempionlar Ligasiga bekorga kelib qolmagan. Ularda mahorat ko'rinib turibdi. O'yinga kirishib ketish oson kechmadi, ammo ilk golni urganimizdan so'ng vaziyatni nazorat qilayotganimizni his qildik va tanaffusgacha yana ikkita gol urdik. Bu esa ikkinchi bo'limda hamma narsani yanada ko'proq nazoratda ushlashga imkon berdi”, – dedi Dorgu.
Chempionlar Ligasi umumiy bosqichining 2-turida “Manchester Yunayted” safarda “Atletiko”ga qarshi o'ynaydi, “Sabah” esa Praganing “Slaviya” jamoasi bilan to'qnash keladi. Har ikki bahs 13 oktyabr kuni bo'lib o'tadi.



