Hayvonlarni himoya qilish tashkiloti "Kristal Pelas"ni burgutdan ramz sifatida foydalanmaslikka chaqirdi

Aslanov Jasurbek
21 okt 2026, 14:10
Hayvonlarni himoya qilish tashkiloti "Pelas"ni oqbosh burgutdan ramz sifatida foydalanishni to'xtatishga chaqirdi.

Hayvonlar huquqlarini himoya qilish bo'yicha dunyodagi eng yirik nodavlat tashkilot PETA ("Hayvonlar bilan etik munosabatda bo'lish tarafdorlari") "Pelas" ijrochi direktori Sheron Leysi nomiga rasmiy xat yubordi.

Xatda London klubidan Feniks laqabli burgutning "Selxerst Park" stadionidagi tadbirlarda ishtirok etishini to'xtatish va bundan buyon tirik hayvonlardan ramz sifatida foydalanmaslik majburiyatini olish so'ralgan.

"Kristal Pelas" 1973 yilda - jamoaning laqabi "Oynasozlar"dan "Burgutlar"ga o'zgartirilganidan beri ushbu qushlar bilan ramziy manoda bog'lanib keladi. 2010 yilda klub yangi ananani joriy etgan edi: uy o'yinlari oldidan maydonda Kayla laqabli burgut paydo bo'lardi. U klubga o'n yil xizmat qildi va 2020 yilda vafot etdi. Uning o'rnini egallagan Feniks laqabli burgut esa 2024 yilning avgust oyida "Vest Xem"ga qarshi o'yin oldidan debyut qildi. Feniks Kent grafligidagi Eagle Heights Wildlife Foundation yovvoyi tabiat fondida saqlanadi va u har bir o'yinda ham ishtirok etmaydi. Joriy mavsumda klub Kayla mashhur bo'lgan ritualni - o'yin boshlanishi oldidan maydon bo'ylab ilk parvozni bekor qildi.

PETA o'z xatida yorqin chiroqlar, baland shovqin va gavjum muxlislar olomoni stadionlarni "hayvonlar uchun nobop joy"ga aylantirishini hamda bu hayvonlarning o'ziga ham, tomoshabinlarga ham xavf tug'dirishini ta'kidladi. Hujjatda burgutlarning devorlarga yoki oynalarga urilgani, lochinlardan biri esa muxlisning boshiga qo'nib, egasining bosh terisiga changalini botirgani kabi holatlar keltirilgan. PETA shuningdek, 2015 yilda Kayla bilan yuz bergan incidentni eslatib o'tdi: Angliya liga kubogi doirasidagi tribunalarda tartibsizliklar yuz bergan o'yinda "Charlton" muxlislaridan biri qushga zarba berishga uringan va keyinchalik aybdor deb topilgan edi.

Shuningdek, PETA xatida burgutlarning tabiiy xatti-harakatlari xususiyatlari sababli stadion muhiti ular uchun yaroqsiz ekani qayd etilgan. Tabiat qo'ynida bu qushlar juda olis masofalarni uchib o'tadi va odatda odamlar bilan yaqin muloqotdan qochadi. Tashkilot bayonotiga ko'ra, hatto tutqunlikda o'stirilgan qushlar ham o'z tabiiy instinktlarini saqlab qoladi va tabiat tomonidan berilgan imkoniyatlarni amalga oshira olmasa, stress hamda tushkunlikka tushishi mumkin.

"Oqbosh burgutlar erkinlik ramzi sifatida ezozlanadi, biroq Feniksdan aslida shunchaki futbol muxlislarini ko'ngilochar qilish uchun rekvizit sifatida foydalanilmoqda. "Kristal Pelas"da tomoshabinlarni junbushga keltiradigan odam-ramz mavjud, shu sababli yovvoyi hayvonni shovqinli va to'polonchi stadionga sudrab kelishga hech qanday hojat yo'q. PETA klubni Feniksga qanot yozishiga imkon berishga va uni o'yinlar bilan bog'liq majburiyatlardan abadiy ozod qilishga chaqiradi", - dedi PETA'ning korporativ loyihalar bo'yicha katta menejeri Keris Bennett.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: The Guardian