Ayman Husayn: “O'zbekistondagi mashg'ulot maydoni ham Iroqdagi stadiondan ancha yaxshi”

27 okt 2026, 09:25
“Paxtakor” klubining iroqlik hujumchisi Ayman Husayn Osiyo Chempionlar ligasi Elit turniri 3-turidan o'rin olgan “Al-Quva al-Javiya”ga qarshi uchrashuvdan (0:1) so'ng Bag'doddagi “Al-Madina” xalqaro stadioni maydoni holatini tanqid qildi.

30 yoshli futbolchi Toshkent klubiga o'tganidan buyon ilk bor Iroqda maydonga tushdi. U uchrashuvdan keyin mahalliy OAVga bergan intervyusida stadion maysasining holati sababli o'zini noqulay his qilganini bildirdi.

“Ochig'i, “Al-Madina” xalqaro stadionining holatidan juda uyaldim. Kecha mashg'ulot paytida “Paxtakor” futbolchilari maydon holatini qattiq tanqid qilishdi. Stadion yangi bo'lishiga qaramay, maysaning bunday ahvolda ekanidan afsuslanishdi.

Jamoadoshlarim mendan Iroq terma jamoasi ham shu stadionda o'ynaydimi va nega maydon bunday yomon ahvolda, deb so'rashdi. Men ularga bunday emasligini, maydon holati haftasiga to'rtta o'yin o'tkazilishi sababli yomonlashganini tushuntirdim.

O'zbekistondagi mashg'ulot maydoni ham “Al-Madina” xalqaro stadionidan ancha yaxshi. “Paxtakor” futbolchilariga Iroq terma jamoasi Basra xalqaro stadionida o'ynashini, u yerdagi maysa ideal holatda ekanini aytdim. Ushbu uchrashuv ham o'sha stadionda o'tkazilishini istagandim”, - dedi Husayn.

Shuningdek, hujumchi sobiq jamoasi “Al-Quva al-Javiya” muxlislari uning nomini olqishlab chaqirganiga ham munosabat bildirdi.

“Albatta, “Al-Quva al-Javiya” muxlislarini juda hurmat qilaman. Bu jamoada ajoyib damlarni o'tkazganman. Ammo hozir men professional futbolchiman va “Paxtakor” sharafini himoya qilyapman. Bugun Toshkent klubi safidagi eng yaxshi o'yinlarimdan birini o'tkazdim”, - dedi futbolchi.

Ma'lumot uchun, Ayman Husayn “Paxtakor” safida O'zbekiston chempionatining 10 ta uchrashuvida maydonga tushib, 1 ta gol urdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Shuningdek, u Osiyo Chempionlar ligasi Elit turnirida 3 ta o'yinda ishtirok etdi, biroq hozircha gol ura olmadi.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia