Janubiy Koreya bosh murabbiyi Robert Moreno: "O'zbekiston nima xohlashini aniq bilardi va ular ongli futbol o'ynashdi"

Administrator
6 okt 2026, 20:49
O'zbekiston qarshi o'tkazilgan o'rtoqlik o'yinidan so'ng (2:0) Koreya Respublikasi bosh murabbiyi Robert Moreno matbuot anjumanida ishtirok etib, savollarga javob qaytardi.

- O'yindan taassurotlaringiz qanday?

- Bu oson bo'lmagan o'yin bo'ldi. O'zbekiston yaxshi tashkil etilgan jamoa edi. Ular nimani xohlashlarini aniq bilishardi va ongli futbol o'ynashdi.

Shunga qaramay, to'rtta o'yin davomida futbolchilarga singdirishni istagan o'yin uslubimizni ma'lum darajada shakllantira oldik. Hujumda ham, himoyada ham birgalikda harakat qiladigan va qiyin vaziyatlarni jamoaviy tarzda enga oladigan jamoa bo'lishimiz kerak.

Darvozabondan tortib hujumchigacha barchamiz birgalikda kurashdik. Jamoaviy maqsad va natijalarni individual manfaatlardan ustun qo'yish muhim. Bu borada hammasi ko'ngildagidek chiqdi.

G'alaba qozonib, muxlislarimizga quvonch ulasha olganimizdan xursandman. Endi keyingi yig'inga munosib futbolchilarni jalb qilish uchun o'yinlarni batafsil tahlil qilishimiz lozim.

- To'rtta o'yindan keyin jamoaning rivojlanishini qanday baholaysiz? Qolgan ikki uchrashuvda nimalarga e'tibor qaratasiz? Sizga olti o'yin uchun imkoniyat berilganini hisobga olsak, “olti qavatli bino”ning “to'rtinchi qavatini” qurib bo'ldingiz, qolgan ikkisi qanday bo'ladi?

- Koreyada olti qavatli bino past hisoblanadi. Biz undan ham balandroq bino qurmoqchimiz. Bitta g'alabadan keyin bir qavat qo'shib, mag'lubiyatdan so'ng uni buzib tashlamasligimiz kerak.

Eng muhimi - terma jamoaning falsafasini aniq belgilash. Biz o'z principlarimizni belgilab oldik. Futbolchilar ham buni tushunishga harakat qilishmoqda.

Oxir-oqibat maqsadimiz - g'alabali futbol namoyish etish. Futbolchilar hech bir o'yinchi jamoadan ustun emasligini tushunishlari zarur. Shaxsiy yutuq va maqsadlardan ko'ra jamoaviy taraqqiyotni ustun qo'yish muhim.

Keyingi yig'inda men uchun futbolchilarning ayni paytdagi sport formasi muhim bo'ladi. Qaysi klubda o'ynashi yoki ismi qanday ekanining ahamiyati yo'q. Muhimi - hozirgi holati va maydonda nimalar ko'rsata olishi.

- Yaqinda Osiyo o'yinlarida oltin medalni qo'lga kiritgan jamoa tarkibidan terma jamoaga chaqirishni rejalashtirayotgan futbolchilaringiz bormi?

- Ajoyib o'yin ko'rsatgan futbolchilar ko'p bo'ldi. Hali chuqur tahlil o'tkazganim yo'q, ammo bundan keyin ularni kuzatishda davom etaman. Imkon bo'lsa, o'yinlarini shaxsan borib tomosha qilmoqchiman.

Futbolchilar terma jamoa eshiklari doimo ochiq ekanini bilishlari kerak. Agar yaxshi o'yin ko'rsatishsa, ularni istalgan vaqtda chaqirish mumkin.

Ularni Osiyo o'yinlaridagi g'alaba bilan tabriklayman. Finalda, maydon holati yaxshi bo'lmaganiga qaramay, Yaponiyaga qarshi bunday natijaga erishish juda muhim va tahsinga sazovordir.

- To'rtta o'yinda 4-4-2 sxemasidan foydalandingiz. Kelajakda ham shu taktikaga amal qilasizmi yoki futbolchilarning xususiyatlariga qarab o'zgarishlar kiritasizmi?

- Biz boshidanoq bunga erishishga harakat qildik. Koreyalik futbolchilarni tahlil qilganimda, ularning ko'pchiligi universal ekanini ko'rdim. Shunga mos tizim qurishga harakat qilyapman.

Albatta, raqibga moslashish imkoniyati ham bo'ladi. Bugungi o'yinda hujumni to'rt himoyachi bilan boshladik, ammo raqibning o'yin uslubidan kelib chiqib uch himoyachiga o'tdik. Oldingi uchta o'yinda ham shunday bo'lgan edi.

Har bir uchrashuvda turli vaziyatlar yuzaga keladi. Muhimi - ularga moslasha olish.

Bugun Li Kan In tanaffusdan so'ng noqulaylik his qildi va o'zi almashtirishlarini so'radi. Bu bizning rejamizda yo'q edi. Bunday holatlarga ham moslashishimiz lozim.

- Li Kan In klubida terma jamoadagidan boshqacharoq ko'rinadi. To'rtta o'yin yakuniga ko'ra uning harakatlarini qanday baholaysiz?

- Shubhasiz, u terma jamoani jon-dilidan sevadigan futbolchi. Bugun u juda ko'p mehnat qildi.

U to'pig'idan jarohat oldi va maydonni tark etishga majbur bo'ldi. Birinchi bo'limdan so'ng uning o'zi almashtirishlarini so'radi.

Uning Ispaniyaning yuqori darajadagi jamoasida muvaffaqiyatli to'p surayotganidan faxrlanaman. Ammo bu oson emas. Bunday iqtidorli futbolchilardan ko'p narsa kutiladi va bu talablarni oqlash oson kechmaydi.

Li Kan In yaxshi o'ynamoqda va kelajakda ham yaxshi o'ynaydi. Agar o'z vazifasini shu tarzda bajarishda davom etsa, muxlislar va terma jamoa undan kutayotgan darajaga to'liq erisha oladi.

O'xshash yangiliklar


AdministratorMuallif
Manba: www.starnewskorea.com