Eldor Moyliev: "Superligaga pley-off orqali chiqish? Hammasi o'z qo'limizda"

Aslanov Jasurbek
18 okt 2026, 23:57
Proliga 23-turdan o'rin olgan "Kattaqo'rg'on" – "Lochin" uchrashuvidan so'ng "Lochin" bosh murabbiyi Eldor Moyliev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Uchrashuv muxlislarbop o'tdi. Birinchi bo'limni yaxshi boshladik, ikkinchi taymda kutilmagan penalti belgilandi. Agar shunday yiqilishga penalti berilsa unda bilmadim, hamma hujumchi kelib himoyachiga urilaveradi. Futbolchilarimizga rahmat, oxirigacha o'yin namoyish etdik. Faqat shu 11 metrlik tushunarsiz bo'ldi. Keyin bir vaziyatda to'pni to'xtatib keyin teginish kerak, lekin hakamlar bunga ham e'tibor qaratmadi. Balki qoidalar yana o'zgarib ketgandir.

- Har mavsum boshida o'yin qoidalari bo'yicha seminar o'tkaziladi va jamoalarga tushuntirish beriladi. Siz nazarda tutgan vaziyatni izohlab bersangiz.
- Darvozabon to'pni oyoqda o'yinga kiritayotgan mahal to'p bir joyda turishi kerak, yumalab ketayotgan bo'lishi kerak emas. Keyin himoyachi qo'liga ushladi va penalti berildi. Agar Proligada VAR bo'lganida yaxshi bo'lardi. Lekin chempionat saviyasi ancha kuchaygan, o'yinlar qiziqarli bo'lyapti.

- "Lochin" sekin-asta professionalik sari intilayotgani ko'rinib turibdi. Bunga qanday erishilyapti?
- Rahbariyat bizga hamma imkoniyatni yaratib bergan. Qishki va yozgi yig'inlarimiz yaxshi kechdi. Albatta, sharoit bo'lsa e'tibor ham yuqori bo'ladi. Birinchi davradan keyin 7-8 o'yinchimiz boshqa jamoalarga ketishdi. Ikkinchi davrada biroz jipslashish qiyin bo'ldi va ochkolarni yo'qotdik. Lekin hozirgi paytga kelib o'zimizga kelib oldik deb o'ylayman. Ko'p narsa mashg'ulot jarayoniga ham bog'liq. Ustozimiz bor: Islom Ahmedov, ularning maslahatlari bilan mashg'ulotlarni olib boryapmiz.

- "Aral" Superligaga chiqib bo'ldi. Buyog'iga endi pley-off uchun kurash kechadi. "Lochin"ning imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Hammasi o'ziizga bog'liq. Uyda "Metallurg" bilan "FarDU"ni qabul qilamiz, agar shu o'yinlarni yaxshi o'tkazib olsak imkoniyatimiz yanayam yaxshi bo'ladi.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia