Bobur Abdurahmonov: "Ikkinchi davrada istalgan jamoaga jang taklif qilyapmiz"

8 okt 2026, 20:58
Proliganing 21-turi doirasidagi "G'azalkent" - "Paxtakor-Farm" uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Bobur Abdurahmonov o'z fikrlarini bildirdi.

- O'yin qiziqarli, muxlislarbop va gollarga boy bo'ldi. Jamoamning o'yini menga yoqdi, ular borini berib o'ynashdi. Har kun mashg'ulotlarda ishlangan ishlanmalarni bajarishga harakat qildik. Faqatgina natija biroz yomon bo'lib qoldi. Qolgan barchasi yaxshi. Yigitlarimning o'yinidan qoniqdim.

- Darvozabonlar xato qildi, demayman, lekin ularning bo'yi pastligini kamchilik sifatida ko'raman. Sizda bo'yi uzun darvozabon bormi?

- Gapingiz to'g'ri. Ikkinchi golda darvozabon chiqishda xatolikka yo'l qo'ydi. Bo'yi uzun darvozabonlarimiz bor edi. Kimlarnidir yoshlar jamoasiga, boshqalarini ijara asosida boshqa jamoalarga berganmiz. Shu sababli ayni damda asosiy darvozabonimiz shu.

- Ketma-ket to'rtta mag'lubiyatdan keyin "Aral"ga qarshi o'yin bo'ladi. Bu o'yinga jamoani qanday tayyorlaysiz?

- Bu o'yin o'tdi. Yigitlarni keyingi o'yinga tayyorlaymiz. Bolalar hali yosh, barchasi oldinda. "Aral" o'z oldiga vazifa qo'ygan yaxshi jamoa. Nima bo'lgan taqdirda ham biz o'z o'yinimizni ko'rsatishga harakat qilamiz. Biz asosiy jamoaga futbolchi etkazib berishimiz kerak.

- Shunga yarasha jamoa ushbu mavsumda tajriba oldi deb o'ylaysizmi?

- Albatta. Yigitlar bu yil juda katta tajriba olishdi. Chunki ularning o'sayotganini sezyapmiz. Birinchi davrada futbolchilarning jismoniy va taktik tomondan kuchi etmayotgandi. Ikkinchi davrada esa istalgan jamoaga jang taklif qilyapmiz. Yakkakurashlarda yutqazmayapmiz. Bu bolalar anchagina pishdi, tajriba orttirdi.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia