

Ulsan stadionida bo'lib o'tgan mazkur bahsda koreyaliklar hujumda o'yin uslubini topishga qiynaldi va asosan darvozabon Son Bom Ginning ishonchli harakatlari evaziga nursiz durangni saqlab qoldi. Qayd etish joizki, Moreno qo'l ostidagi dastlabki uchta o'yinda Janubiy Koreya Ekvadorni 3:0 hisobida mag'lub etib, Urugvayga 1:4 hisobida imkoniyatni boy bergan edi va ushbu durang orqali yangi murabbiyning natijalari bir g'alaba, bir durang hamda bir mag'lubiyatni tashkil qilmoqda.
Uchrashuv davomida maydon egalari 4-4-2 taktik sxemasida harakat qilib, Son Xyon Min va O Xyon Gyu kabi yetakchilarini oldingi chiziqqa tushirdi. Biroq jamoaning dastlabki xavfli zarbasi faqatgina birinchi bo'limning 45-daqiqasiga kelib berildi. Ikkinchi bo'limda ham mehmonlar bir necha bor xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirdi, hattoki Venesuela tomonidan urilgan bir gol ofsayd sababli bekor qilindi. Janubiy Koreya esa o'yin oxiriga qadar birorta ham gol ura olmadi va bahs nursiz durang bilan yakun topdi.
O'yindan so'ng Janubiy Koreya terma jamoasi va "Bavariya" himoyachisi Kim Min Je jamoadoshlarining harakatlaridan qattiq noroziligini bildirib, keskin fikrlar bildirdi. Uning takidlashicha, muammo faqat himoya chizig'ida emas, balki maydonda hammaning birdek kurashmayotganidadir.
"Himoyachilarga qarasam, ularga rahmim kelyapti, chunki o'yinda hamma birdek jang qilayotgani yo'q. Agar jarayon shunday davom etadigan bo'lsa, hatto 7:0 yoki 9:0 hisobidagi g'alaba ham menga quvonch bag'ishlamaydi", deya ta'kidladi futbolchi. Shuningdek, Kim Min Je alohida individual harakatlardan ko'ra jamoaviy jipslik muhimroq ekanini, faqat shundagina terma jamoaning darajasi o'sishini qo'shimcha qilib, barchani maydonda birdek mehnat qilishga chaqirdi.
Eslatib o'tamiz, Janubiy Koreya navbatdagi o'rtoqlik o'yinini O'zbekistonga qarshi o'tkazadi.



