

Unda “Metallurg” posboni Suhrob Sultonov “quruq o'yin”lar bo'yicha yetakchilik qilmoqda.
Shu munosabat bilan "Metallurg" matbuot xizmati jamoa darvozabonlar murabbiyi Akmal Ortiqov bilan qisqa intervyu tashkillashtirdi.
- Chempionatning dastlabki 5 ta turi ortda qoldi. Quvonarli jihati shundaki, hozirga kelib aynan "Metallurg" klubi kiperi Suhrob Sultonov "quruq o'yin"lar bo'yicha ligada peshqadamlik qilmoqda. Buni kutganmidingiz?
- Suhrob Sultonov tajribali darvozabon. Jamoaga taklif qilayotganda ham bu jihatga alohida e'tibor qaratganmiz. Biz unga to'liq ishonamiz.
Bevosita "quruq” o'yinlariga kelsak, bu Suhrob va himoya chizig'i vakillarining mehnati samarasi degan bo'lardim. Xudo xohlasa, mavsum davomida "quruq o'yinlar" hali ko'p bo'ladi.
- Chempionat startidagi o'yinlarda jamoa g'alaba qozongan bahslarda ham gol o'tkazib yubordi. Bunga nima sabab bo'ldi deb o'ylaysiz?
- Mavsum starti doim qiyin kechadi. Bu istalgan jamoa va istalgan futbolchi uchun shunday. Tabiiyki, dastlabki o'yinlarda xatolar ham uchrab turadi. Muhimi ularni to'g'rilab, takrorlamaslik. Ishonchim komil, asta-sekin Suhrob ham, jamoa ham o'zining ishonchli o'yinini topib boradi.
- Tajribali Sultonovdan tashqari klub yana ikki posbon - Mohir Komilov va Dilruh Alievni liga ro'yxatidan o'tkazgan. Bu darvozabonlar haqida nima deya olasiz, ularning imkoniyatlariga qanday baho berasiz?
- Darhaqiqat, tarkibimizda yana ikki yosh, umidli darvozabonlar bor. Ularning ikkisi ham o'z vaqtini kutib, mashg'ulotlarda astoydil mehnat qilyapti. Xudo xohlasa, Mohirning ham, Dilruhning ham imkoniyati, vaqti keladi.



