

Ushbu yig'inda bir qator yangi futbolchilar ishtirok etdi. Jumladan, OKMK himoyachisi Avazbek O'lmasaliev ham yig'inda qatnashib, ikki o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi va ikki bor raqib darvozasini ishg'ol qildi.
Futbolchi milliy terma jamoa yig'ini haqida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
"Kannavaro qo'l ostidagi mashg'ulotlar juda zo'r o'tdi, jamoada kayfiyat a'lo edi. Alhamdulillah, yig'inlarni yaxshi o'tkazdik. Milliy terma jamoadan chaqiruv olish har bir futbolchining orzusi. Bu yig'in menga katta motivaciya berdi, chunki u milliy terma jamoadan chaqiruv olish har qanday futbolchida imkoniyat borligini ko'rsatdi.
Yaxshi niyat bilan bordim. Xudo xohlasa, yana chaqiruv olish uchun borimni beraman. Asosiy maqsad - sog'-salomat bo'lib, ota-onam va yaqinlarimni xursand qilish. Imkoniyat berilgan har bir o'yinda o'zimni yaxshi tomondan ko'rsatishga harakat qilaman.
O'rtoqlik uchrashuvlari bo'lishiga qaramay, har bir futbolchi maydonda o'zining nimalarga qodir ekanini ko'rsatishga intildi. O'zbekiston terma jamoasi safida debyut golimni urganimdan juda xursandman. Yaxshi o'yin bo'ldi", - dedi Avazbek O'lmasaliev.



