2025/26 yilgi mavsumda "Barsa"ning zarari 18 mln evroni tashkil etdi. Klub 1,06 mlrd evrolik rekord daromadga ega bo'ldi

Aslanov Jasurbek
8 sen 2026, 01:38
Avvalroq Kataloniya klubi 2025/26 yilgi mavsumda rekord darajadagi daromad - bir milliard evrodan ortiq mablag' to'g'risida e'lon qilgan edi.

As xabariga ko'ra, "ko'k-anorranglilar" ketma-ket uchinchi yil zarar qayd etmoqda. 1,06 mlrd evrolik tushumga qaramay, klub 18 million evro zararga kirdi. Kelayotgan shanba kuni, 19 sentyabrda, klub a'zolari umumiy yig'ilishda moliyaviy hisobotni tasdiqlashlari kerak bo'ladi.

"Barsa" o'tgan yildagidek, zararlar bartaraf etilganini takidlamoqda, chunki muntazam daromadlar foydani ko'rsatmoqda, ammo favqulodda xarajat moddalari moliyaviy ko'rsatkichlarni pasaytirishda davom etmoqda.

Asosiy muammo Barça Productions (klub bilan bog'liq barcha audiovizual, raqamli va ko'ngilochar kontentni yaratish, tarqatish va tijoratlashtirish uchun to'liq javobgar bo'lgan sho'ba mediakompaniyasi) qiymatini pasaytirish zarurligidadir. Yakunlangan moliyaviy yilda uning qiymatini 23 million evroga kamaytirishga to'g'ri keldi, natijada umumiy qiymat 116 mln evroni tashkil etdi.

2023/24 yilgi mavsum uchun moliyaviy hisobotda auditor klubdan o'sha paytda Barça Vision deb atalgan mediakompaniya investorlari oldidagi qarzdorlikni uzish uchun 141 mln evro miqdorida zahira yaratishni talab qilgan edi. O'shanda "Barsa" ushbu aktivni 408 mln evroga baholagan edi. Keyingi mavsumda kataloniyaliklar o'z ulushlari sababli Barça Productions qiymatini yanada kamaytirishdi - 90 mln evroga va umumiy qiymatni 178 mln evroga etkazishdi. Hozirda "Barselona"ning kompaniyadagi ulushi 63 foizni tashkil etadi. Ushbu muammoning echimi yoki Barça Productions qiymatini oshirish, yoki yangi investorlarni jalb qilish bo'lishi mumkin, ammo buning ehtimoli kam. Ungacha "Barselona" aktiv qiymatini bosqichma-bosqich pasaytirishga majbur bo'ladi.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: As