Abubakr Ashurov: "Kechagi penalti va qizil kartochka juda kulgili holat. Proligaga VAR qo'yilsa, yomon bo'lmasdi"

Iskandarov Abdulaziz
28 avg 2026, 14:25
"Kattaqo'rg'on" jamoasi himoyachisi Abubakr Ashurov jamoadagi murabbiylar almashinuvi, "Aral"ga qarshi kechgan bahs, Proligadagi hakamlik muammolari va elitaga chiqish imkoniyatlari haqida fikr bildirdi.

​- Mavsum davomida "Kattaqo'rg'on"da uchinchi murabbiy ish boshladi. Qisqa vaqt ichida ketma-ket o'zgarishlar bo'lishi futbolchilarga noqulaylik tug'dirmadimi?

​- Bir yilda uchta murabbiy almashishi va taktik qayta qurishlar, tabiiyki, muayyan noqulayliklar tug'diradi. Yuriy Utkulbaev ketishi bilan yana avvalgi 4-4-2 sxemamizga qaytdik. Alessandro biz uchun begona emas, u bilan mart oyidan beri birga ishlab kelyapmiz. Eng muhimi, jamoamizda ahil va inoq muhit saqlanib qolgan. Murabbiylar almashinuvi - rahbariyat qarori, biz futbolchi sifatida uni muhokama qila olmaymiz, maydonda o'z ishimizni bajarishimiz kerak.

​- "Aral" bilan o'yin haqida fikrlaringiz qanday?

​- Bahs qanday kechganini muxlislar ko'rishdi. Fursatdan foydalanib, bizni qo'llash uchun 12 soat davomida avtobusda yo'l bosib kelgan muxlislarimizga alohida minnatdorchilik bildiraman. Ular oxirgi daqiqagacha bizni qo'llab-quvvatlashdi. Sun'iy maydon yoki issiq havoni bahona qila olmaymiz. Biroq o'yin boshida sardorimizning jarohat olishi va boshqa sxemada o'yin ko'rsatganimiz ham o'z so'zini aytdi. Hujumni yakunlashda biroz qiynalyapmiz, vaholanki, yaxshiroq o'yin ko'rsatib, 3 ochko bilan qaytishimiz mumkin edi, ammo bu nasib qilmapti.

​- Proligada hakamlik qanday o'tyapti? VAR yo'qligi ta’sir qilyaptimi?

​- Menimcha, Proligaga VAR qo'yilganda yomon bo'lmasdi, chunki bahsli vaziyatlar juda ko'p. Hakamni muhokama qilish biz futbolchilar uchun emas, ammo kechagi penalti va qizil kartochka juda kulgili holat. Taym boshida markazdagi oddiy fol uchun darhol sariq kartochka berilishi futbolchining o'ziga bo'lgan ishonchini yo'qotishiga sabab bo'ladi. Bizga hech narsa bahona bo'lolmaydi, balki birinchi golni biz urganimizda hammasi boshqacha bo'lardi. Bizga yana penalti qo'yishsa ham hayron qolmasdik. Kechagi o'yindagi yangi qoidalar negadir faqat bizning jamoa uchun ishladi, bu juda ajablanarli. Aut va darvozadan to'pni o'yinga kiritishdagi 5 soniyalik vaqt cheklovi faqat bizga tegishlidek tuyuldi. Hammasi Allohdan va bu albatta javobsiz qolmaydi.

​- Superligaga chiqish imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

​- Hali o'yinlar oldinda, hech narsa yo'qotilgani yo'q deb o'ylayman. Har bir ochko oltinga teng. Hozirgacha jamoalar o'rtasidagi farq katta emas - birgina g'alaba bilan 2-o'ringa chiqish, bir mag'lubiyat bilan 5-o'ringa tushib qolish hech gap emas. Maqsadimiz - Superliga, Xudo xohlasa, buni kanday qilib bo'lmasin uddalashga bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Superligaga chiqishimiz uchun bizda hamma sharoit bor, hammasi o'z qo'limizda. Muxlislarimizga rahmat va ulardan bizni yanada ko'proq qo'llab-kuvvatlab, ishonishlarini so'raymiz.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif