

Ispaniyaning “Sport” nashri ma'lumotlariga ko'ra, “Barselona”ning 26 yoshli hujumchisi Ferran Torres PSJga o'tishga uzil-kesil rozilik berdi va klublar o'rtasidagi rasmiy muzokaralar boshlanishiga “yashil chiroq” yoqdi. Hozirda Kataloniya grandi Fransiya chempioni va UEFA Chempionlar Ligasi g'olibidan rasmiy taklif kutmoqda.
Ma'lum qilinishicha, Parij klubi rahbariyati ispan hujumchisi kelasi hafta “Barselona”ning mavsumoldi mashg'ulotlariga qaytguniga qadar transferni yakunlash niyatida.
Takidlash joizki, Ferran Torres o'tgan mavsum “Barselona” tarkibida barcha turnirlarda 45 ta o'yinda maydonga tushib, 20 ta gol urgan. Transfermarkt portali 26 yoshli futbolchini 55 million evroga baholamoqda.



