U-21 oldidagi to'rtta yo'l
16 dek 18:23
Yangiliklar
U-21 oldidagi to'rtta yo'l
U-21 chempionati juda muhim musobaqa. CHunki aynan shu musobaqa orqali futbolchi pishib etilib katta futbolga qadam qo'yadi. Aytaylik, U-19 chempionatidagi o'yinlar orqali ko'plab futbolchilar yoshlar jamoasiga o'tsa, U-21dagi o'yin futbolchining asosiy tarkibga o'tishiga sabab bo'ladi.
Avvallari ushbu musobaqani o'rinbosarlar chempionati derdik, keyinchalik Yoshlar ligasiga o'zgardi va hozirda U-21 chempionati deb nomlanmoqda. Ikki haftacha oldin U-21 chempionati yana avvalgi holatiga qaytar ekan, yani asosiy jamoadan bir kun oldin o'ynar ekan kabi gaplar chiqdi. SHamol qaysi tomondan esgani nomalum, ammo esgani bor gap.
U-21 musobaqasini Superliga asosiy jamoasidan bir kun oldin yoki bir kun keyin o'tkazish nima beradi? Umuman bu formatning afzalliklari nimada? Yana qanday yo'l borki musobaqani yanada chiroyli o'tkazsa bo'ladi? Quyida shu savollarga javob berib o'tamiz. Buning uchun U-21 oldida turgan 4ta yo'lni ko'rib chiqamiz.
Avvalo bitta savolga javob olish kerak, yani U-21 musobaqasi aslida kimga kerak? Birinchi navbatda klublarga va jamoa bosh murabbiylariga. CHunki U-21 chempionatini o'tkazishdan maqsad asosiy jamoaga futbolchi tayyorlab berish. Futbolchilar shu musobaqa orqali asosiy jamoa sari qadam tashlashlari kerak bo'ladi. Marhamat, U-21 da o'zingni ko'rsat va asosiy jamoaga o't.
Birinchi yo'l. U-21 chempionatini asosiy jamoadan bir kun oldin o'tkazish
Yuqori aytib o'tganimiz 4ta yo'lga to'xtalamiz. Birinchi yo'l U-21 chempionatini asosiy jamoadan bir kun oldin o'tkazish. Avvallari shunday edi. Yani, Superliga o'yinidan bir kun oldin U-21 musobaqasi o'tkazilar va ertasi kun asosiy jamoa o'ynardi. Buning plyus va minus tomonlarini ko'rib chiqamiz.
Plyus tomoni: Agar U-21 chempionati asosiy jamoadan bir kun oldin o'tkazilsa, yaxshi o'ynagan va o'zini ko'rsatgan futbolchi ertasi kun asosiy tarkib qaydnomasidan o'rin olish imkoniga ega bo'ladi. Balki shu futbolchini vaziyatga qarab asosiy jamoa bosh murabbiyi 10-15 daqiqaga maydonga tushirishi mumkin. Natijada futbolchi ham katta jamoada o'yin amaliyotiga ega bo'ladi, ham g'alaba qozonsa mukofot puli ishlaydi. Yana bir plyus tomoni shuki, U-21 safarda o'ynasa, asosiy jamoa bosh murabbiyi hech bo'lsa bir taym o'yinni ko'rib, keyin mashg'ulotga yo'l oladi.
Minus tomoni: Odatda U-21 chempionatining o'yin vaqti asosiy jamoaning o'yindan bir kun oldingi mashg'uloti bilan bir paytga to'g'ri kelib qoladi va asosiy jamoa bosh murabbiyi U-21 o'yinini ko'ra olmaydi. CHunki murabbiyning o'y-xayoli faqat ertangi bahsga qaratilgan bo'ladi. Bundan tashqari, murabbiylar ko'z ostiga olib qo'ygan futbolchi jarohat olib qolmasligi uchun U-21 o'yiniga yubormaydi. U-21 chempionati bir kun oldin o'tkazilsa, futbolchi ham U-21ga bormasligi, ham ertasi kun Superligada o'ynamasligi ham mumkin. Natijada o'yin amaliyotisiz qoladi.
Ikkinchi yo'l. U-21 chempionatini asosiy jamoadan bir kun keyin o'tkazish
O'z paytida Timur Kapadzening taklifi bilan shu yo'lga o'tilgandi. CHunki o'sha payt Kapadze uchun asosiy jamoa va U-21 degan gap yo'q edi. "Olimpik"da aytaylik 25-30 nafar futbolchi shug'ullanar, kim asosiy jamoa bilan Superligada o'ynamasa, ertasi kun U-21da o'ynardi. Mana bu yil ham U-21 chempionati asosiy jamoa o'yinidan bir kun keyin o'tkazildi. Buning ham plyus va minus tomonlari bor.
Plyus tomoni: U-21 yoshiga mos futbolchilar agar asosiy jamoada o'ynamasa, ertasi kun o'rinbosarlar safida harakat qilish imkoniga ega bo'ladi. Yani futbolchi bu o'rinda amaliyotsiz qolib ketmaydi. PFL talabiga ko'ra, U-21 musobaqasi ham yaxshi maydonlarda o'tkazilishi kerak. Agar jamoa yaxshi maydon topa olmasa, unda U-21 o'yinini asosiy jamoa o'ynagan stadionda o'tkazishiga to'g'ri keladi. Yaxshi maydon, reklama to'siqlari bilan o'ralgan stadion, tablo ishlab turibdi, xullas hammasi joyida. Bu ham uchrashuv yaxshi o'tishini taminlab beradi.
Minus tomoni: Bu eng avvalo jamoaning safar o'yinlarida ko'zga tashlanadi. Uy o'yinlarida ataylik, asosiy jamoa bosh murabbiyi Superliga tur uchrashuvidan so'ng ertasi kun stadionga kelib U-21 o'yinini ko'rishi mumkin. Lekin safarda bunday bo'lmayapti.
CHunki deyarli barcha jamoalar safardagi o'yinni o'tkazib bo'lganidan keyin butun jamoa ortga qaytadi va ertasi kun U-21 o'zi kelib o'ynab ketadi. Yani bosh murabbiylar U-21 o'yinini ko'rish uchun deyarli qolmaydi. U-21 uyda o'ynasa, murabbiylarga maqul, lekin safardagi o'yinlar faqat videoyozuv orqali ko'riladi.
Uchinchi yo'l. U-21 chempionatini alohida taqvim ko'rinishida o'tkazish
Kelasi mavsum Superligada 16ta klub ishtirok etadi. Bu esa 16ta U-21 jamoasi bo'ladi degani. Aytaylik, U-21 chempionatini asosiy jamoadan bir kun oldin ham, bir kun keyin ham emas, balki butunlay boshqa tartibda o'tkazish nima beradi? Bunda jamoalar ikki davrali 30ta turni o'tkazadi, lekin umuman asosiy jamoaga aloqasi bo'lmagan kunlarda o'ynaydi.
Plyus tomoni: U-21 jamoasining taqdiri asosiy jamoaga bog'liq bo'lmaydi. Masalan, shu yil aprelda klublar faqat Kubok o'yinlari o'tkazdi. Tabiiyki bir oy U-21 jamoalari maydonga tushmadi. Aprelda, futbol o'ynaydigan paytda jamoalar faqat mashg'ulot olib bordi. O'tkazilgan o'rtoqlik o'yinlari baribir rasmiy uchrashuv mazasini bermaydi. SHu bois U-21 chempionatini alohida taqvim asosida o'tkazish musobaqa yanada zo'r o'tishini taminlashi mumkin. Eng muhimi, jamoalar asosiy jamoaga bog'lanib qolmaydi. Ular o'z taqvimi bo'yicha o'yinlarni o'tkazadi.
Minus tomoni: Superligaga umuman aloqasi bo'lmagan taqvim tuzildi ham deylik. Lekin barcha o'yinlarni boshqarish uchun hakamlar etarlimi, taqvim boshqa o'yinlarga to'g'ri kelib qolmaydimi, masalan ayollar chempionati yoki U-19 musobaqasiga? Aytaylik, ikkita o'yin bir kunga tushib qolsa nima bo'ladi? PFL barcha uchrashuvlarga komissar etkazib bera oladimi? SHu kabi savollar borki, alohida taqvim qilishdan oldin masalaning har bir jihatini o'ylab ko'rish lozim bo'ladi.
To'rtinchi yo'l. Superliga va Proliga klublarini qo'shgan holda U-21 chempionatini o'tkazish
Bu ham zo'r aslida. Lekin bunga hamma tayyormi degan savol yuzaga keladi. Aytaylik, Superliga klubida U-21 jamoasi bo'lishi shart, ammo Proliga klublariga bunday talab qo'yilmagan. Proliga jamoasi qachonki Superligaga chiqsa U-21 haqida bosh qotiradi. Masalan, hozir "Mashal", "Buxoro", "SHo'rtan" va "Qo'qon-1912" bilan shunday bo'lyapti. Bu klublar endi U-21 jamoasini tuzishlari kerak. Taxminan 20-25 nafar futbolchi topish kerak bo'ladi, murabbiylar tayinlanadi, alohida mamur va shifokor ishlaydi. Qo'shimcha shtatlar ochiladi.
Aslida Proliga klublarida ham tayyor U-21 jamoalari bo'lgani yaxshi, ammo bunga hammaning ham imkoniyati ko'tarmaydi. Ko'p jamoalar uchun asosiy tarkibning o'zi etarli. Faqat talabga bo'ysungan holda U-19 jamoasi tashkil qilingan. CHunki U-19 jamoasining xarajati nisbatan kamroq. U-21 jamoasi esa ko'proq xarajat va etibor talab etadi. SHu bois tarozining ikki pallasiga qaragan maqul. Agar Proliganing barcha klubi U-21 musobaqasiga o'z roziligini bildirsa va Superliga bilan Proliga klublarining U-21 jamoalari xuddi bu yilgi U-19 musobaqasiga o'xshab o'tkazilsa juda zo'r chempionat guvohi bo'lamiz.
Plyus tomoni: Proliga klubi faqat Superligaga chiqsagina U-21 tuzish haqida bosh qotirmaydi. Har doim har bir klubning o'z U-21 jamoasi bo'ladi. Superligada 16ta, Proligada 8ta klub qatnashishini hisobga olsak, O'zbekiston bo'ylab 24ta U-21 jamoasi birlashgan musobaqada ishtirok etadi. Bunda jamoalarni 12tadan ikkita mintaqaga bo'lish mumkin. Masalan, bu yilgi U-19 musobaqasi zo'r o'tdi. Azart borasida bazi o'yinlar Superligadan qolishmadi. Buni murabbiylar ham bot-bot takidladi. Ikki davrali o'yinlar bo'lib o'tganidan so'ng eng kuchli 8ta jamoa g'oliblik uchun markazlashgan tartibda kuch sinashadi va natijada final g'olibiga Kubok va medallar topshiriladi.
Minus tomoni: Proliga klublarining bunga to'liq tayyor emasligi. Vaziyatdan kelib chiqqan holda PFL talabni ikki xil qo'yyapti. Bu avvalo Proliga klublarining byudjeti bilan bog'liq. CHunki aksar jamoalarga U-21, futzal va ayollar jamoasi tashkil qilish og'irlik qiladi. SHu bois ham PFL hammaga birdek talab qo'ymayapti. Lekin futbolimizning ertasini o'ylab harakat qiladigan bo'lsak, har bir professional klub qoshida U-21 jamoasi bo'lgani maqul. Eropada U-21 chempionlar Ligasi o'tkazib kelinayotgan bir paytda biz hatto ichki musobaqani o'tkaza olmasak, demak futbolimizning hozirgi darajasi bilan maqtana olmaymiz.
Xulosa o'rnida
Maqola boshida aytib o'tganimizdek. U-21 chempionati avvalo klublar va bosh murabbiylarga kerak. Lekin barcha murabbiylar shu musobaqani kuzatib kelmoqda deyish xato bo'ladi. Har kimning o'z ish uslubi bor. Kimdir U-21ga etibor qaratib yosh futbolchilarni asosiy tarkibga jalb etib turadi, kimdir 18-20 futbolchi bilan butun mavsumni o'tkazadi va U-21 jamoasiga deyarli etibor bermaydi. Lekin bu o'rinda falonchi murabbiy U-21ga etibor qaratmayapti deb tanqil qilish ham to'g'ri emas. CHunki Superligani 18-20 futbolchi bilan ham o'tkazsa bo'ladi. Balki bu yildan o'yinlar soni ortib, ishlash tizimi o'zgarar.
Bu borada o'z fikrimni aytadigan bo'lsam, Proliga klublari toki tayyor holga kelguncha Superliga klublarining U-21 jamoalari o'rtasida alohida musobaqa qilingani maqul. Bu musobaqa asosiy jamoa o'yinidan bir kun oldin ham, bir kun keyin ham o'tkazilmaydi, balki U-19ga o'xshab alohida taqvim sifatida bo'lib o'tadi. SHunda U-21 jamoasining o'yinlari asosiy jamoaga bog'liq bo'lib qolmaydi, asosiy jamoa Kubokda o'ynagan mahal bular bir oylab tanaffus qilmaydi va alohida taqvimga ko'ra o'z o'yinini o'tkazadi. Musobaqaning o'z yo'nalishi, chempioni va autsayderi bo'ladi.
Murabbiylarda U-21ga bo'lgan qarash o'zgaradi. "Bu dubl-ku", o'ynasa bo'ldi qabilidagi qarashdan voz kechiladi va shu orqali PFL yana bir yaxshi turnirga ega bo'ladi. U-21ning o'z musobaqasi bo'ladi, ularning taqdiri asosiy jamoaga bog'liq bo'lib qolmaydi. U-21 o'z musobaqasida yaxshi qatnashdimi, kelasi yil ham shu musobaqada ishtirok etishda davom etadi. Futbolchilarda kurashuvchanlik va g'alaba uchun harakat hissiyoti paydo bo'ladi. Va eng muhimi, buning ortidan juda ko'p iqtidorli yoshlarga ega bo'lamiz.
X.Xoliqov.
Fikrlar
Эсласаларинг олдинлари қандай шиддатли ўтарди,биз мухлислар бу турнирини дублерлар деб атардик.
Асосий командадан бир кун олдин уйин ўтказишарди.
Нефтчини киргилидаги стадионига камида беш олти минг мухлис кирарди
Арани ўзим хам хар ўйинга қолдирмасдан келарди.
Яхши томони асосий таркибда захирада қолаетган ўйинчи лардан икки УЧ нафари дублерни асосий таркибидан ўйнашарди,бугун ўйнаган дублерни бир икки нафари эртасига асосий таркиб ўйинига захирага киритилади.