

Ovoz berish jarayonida Championat.asia xodimlari, Transfermarkt'ning rus tilidagi tahririyati rahbari Georgiy Lekarev hamda taklif etilgan ekspert - futbol sharhlovchisi Otabek Jo'raev ishtirok etdi.
So'rovnoma yakunlariga ko'ra, iyul oyida O'zbekiston chempionatining eng yaxshi murabbiyi deb Mirjalol Qosimov tan olindi. Uning boshchiligida OKMK uchta o'yinda uchta g'alabani qo'lga kiritdi, to'plar farqi esa 9:4 ni tashkil etdi. Ushbu muvaffaqiyat evaziga Olmaliq klubi yozgi tanafsusdan so'ng Superligada uchinchi o'ringa ko'tarilib oldi. Respondentlarning 50 foizi Qosimovga ovoz berdi, ikkinchi o'rinni esa "Dinamo" ustozi Vadim Abramov (33 foiz) egalladi.
Oy yakunlariga ko'ra O'zbekiston Superligasining eng yaxshi futbolchisi 55 foiz ovoz to'plagan "Dinamo" hujumchisi Anvar Hojimirzaev bo'ldi. Uning hisobida iyul oyidagi uchta o'yinda urilgan beshta gol bor. "Neftchi" yarim himoyachisi Jamshid Iskanderov ikkinchi o'rindan joy oldi - u uchta o'yinda "gol+pas" tizimi bo'yicha 2+2 ochko jamg'ardi va 33 foiz ovozga ega bo'ldi.




