

- O'yin haqida fikringiz?
- "Neftchi"ga qarshi yaxshi tayyorgarlik ko'rib, jamoani o'rganib chiqqandik. Birinchi bo'limda hammasi yaxshi ketayotgandi, lekin uchta vaziyatni golga aylantira olmadik. Agar gol urganimizda o'yin boshqacha kechardi. Vaziyatlardan foydalanishda qiynalyapmiz. Shunga qaramay, yigitlarga rahmat aytmoqchiman, bugun hamma borini berib o'ynadi. Xatolar bor, o'yinni tahlil qilib chiqamiz va "Buxoro" bilan bo'ladigan navbatdagi bahsga tayyorgarlik ko'ramiz.
- Bugun e'tibor berdikki, uzoq masofaga to'p uzatishlarning aksari noto'g'ri chiqdi. Ko'p jamoalar shunday to'p uzatish bilan hujumni yo'lga qo'yadi. "Qizilqum"da esa buning aksi ko'rindi.
- Savolingizni tushundim. Biz ham uzoq masofaga to'p uzatib hujum tashkil qilishni o'rganganmiz. Biroq Islom Kenjaboev bilan Asror G'ofurovning yo'qligi bilindi. OKMK bilan o'yinda Asror G'ofurovni yo'qotgandik, kecha uchrashuvga bir kun qolganda Kenjaboev jarohat olib qoldi. Buning ham ta’siri bor albatta.
- Birinchi bo'limda jamoangiz chindan ham vaziyatlardan foydalana olmadi. Bunga sabab nima deb o'ylaysiz?
- "Neftchi"dek kuchli raqibga qarshi bitta golli vaziyat ham yaxshi ko'rsatkich deb o'ylayman. Birinchi taymda biz uchta yuz foizli golni ura olmadik. Buni tahlil qilib ko'rib chiqamiz.
- Darvozabonlarni ham o'zgartirish kerakmikin?
- Buni ham tahlil qilamiz. Jamoamizning darvozabonlar murabbiyi bilan maslahatlashib, bu borada ish olib boramiz.
- Bugun Ozodbek Mo'ydinov asosiy jamoada debyut qildi. Adashmasam, ushbu futbolchi sizning shogirdingiz. Uning o'yini haqida nima deya olasiz?
- U-21 jamoamizning barcha o'yinlarini kuzatib kelmoqdamiz. Kim o'zini ko'rsatsa asosiy jamoada imkoniyat berish kerak deb hisoblayman. Shu orqali futbolchilar o'sib boradi.
- Bugun himoyadagi ko'plab xatolarni qanday izohlaysiz?
- Barcha himoyachilarda xatolar bo'ldi. Aytib o'tganimdek, o'yinni tahlil qilsak, xatolar kimdan o'tgani aniq bo'ladi.
- Jamoangiz zich taqvimga tayyormi?
- Tarkibimizda 23 nafar futbolchi bor. Hamma o'zini ko'rsatadigan payt keldi. Buyog'iga rotaciya qilib, futbolchilarni almashtirib o'yinlarni o'tkazamiz.



