

Ulsan stadionida bo'lib o'tgan mazkur bahs Moreno boshqaruvidagi uchinchi o'yin bo'ldi. Bunga qadar koreyaliklar Ekvadorni 3:0 hisobida mag'lub etib, Urugvayga 1:4 hisobida imkoniyatni boy bergan edi.
Matbuot anjumanida ispaniyalik mutaxassis o'yinning qiyin kechganini ta'kidlab, jamoaga yangicha o'yin uslubini singdirish oson kechmayotganini tan oldi. "Muxlislarga g'alaba hadya etmoqchi edik, ammo buning uddasidan chiqa olmadik. Urugvayga qarshi o'yinga nisbatan himoyamiz ancha kuchaydi, biroq hujumda bunday deb bo'lmaydi", – dedi murabbiy. Uning so'zlariga ko'ra, Venesuela birinchi bo'limda 6 nafar hujumkor va 4 nafar himoyachidan iborat g'alati taktikadan foydalangan va bunga faqatgina tanaffus paytida moslashishga muvaffaq bo'lingan.
Murabbiy Son Xyon Min va Li Kan In kabi yetakchilarning o'yindagi harakatsizligi haqidagi tanqidlarga qo'shilmasligini, Son o'z vazifasini yaxshi bajarganini aytib o'tdi. Shuningdek, u himoyachi Kim Min Jening "himoyachilarga rahmim kelyapti" degan keskin fikrlariga ham to'xtalib o'tdi. "U jamoamizning ramziga aylangan futbolchilardan biri. Maydonda yetakchilik qiladi, kurashadi va barchaga ruh bag'ishlaydi. Shuning uchun ham u durangdan qoniqish hosil qilmayapti. Ammo o'yin tugashi bilan futbolchilarni darhol baholash shoshma-shosharlik bo'lardi", – deya ta'kidladi Moreno.
Robert Moreno jamoaning yangi tizimga moslashishi uchun ko'proq vaqt kerakligini, hozirgacha bor-yo'g'i 6 ta mashg'ulot o'tkazilganini eslatib o'tdi. "Muxlislarning tanqidlariga qo'shilaman, biroq men hozir bino quryapman, uni qavatma-qavat tiklayapmiz. Bitta o'yinning natijasi yomon bo'ldi deb, butun binoni buzib tashlamaslik kerak. Qayta qurish juda qiyin ish. Eng muhimi – nazorat qilish mumkin bo'lgan jihatlar ustida ishlab, faqat oldinga harakat qilishdir", – deya xulosa qildi bosh murabbiy.
Eslatib o'tamiz, Janubiy Koreya navbatdagi o'rtoqlik o'yinini O'zbekistonga qarshi o'tkazadi.



