Superliga-2025: Ikkinchi davraning eng omadli transferlari to'qqizligi
08 dek 08:54
Yangiliklar
Superliga-2025: Ikkinchi davraning eng omadli transferlari to'qqizligi
Aynan to'g'ri amalga oshirilgan selekciya ishlari jamoaning ikkinchi davradagi harakatiga jiddiy tasir ko'rsatishi mumkin. 2025 yilgi mavsumning yozgi transferlar oynasi ham bir qator jamoalar uchun burilish nuqtasi bo'ldi. Kimdir o'yinni mustahkamladi, kimdir hujumga kuch qo'shdi, yana kimdir esa yoshlarga ishongan holda darrov samara oldi.
Quyida ikkinchi davrada o'zini ko'rsata olgan, klubiga real foyda keltirgan omadli to'qqizta transfer haqida batafsil to'xtalamiz.
Dmitriy Yashin ("Mashal")
Muborakliklar safiga ikkinchi davrada kelgan rossiyalik markaziy himoyachi juda ishonchli debyut mavsumini o'tkazdi. Uning qo'shilishi "Mashal" mudofaa chizig'ini barqarorlashtirdi, jamoadagi katta muammolardan birini yumshatdi.
Birinchisiga nisbatan ikkinchi davrada jamoa kamroq gol o'tkazdi:
— birinchi davrada — 28 gol
— ikkinchi davrada — 20 gol.
Yashinning poziciya tanlash mahorati, orqa chiziqdan hujum boshlash qobiliyati jamoaga katta yordam berdi. U barcha 15 ta o'yinda maydonga tushib, tez moslasha oldi. "Mashal" Superliga propiskasini saqlab qoldi — bu jarayonda Yashin ham munosib ulush qo'shdi.
Biroq uning kelasi mavsum taqdiri nomalum: shartnoma yarim mavsumga tuzilgan. Asror Aliqulov futbolchini "Sho'rtan"da ko'rmoqchi ekani aytilmoqda. Voqealar rivojini kuzatamiz.

Zaid Tahsin ("Paxtakor")
Kamoliddin Tojiev bosh murabbiy sifatida ish boshlagach, "sherlar" o'yini ancha ishonchli tus oldi. Ikkinchi davra arafasida mudofaani kuchaytirish talab qilinardi va iroqlik himoyachi Zaid Tahsin aynan mana shu echim vazifasini bajardi.
Yangi jamoaga moslashish odatda vaqt talab qiladi, lekin Tahsinda bu jarayon ancha tez kechdi. U orqa chiziqda dadil o'ynashi, tezligi, standart vaziyatlardagi faolligi bilan ajralib turdi.
Legioner transfer nomini to'liq oqladi:
— Superligada 10 ta o'yin, 779 daqiqa;
— O'zbekiston Kubogi g'olibi.
Uning shartnomasi 2026 yilning 31 dekabrigacha amal qiladi. Demak, Tahsinni keyingi mavsumda ham "Paxtakor" tarkibida ko'ramiz.

Alisher Odilov ("Neftchi")
"Neftchi" hujum chizig'ini kuchaytirish uchun Nimeli, Kojo va Odilovni taklif qilgandi. Hamma asosiy foydani legionerlardan kutayotgan bir paytda, sahnaga aynan Alisher Odilov chiqdi.
"Navbahor"dan kelgan forvard Farg'onada o'zini topdi. Chempionlik uchun kurashayotgan jamoada Vitaliy Levchenko undan juda unumli foydalandi:
— 14 ta o'yin
— 3 ta gol
— 3 ta assist
Eng muhimi: Odilov "Qizilqum"ga qarshi hal qiluvchi bahsda jamoasiga chempionlikni taminlab berdi. Bu uning faoliyatidagi ilk chempionlik hisoblanadi.

Kleydi Daci ("Qo'qon-1912")
2 yillik tanaffusdan so'ng Superligaga qaytgan "Qo'qon-1912" yozgi transferlar oynasini juda unumli o'tkazdi. Shoxruh Gadoev va Kleydi Daci kabi tajribali futbolchilarning kelishi jamoaga jon baxsh etdi.
Albaniyalik forvard 3 ta gol urdi va bu o'yinlarda jamoa 9 ochko qo'lga kiritdi. Jon saqlash uchun kurashayotgan klub uchun har bir ochko oltinga teng. Shu bois Daci ikkinchi davraning eng omadli xaridlaridan biri bo'ldi.

Xojimat Erkinov ("Paxtakor")
Sobiq "Paxtakor" tarbiyalanuvchisining jamoasiga qaytishi klub uchun eng muhim transferlardan biri bo'ldi. Erkinov tez fursatda o'yinga moslashib, jamoaga yangi nafas bag'ishladi. Kubok finalidagi goli esa yilning eng qimmatli urilgan to'plaridan biri bo'ldi — aynan shu gol "Paxtakor"ning g'oliblikka erishishida hal qiluvchi rol o'ynadi.

Po'latxo'ja Xoldorxonov ("Sho'rtan")
"Sho'rtan" Superligadan tushib ketgan bo'lishiga qaramay, Xoldorxonov uchun bu yil faoliyatidagi eng samarali mavsum bo'ldi. U avval hech qachon bir mavsumda 7 ta gol urmagandi. Bu gal esa 15 ta o'yinda 7 ta to'p kiritib, o'zining maqbul formasini ko'rsata oldi. Shu bois, u tushgan jamoasining natijasiga qaramay, individual tarzda eng omadli futbolchilardan biri sifatida tilga olindi.

Jasur Jaloliddinov ("So'g'diyona")
Boshkovichga ikkinchi davrada o'yinni tashkil qila oladigan, raqib himoyasini buzib kirishni bilgan ijrochi talab edi. Jaloliddinovning Jizzaxga kelishi "So'g'diyona" uchun aynan shunday echim bo'ldi. Jasur jamoaning asosiy pleymeykeriga aylanib, 15 ta o'yinda yuqori darajadagi o'yini bilan tasir ko'rsatdi. U maydon markazida tempni nazorat qilib, sheriklariga havola etkazishda katta masuliyatni zimmasiga oldi hamda avvalgi o'yin ambiciyasiga qayta boshladi.

Rustam Turdimurodov ("Surxon")
Mavsumni "Andijon"da boshlab, "Surxon"da davom ettirgan yosh hujumchi Termiz jamoasi safida bo'shliqqa tez va ishonchli kirib bordi. Klubning yoshlarga tayanadigan siyosati Turdimurodovga o'zini erkin ko'rsatish imkonini berdi. U 15 ta o'yinda 6 ta gol va 2 ta assist bilan "uchar tulporlar" hujumida asosiy qahramonlardan biriga aylandi.

Matiya Krivokapich ("Bunyodkor")
Kachorrining ketishi ortidan "Bunyodkor" hujumida bo'shliq paydo bo'lgandi. Krivokapich aynan shu o'rinni to'ldirish uchun taklif qilingan bo'lib, u ishonchni to'liq oqladi. Ayrim jarohatlar o'yinga tasir ko'rsatganini hisobga olmasak, 22 yoshli chernogoriyalik hujumchi yaxshi mavsum o'tkazdi: 10 ta o'yinda 3 ta gol va 2 ta assist. Uning harakatlari "qaldirg'ochlar" hujumida dinamika va tezkorlikni kuchaytirdi.

O’xshash yangiliklar
championat.asia
ЖЧ-2026га қуръа ташланди. Барча гуруҳлар маълум!
Эшитдик-да! Кападзе Ўзбекистон терма жамоасидан кетди
Плей-офф: "Қўқон-1912" ва "Машъал" Суперлигада қолди
Месси ўз рекордини янгилашда давом этмоқда
Fikrlar