Ilhom Suyunov, Aleksey Nikolaev, Zohid Abdullaev - U-21 chempionatida ishlayotgan sobiq yulduzlar (mutolaa uchun)
11 mar 15:00
Yangiliklar
Ilhom Suyunov, Aleksey Nikolaev, Zohid Abdullaev - U-21 chempionatida ishlayotgan sobiq yulduzlar (mutolaa uchun)
Unda siz yashil maydonda sobiq yulduzlarning to'p tepayotganini ko'rishingiz mumkin edi. Hattoki, bir vaqtlar gazetalarda Yoshlar ligasining faxriy yulduzlari nomi ostida maqola ham chiqqandi. Endi esa bu musobaqada faqat yoshlarni ko'ryapmiz. Sobiq yulduzlar esa ularga ustozlik qilmoqda. Aytish mumkinki, o'rinbosarlar jamoalarida bir vaqtlar o'z klubi sardorlari, terma jamoa yulduzlari, yaqin o'tmishning nomlari ham borligini ko'rishimiz mumkin.
Andrey Pyatnickiy - "Dinamo"
Katta avlod vakillari Andrey Pyatnickiyni "Paxtakor"dagi o'yinlari orqali yaxshi tanishadi. U butsalarini mixga ilgach Rossiyaning bir nechta klublarida, akademiyalarida yoshlarga futbol sir-asrorlarini o'rgatdi. Sobiq to'p tepar joriy yilda Vadim Abramovning taklifiga ko'ra Samarqandning "Dinamo" jamoasida ish boshladi. Pyatnickiy klubning o'rinbosarlar jamoasi bosh murabbiyiga aylandi. Uning shogirdlari birinchi turda Namanganda "Navbahor" yoshlaridan ustun keldi (2:1). Unga murabbiylar shtabida samarqandlik muxlislarga yaxshi tanish Umid Abdurahmonov ko'maklashmoqda.
Botir Qoraev - "Nasaf"
"Nasaf" o'rinbosarlar jamoasida bir necha yillar faoliyat olib borgan Zafar Xolmurodov bu yil o'z o'rnini Botir Qoraevga bo'shatib berdi. O'zi esa farm jamoaga yo'l oldi. "Nasaf"da texnik direktor sifatida ishlayotgan Botir Qoraev bu mavsumdan klubning o'rinbosarlarini ham boshqaryapti. Hozircha uning boshchiligida yosh qarshiliklar hali g'alaba qozonishgani yo'q. Ilk turda uyda "Olimpik"ga engilgan bo'lsa, ikkinchi turda akalari kabi "Paxtakor" bilan murosa ko'chasini tanladi. Qoraevning murabbiylar shtabidan yana ikki nafar sobiq futbolchi Hamza Karimov va Botir Qodirqulov o'rin olgan.
Ilhom Suyunov - "Paxtakor"
"Paxtakor" so'nggi yillarda jamoaga o'zining sobiq yulduzlarini ortga qaytarayotganini bilasiz. Kamoliddin Tojiev, Pavel Bugalo, Akmal Xolmatov endilikda murabbiy lavozimida o'z tajribalarini bo'lishishmoqda. Jamoaning sobiq sardori, 27-raqamni mashhur qilgan Ilhom Suyunov ham ayni vaqtda "Paxtakor"da. Ilhom Suyunov bu mavsumda U-21 jamoasida yordamchi murabbiy bo'lib faoliyat olib boryapti. Uning o'g'li Islom Anvarov bugun o'z kuchi bilan asosiy tarkib mashg'ulotlarigacha etib keldi.
SHerzod SHaripov - "Bunyodkor"
Yaqin o'tmishda har bir jamoaning "Tiko" laqabli futbolchisi bo'lar edi. Samarqandning "Dinamo" jamoasida SHerzod SHaripovga ham shunday nom berishgan. Futbolchilik faoliyatida Samarqanddan tashqari "Navbahor", "Lokomotiv", "Buxoro", "Andijon" jamoalarida to'p tepgan futbolchi hozirgi kunda "Bunyodkor" U-21 jamoasida Jamoliddin Rahmatullaevning murabbiylar shtabidan joy olgan.
Sadriddin Abdullaev - "Lokomotiv"
Sadriddin Abdullaev butsalarini mixga ilgach "Lokomotiv"da qolishga qaror qildi. Dastlab U-18, keyin esa U-19 jamoasini boshqardi. O'tgan mavsumda so'nggi turlargacha chempionlik uchun kurashib kelgan yosh "temiryo'lchilar" mavsumni 4-o'rinda yakunlashdi. Bu yildan boshlab Sadriddin Abdullaev "Lokomotiv" o'rinbosarlariga ustozlik qilmoqda. Mavsumni durang bilan boshlagan Abdullaev jamoasi keyingi o'yinda "Olimpik" ustidan 3:2 hisobida zafar quchdi. Sadriddin Abdullaevga Sobir Usmonxo'jaev, Ruslan Matniyozov yordamlashmoqda.
Zohid Abdullaev - "Metallurg"
Bekobodning "goleadori" Zohid Abdullaev 2 yil oldin "Metallurg"da katta futbol bilan xayrlashdi. O'z vaqtida to'purarlik qobiliyatini ko'rsatgan, terma jamoa murabbiylari nazariga tushgan hujumchi uzoqqa ketmadi va "Metallurg" o'rinbosarlari murabbiylar shtabidan joy oldi. Yana bir malumot aytish mumkinki, uning farzandi Behruz Abdullaev "Metallurg" U-19 jamoasida to'p tepyapti. U o'tgan mavsumda 13ta o'yinda maydonga tushdi va 9 ta golga mualliflik qildi. Klub o'rinbosarlarida bosh murabbiy Abduvali Mo'minovga jarohatlar sabab yashil maydon bilan erta xayrlashgan, 2011 yil Meksikadagi o'smirlar o'rtasidagi Jahon chempionatida qatnashgan Javlon Mirabdullaev ham ko'maklashayotganini aytishimiz mumkin.
Aleksey Nikolaev - "Surxon"
2002-2008 yillarda O'zbekiston terma jamoasi himoya chizig'ida to'p tepgan Aleksey Nikolaevni yaxshi eslasangiz kerak. Sobiq futbolchi "Paxtakor" akademiyasida bir necha yil 2006 yilda tug'ilgan bolalar bilan ishladi. Nikolaev hozirgi kunda esa "Surxon" U-21 jamoasida jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiy hisoblanadi.
Fikrlar