Mutolaa uchun. Figu Madridga borishni istamagan edi. U shunchaki, Peres qo'ygan tuzoqqa ilindi
29 iyu 2020 19:00
Yangiliklar
Mutolaa uchun. Figu Madridga borishni istamagan edi. U shunchaki, Peres qo'ygan tuzoqqa ilindi
Luish Figu Madridni yoqtirmas, ularni “Yig'loqilar” deb atardi. Figu ularni maydonda doim mag'lub etar edi
Kelishgan qomat egasi, madaniyatli tashqi ko'rinishga ega Luish Figu kino va musiqani yaxshi tushunadigan, 5ta til – ingliz, francuz, ispan, italyan va portugal tillarda bemalol gaplasha oladigan shaxs sifatida oddiy bir futbolchi tipajiga o'xshamas edi. 20 yil oldin u dunyo futbolining asl yulduzi, barchaning yoqimtoyi edi, ammo mashhurlik uni aynita olmadi – portugaliyalik ko'p vaqtini uyida o'tkazar, ortiqcha narsalarga pul sarf qilmas va qandaydir hunuk voqealarga aralashmas edi. Paparaccilar uni tungi klublarda emas, balki operada ko'p ko'rishar edi.
Homiylar va muxlislar futbolchining ideal xarakteriga oshiq bo'lishdi. “Barselona”dagi bir necha yillik faoliyati davomida tezda muxlislar mehrini qozondi, jamoa sardori bog'ichini qo'lga kiritdi va jamoaning yuragiga aylana oldi. Uning kataloniyadagi fan klubi jadallik bilan, tez suratlarda o'sib borardi. Xuddi Madrid tomonda Peresning egosi o'sib borayotgani kabi.
U hatto, jamoasining maydonda o'yini umuman chiqmagan vaqtda ham, maydonda eng yaxshisi bo'lar, qiyin uchrashuvlarda muxlislar faqat uning harakatlariga mahliyo bo'lar edilar. Portugaliyalik ishonchni oqlashda davom etar edi: Ikkita goli bilan “Barselona”ga 1997 yilgi Ispaniya Kubogini olib berdi. 1999-00 yilgi ECHL chorak finalidagi “Barsa”ning “CHelsi”ga qarshi ajoyib kambekida 5ta goldan 3tasida ishtirok etdi, “Valensiya”ga qarshi yarim finalda ikkita golga assistentlik qildi, ammo bu “Barsa”ga kamlik qildi – dastlabki bahsda Figusiz “Barsa”“Valensiya”ga 1:4 hisobida engilgan edi. “Barselona” nihoyat sovrin qo'lga kiritganida, sochlarini ko'k-qizilga bo'yadi va olamonga baqirdi: “Qaymoqrang yig'loqilar, chempionlarni kutib oling!”.
2000 yilning 23 iyul kuni Figu hech qachon “Real” safiga o'tmasligini aytdi. Ertasiga esa, “Santyago Bernabeo”dagi fotomuxbirlar qarshisida turardi. 2000 yilning 24 iyul kuni Figu Kataloniyaning eng yomon ko'radigan odamiga aylandi. Qanday qilib ketgani uchun emas – uning bu transferi shov-shuv bo'lgan va kutilgan edi, balki qanday maqomda ketgani muhim edi.
U Real safiga ko'chib o'tganida dunyoning eng yaxshi futbolchisi va “Barsa”ning yuragi edi.
Figuda ajoyib dribbling, Bekxemniki kabi havolatib to'p oshirish hislatlari bor edi
U “Barsa”da kutilmagan holatda paydo bo'ldi. U Italiya haqida orzu qilar va 1995 yilda “Parma” bilan shartnoma tuzgan, keyinroq esa “Yuventus” bilan muzokaralarda qandaydir tushunarsiz shartnomaga qo'l qo'ygan edi. Bu tushunarsiz shartnoma “Yuventus” bilan kelishuv edi va mahalliy futbol federaciyasi bu kelishuv noqonuniy ekanligini aytib, tezda ishga kirishadi va Figuga ikki yilga Italiya klublari bilan shartnoma imzolashga taqiq qo'yadi – Figu haligacha buning ortida Modji turganini takidlab keladi.
Figu “Sporting”dan “Barselona”ga ko'chib o'tadi va xuddi fuqarolik urushi davom etayotgan joyga kelib qolgandek bo'ladi. Yoxan Kroyf hamda Xosep Luis Nunes ikki yillik sovrinsiz davrdan so'nggi “qayta qurish” rejasini o'zlari istaganidek amalga oshirish istagida edilar – murabbiy yangi o'yinchilar izlar, prezident esa – yangi murabbiy. “Barselona” uch yilda uch nafar bosh murabbiyini almashtirdi. So'nggisi – Lui van Gaal Kataloniyaga o'zi bilan 8 nafar gollandiyalik futbolchi olib kelib, jamoani ichidan kemirilishiga va muxlislar g'azabiga sabab bo'ldi.
Figu ommaviy tartibsizliklarda yo'qolib qolmadi, mojaroli vaziyatlardan uzoqroq bo'ldi va shunchaki murabbiylar ko'rsatmalarini bajarishni davom ettirardi. Odatda Figu o'ng qanot yarim himoyasida o'ynar va undan talab qilinadigan narsalarni bajar edi – Kroyffning chiroyli o'ynaydigan jamoasida yaratuvchi vazifasini bajarar, Robsonning hujumkor o'yinida hujum va yarim himoyani bog'lar, van Gaalning jamoasida esa gollandiyaliklar va mahalliy futbolchilar o'rtasida ko'prik vazifasini bajarar va ularni jipslashtirar edi. Murabbiylarning Rivaldo, Stoichkov va boshqa yulduzlar bilan muammolari bor edi, ammo Figu ular bilan hech qachon bahslashmas edi.
Aynan shunday qiyin atmosferada Figu “Kamp Nou”da hotirjamlik garantiga aylandi. “Qayta qurish” qiyinchiliklariga qaramay, o'ng qanotda stabil ravishda yorqin va mojarolarga aralashmaydigan yarim himoyachi o'ynardi. Yangi murabbiylar jamoani aynan Figu atrofida qurar edilar. Figu o'z navbatida raqib jarima maydonini buzishda tengsiz edi.
“Figu – har qanday murabbiyning orzusidagi o'yinchidir”, - degandi Bobbi Robson. – “U mashg'ulotlarda hammadan ko'p ter to'kar, tabiatan katta istedod taqdim etilgan va doim jamoa uchun o'ynaydigan futbolchi. U umuman egoist emas va bu uning saviyasidagi o'yinchilarda kamdan-kam uchraydigan hol”.
U to'pni qabul qilib olgandan so'ng haqiqiy shou boshlanar edi. U istalgan oyog'ida, istalgan masofadan zarba berardi. Ajoyib dribblingi bilan raqiblarini har tomonga uloqtirardi. Aldamchi “zamax”ni yuqori darajaga olib chiqa oldi. Bekxemning havolatib to'pni oshirishlarini xuddi Bekxem kabi bo'lmasa ham, uning darajasida amalga oshirar edi. Bularning barchasi bilan esa, u Kroyffning ko'nglini zabt etdi: “U maydonda barcha ishni qoyillatib amalga oshiradi: To'pni maydon bo'ylab olib yuradi, kesma paslarni ajoyib tarzda amalga oshiradi, har ikkala oyog'ida zarba bera oladi va qiyin pallada jamoani oldinga boshlay oladi. Luish – mening “Barselona”ga so'nggi sovg'am”.
Kroyff Figuni shu hislatlarini aytib maqtaganida, ortiqcha gap aytmagan va haq edi. Figu 11 yosh vaqtida, “Sporting” akademiyasi murabbiyi uni shug'ullantirishdan bosh tortgan edi: “Unga nimani o'rgatish mumkin, u hamma narsani biladi?”. Luishning o'zi esa raqiblarini hafa qilmaslik uchun yarim kuch bilan o'ynardi.
Figuning evolyuciyasini aynan Kroyff yakunladi deyish mumkin. Qisqa masofaga pas berish sifati, doimiy to'psiz harakatda bo'lish kabi hislatlar Figuni topga aylantirdi. Yarim himoyachi maydondagi bo'shliqdan ajoyib tarzda foydalanar, himoyachilarni ajoyib aldamchi harakatlari bilan ortda qoldirar va 10 yil ichida La ligada jami 106ta golga pas berib, o'ziga hos rekord natija qayd eta olgan edi – uning bu rekordini yangilash uchun esa yana 10 yil va Messi ismli futbol yulduzi porlashi kerak bo'ldi. Assistlar bo'yicha ECHL rekordi –1999/00 yilgi mavsumda 9ta assist Figuga tegishli va hamon zabt etilmay turibdi.
“Gol yaratish – bu sanat”, - deya tushuntirgan edi Figu, o'z vaqtida. – “Golli uzatmalar yaxshi rejissuraga o'xshaydi. Rejissyorning ishi esa aktyornikiga qaraganda og'ir va qiziqarliroqdir”.
Figuning kuchi va maftunkorligining eng cho'qqisi – uning dribblingi edi. Raqiblarini tezlik, jismonan baquvvatligi va turli fintlari evaziga ortda qoldiradigan yosh Ronalduni eslang. Uni aynan Figuga qiyoslashar edi, faqat Figu texnik jihatdan mukammalroq va bu mukammallikni u faoliyatining so'nggigacha saqlab qola oldi. U bir o'yin davomida 10tadan dribbling amalga oshirar edi va bunga 1996-97 yilgi Ispaniya Kubogida “Atletiko”ga qarshi (5:4), 1996-97 yilgi La ligada “Valensiya”ga qarshi (3:2) va 1999/00 yilda “Real”ga qarshi (2:2) o'yinlarni misol qilib keltirish mumkin– Bu degani, Messi hamda bugungi zamonaviy futbolning istalgan futbolchisidan ko'proq. Qolaversa, to'pni o'zida ko'p ushlab o'tirmasdi. “Valensiya” futbolchisi Xaver Garrido uni himoyadagi barcha to'rtlik ushlashi kerakligi, yo'qsa “Uni to'xtatib qolishning imkoni yo'q”ni takidlagan edi.
“Figuni telefon budkasiga kiritib u va budka eshigi orasiga 11 nafar futbolchini qo'ying. U shu erda ham hammasini aldaydi”, - degan edi u haqda Karlush Keyrush.
Figu “Barselona”da 5 yil ichida 7ta sovrin (jumladan Kubok egalari kubogi hamda ikkita chempionlik) yutadi va ikki marta yilning eng yaxshi legioneri deb etirof etiladi. Ammo, Kataloniyada uni etakchi maqomida klubni tark etgani uchun yomon ko'rib qolishmagan. SHunchaki, klubdagi eng munosib va ishongan futbolchi azaliy dushmaning safiga o'tsa – buni hazm qilish chindan ham qiyindir. Bu holat o'z kelajaging uchun ham tasir qiladigan voqelikdir.
Figuning “Madrid”ga transferidan so'ng, Barselona meri uni “Kataloniyaning keraksiz mehmoni” deya elon qildi. Fan-klub o'z faoliyatini tugatdi va uning nomini tilga olish taqiqlandi. “Barsa” prezidenti Joan Gaspar “Real”ga tahdid qiladi va ularga qarshi urush ochadi. Muxlislar esa, uni haqiqiy dushmandek kutib olishadi: Unga qarata pichoq, shisha va tangalar otishadi. Policiya qurshovini chetlab o'tishadi va ular o'zlarini shu qadar agressiv tutishadiki, hatto Puyol ham buni sharmandalik deyishga majbur bo'lgan edi.
Figu Kataloniyaga kelsa, futbol urushga aylanardi. Undan hatto “Real” o'yinchilari ham uzoqroq yurishni istashar edilar. Stiv Makmanaman vaziyat tinchlanmasdan avtobusdan tushmasdi. Salgado esa burchak to'plarini tepishdan bosh tortar edi. Luish bunday jahl otiga mingan va vajohatli “Kamp Nou”da odatda bir o'zi qolib ketar, ammo, shunday holatda ham o'z darajasini saqlab qola olar edi.
Aslida, Figu “Real”ga o'tishni istamagan edi. U shunchaki, Peres qo'ygan tuzoqqa ilindi.
2000 yili prezidentlik saylovlarida Peresni hech kim jiddiy qabul qilmagan edi. Florentino “Real” qarzlari haqida gapirar, ammo kommerciya bilan hech kimning ishi yo'q edi: “Real” amaldagi prezident Sans davrida ikkita ECHL kubogini yutdi – bu “Real” fanatlarini moliyaviy qiyinchiliklardan ko'ra ko'proq o'ylantirar edi. Aniqroq aytganda, Peres 2000-yilgi saylovlarda “Osasuna” edi.
Flo omma diqqatini o'z tomoniga jalb etish uchun ishga kirishadi. Unga shov-shuv kerak edi va u buning uddasidan chiqadi. Peres buning uchun Figuning agentlariga ajabtovur shartnoma bilan aloqaga chiqadi: Figuga yiliga 6 mln evro maosh (“Barsa”dagidan 6 barobar ko'p) va ushbu shartnomaga shunchaki qo'l qo'ygani uchun 2.5 mln evro bonus. Agar Peres prezident etib saylanmasa, transfer bekor qilinadi, ammo Figu shunda ham 2.5 mln evroga ega bo'ladi.
Butun dunyoda Peresning prezidentlik saylovlarida g'alaba qozonishiga faqat birgina inson ishonardi – Peresning o'zi. Figu o'zidan hech narsa talab qilinmaydigan, ammo unga shunchaki imzo chekkani uchun 2.5 mln evro daromad keltiradigan shartnomaga qo'l qo'ydi. Bunday sovg'adan kim ham voz kechardi.
Ushbu shartnoma Peresga “Barsa”ga bosim uyushtirish uchun kerak edi. O'shanda bu shartnoma unga faqat shuning uchun kerakdek tuyulgandi. Figu o'rtacha futbolchining maoshiga teng miqdorda maosh oladigan dunyoning eng yaxshi futbolchisi va hech bo'lmaganda “Real” unga vada qilgan maoshning bir qismini bo'lsa ham olishni istashi tabiiy hol edi. Ammo, prezident Nunes uning bu istagini eshitib miyig'ida kuldi: “Xo'sh, unda kimdir sening klausulangni to'lashini kutamiz”.
SHartnoma bo'yicha Figuning transfer narxi 62 mln evro – dunyoning eng qimmat futbolchisidan 13 mln evro qimmatroq deb baholangan edi. Kataloniyalik boss dunyodagi hech bir ahmoq unga bunday narx to'lamaydi deb hisoblardi va haq edi. Peres futbolga kelgunicha!
Flo chiroyli partiyani boshlab barchani dog'da qoldirdi –“Barselona”ni, Sansni, Figuni va uning agentlarini. Avvalo,u Figu bilan shartnoma tuzganini elon qildi. Buning uchun uni aldoqchi deyishganida esa barchaga shartnomani ko'rsatdi. “Figu “Real”ga keladi. Agar u “Barsa”da qolsa “Real”ning 80 ming sososiga yillik abonement sovg'a qilaman”
“Peresning bu vadasi muxlislarni sarmast qilib qo'ydi”, - deya yozgandi El Pais jurnalisti Diego Torres. “Endi ularni Sans va uning sovrinlari bilan ishi yo'q edi. Peres birgina transfer bilan “Barsa”ni yakson qila oladimi? Barchani faqat shu narsa qiziqtirayotgan edi”
Peresning ushbu bayonotidan so'ng ispan futbolida shunaqangi bomba portladiki, bugungi kunda faqatgina Messining boshqa klubga transferi shunday shov-shuv bo'la olar edi. Kataloniyaliklar gazeta, radio va klubga qo'ng'iroq qilishar, Figuga esa tahdid qilishardi. “Barsa” prezidentligiga nomzodlar o'z saylovoldi kampaniyasini aynan Figu orqali olib borishar edi. Luish esa “Real”ga o'tmasligini takrorlar edi. Ha, Figu aldamayotgan edi.
Ammo, hech kim o'ylab ko'rmagan bir vaj bor ediki, u faqat Peresning g'alabasidan keyin oshkor bo'ladi. Hech qanday majburiyatsiz va qulay bo'lgan o'sha shartnomaning orqa betida mayda yozuvda yozilgan punkt bor edi: “Agar Flo prezident etib saylansa va Figu ushbu transferdan voz kechsa, u holda Figu 35 mln evro to'lashi kerak”. Qalay?!
“Saylovlardan 3 kun oldin Figu nimalarga o'ralashib qolganini angladi”, - deya hikoya qiladi shartnoma tuzishda dallollik qilgan do'sti Paulu Futre. Unga va uning qizlariga o'lim bilan tahdid qilishar edi. Luish o'zining agenti Joze Veygaga “Real”ga o'tishni istamayotganini aytadi. Ammo, shartnomaning ohirgi bandida buning uchun 35 mln jarima to'lashi ko'rsatilgandi.
“Peresning saylovlardagi g'alabasi uchun imkoniyati qanday ekanini eslash muhimdir. Men ham, Veyga ham uning g'alabasiga ishonmagan edik. U g'alaba qozonganda esa, Veyga yig'lab yubordi. Men esa, hayajonlanishni boshladim. Bu Figu yoki “Real”ga o'tadi yoki biz 35 mln to'laymiz degani edi.
“Barsa” vaziyatdan chiqib ketishi va portugaliyalik futbolchini qutqarib qolishi mumkin edi. 23 iyul kuni Gaspar prezident etib saylandi va birinchi qilgan ishi Figuga qo'ng'iroq qilish bilan boshlandi. Ular tonggi soat uchgacha telefonda suhbatlashishdi, ammo Gaspar 35 mln evro qarzni “Real”ga to'lashdan bosh tortadi. Aslida, prezident Figuni jamoada qolishi uchun istalgan summadan voz kechishga tayyor edi. Mantiq esa boshqa erda – o'z futbolchisini “Real”ga o'tmasligi uchun “Real”ga pul to'lash? Bu holatda butun dunyo “Barsa”ning ustidan kular edi va Gaspar klub imijini o'ylashi tabiiy hol edi.
Figu bu holatdan chiqib ketishi va toza reputaciya bilan “Barsa”da qolishi mumkin edi. Boisi, Figu “Barsa” o'yinchisi va amaldagi shartnomasi bor paytida boshqa klub bilan qonunan shartnoma tuza olmasdi. Uning shartnomasi va kelishuvi bilan esa, uning agenti Joze Veyga shug'ullangan. U payti futbolchilar va agentlar o'rtasida shartnoma bo'lmas va kelishuvlar shunchaki o'zaro qo'l berib kelishish bilan bitar edi. SHu tufayli ham, Figuning qonunan “Real” oldida ham, Veyga oldida ham hech qanday majburiyati yo'q edi. Qolaversa, o'sha hech kim ko'rmay qolgan 35 mln evro jarima haqidagi punktini aynan Veyga o'tkazib yuborgan edi.
Agent vaziyatni tushunganidan so'ng Luishning turmush o'rtog'i oldiga borib ko'z yosh qildi va Figuni “Real”ga o'tishga ko'ndirish uchun yordam so'radi. Figu do'stini bunday holatda tashlab ketishni istamadi va o'zi rejalashtirmagan transferga rozilik bildirdi.
Albatta, shunchaki do'stlik tufayli bu transferga rozi bo'ldi deyish qiyin. Boshqa sabablari ham bor edi. Figu Gasparning o'zining maoshi oshirilishi bilan bog'liq masalalarda tuturiqsiz vadalariga ishonmas edi. Qolaversa, u ECHLdagi omadsizliklardan ham g'azablanar edi. “Barselonada faoliyatingni ajoyib tarzda qurishing mumkin. Ammo, cho'qqiga erishish uchun “Real”da o'ynash lozim”.
Luish “Real” tarkibiga ECHL sovrinini yutish o'tgan edi. Ammo, uning merosi ushbu transfer tufayli zarar ko'radi. “Barselona” uning etukligi haqidagi tarixni yoqib yuborib, faqat yomon nom qoldiradi. Peresning galaktikosida yo'qolib qolmadi, ammo faqat olmoslardan biri sifatida tarixda qoldi.
Aslida, Figu Zidan kabi zamonasining eng yorqin vakillaridan biri va hech bir jabhada undan kuchsiz futbolchi emasdi. Hatto, EVRO-2000 yarim finali oldidan Frank Lebyof Franciya terma jamoasidagi o'z jamoadoshi uchun yolg'on so'zlamay, shunday degandi: “Zidan beqiyos futbolchi, ammo, bugungi kunda dunyoning eng yaxshi futbolchisi – Figu. U barchadan kuchliroqdir”.
SHerzod Rajabov tarjimasi
Fikrlar