19 yoshli hujumchi, jarimadan gol urgan tayanch yarim himoyachisi, 34 yoshli murabbiy. Proligada 15-turning eng yaxshilari aniqlandi

Sherzod Nurmatov
17 avg 2026, 13:45
14-15 avgust kunlari O'zbekiston Proligasida 15-turdan o'rin olgan 7 ta o'yin bo'lib o'tdi.

Championat.asia sayti turning eng yaxshilarini aniqladi.

Tur murabbiyi - Bobur Abdurahmonov ("Paxtakor farm")

“Paxtakor farm” bu turda “Lochin” bilan o'ynadi va 2:1 hisobida g'alaba qozondi. Mazkur g'alabada toshkentliklar yosh ustozi Bobur Abdurahmonovning o'rni beqiyos. U o'yin uchun to'g'ri taklika tanlagani va yosh “sherlar”ni o'yinga puxta hozirlagani bahs mobaynida yaqqol bilinib turdi. "Paxtakor farm” uning ko'rsatmalarini to'kis ado etgani evaziga jamoa mavsumdagi ikkinchi g'alabasini tantana qildi. Shunday qilib, 34 yoshli mutaxassis tur murabbiyi nomiga loyiq deb topildi.

Pro liga eng yaxshi murabbiy kopiya (11).jpg

Tur futbolchisi - Akbarxon Ibrohimxonov ("Yaypan")

“Yaypan” bu turda “TerDU” mehmoni bo'lib, 2:1 hisobida g'alabaga erishdi. Mazkur g'alabada Akbarxon Ibrohimxonovning say-harakatlari muhim o'rin tutdi. Boisi, 19 yoshli hujumchi 15-daqiqada gol urdi, 42-daqiqada esa jamoasi foydasiga penalti ishladi. Shu tariqa, Ibrohimxonov 15-turning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

Pro liga eng yaxshi futbolchi kopiya (10).jpg

Tur darvozaboni - Asqarjon Qudratov (“Olimpik-MobiUz”)

“Olimpik-MobiUz” ortda qolgan turda “G'azalkent” bilan to'qnash kelib, 1:0 hisobida zafar quchdi. Bahs mobaynida Asqarjon Qudratov bir qator vaziyatlarda jamoasini muqarrar gollardan asradi va uchrashuvda darvozasini “quruq” saqladi. Shu tariqa, 21 yoshli posbon tur darvozaboni nomiga loyiq ko'rildi.

Pro liga eng yaxshi darvozabon kopiya (10).jpg

Tur goli - Nurmuhammad Namozov (“TerDU”)

Yuqorida takidlanganidek, “TerDU” bu turda “Yaypan” bilan bahs yuritib, 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Shunga qaramay, tur goli aynan termizliklar yarim himoyachisi tomonidan urildi. Nurmuhammad Namozovning 45+2-daqiqada jarimadan yo'llagan zarbasidan so'ng to'p darvoza to'ridan joy oldi, darvozabon bu zarba oldida ojiz qoldi. Quyida mazkur golni tomosha qilishingiz mumkin.

Pro liga eng Tur goli kopiya (11).jpg

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Championat.asia