Orzular ro'yobi: O'zbekiston futbolining tarixiy yilidagi muhim voqealar
30 dek 15:00
Yangiliklar
Orzular ro'yobi: O'zbekiston futbolining tarixiy yilidagi muhim voqealar
Bu yil maydonlarda g'alabalar qo'lga kiritildi, yangi infratuzilmalar barpo etildi, xalqaro miqyosdagi ishonch va etirof yanada mustahkamlandi. Milliy terma jamoaning ilk bor Jahon chempionatiga chiqishi, yoshlar termalarining qitada tengsiz ekani, klub futbolidagi tarixiy chempionliklar va O'zbekistonga ishonib topshirilgan nufuzli musobaqalar — bularning barchasi futbolimizda yangi davr boshlanganidan dalolat beradi. Quyida 2025 yil O'zbekiston futbolidagi eng muhim va esda qolarli 10 ta voqeani eslatib o'tamiz.
1. O'zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor Jahon chempionatiga chiqdi
Futbolda Jahon chempionati — millionlar o'yinining eng oliy cho'qqisi, har bir terma jamoa orzu qiladigan eng yuksak marra hisoblanadi. Dunyoning barcha mamlakatlari yillar, hatto o'n yillab aynan shu cho'qqiga chiqish uchun kurash olib boradi. 2025 yil esa o'zbek futboli tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan unutilmas voqea bilan yodda qoldi — milliy terma jamoamiz tarixda ilk bor Jahon chempionatiga yo'llanmani qo'lga kiritdi.
Avvalgi saralash cikllarida bizga doim nimadir etishmay qolardi: goh bir ochko, goh birgina hal qiluvchi gol. Bu safar esa barcha narsa o'z o'rnida bo'ldi — sabr, intizom, jamoaviylik va ishonch. Srechko Katanec tomonidan boshlab berilgan yo'lni Timur Kapadze izchillik va qatiyat bilan ajoyib tarzda yakunladi. Dubayda BAA terma jamoasiga qarshi kechgan hal qiluvchi uchrashuvdagi 0:0 hisobidagi durang 2026 yilda bo'lib o'tadigan Jahon chempionati eshiklarini milliy termamiz uchun keng ochib berdi. Bu natija nafaqat sport yutug'i, balki butun millat uchun tarixiy faxr manbai bo'ldi.

2. O'zbekiston U-17 terma jamoasi — Osiyoda tengsiz!
Islom Ismoilov boshchiligidagi O'zbekiston U-17 terma jamoasi Saudiya Arabistonida bo'lib o'tgan U-17 Osiyo Kubogida haqiqiy chempionlarga xos o'yin namoyish etdi. O'smir futbolchilarimiz tarixda ilk bor 2012 yilda ushbu yosh toifasida qita chempioniga aylangan bo'lsa, oradan 13 yil o'tib yana bir bor Osiyoda tengsiz ekanini isbotladi.
Vakillarimiz guruh bosqichini ishonchli o'yinlar bilan yakunladi: Tailand 4:1, Xitoy 2:1, mezbon Saudiya Arabistoni esa 3:0 hisobida mag'lub etildi. Natijada jamoamiz nafaqat pley-offga yo'l oldi, balki o'smirlar o'rtasidagi Jahon chempionati yo'llanmasini ham muddatidan avval qo'lga kiritdi.
Pley-off bahslarida ham o'zbek o'smirlari hech kimga imkoniyat qoldirmadi. Chorak finalda BAA (3:1), yarim finalda KXDR (3:0) taslim etildi. Final uchrashuvi esa alohida tarifga loyiq bo'ldi: ikki nafar futbolchidan ayrilganiga qaramay, terma jamoamiz yana bir bor mezbon Saudiya Arabistoni ustidan ishonchli g'alabaga erishdi — 2:0. Yakunda chempionlik kubogi bosh uzra baland ko'tarildi va O'zbekiston U-17 terma jamoasi o'z yosh toifasida Osiyoda tengsiz deb topildi.

3. Futbolimiz o'z uyiga ega bo'ldi
Futbolni barqaror rivojlantirish va mahoratli futbolchilarni etishtirishda infratuzilmaning o'rni beqiyos. Dunyoning ko'plab rivojlangan futbol mamlakatlarida terma jamoalar yillar davomida o'z qarorgohlariga ega bo'lib, aynan shu muhitda jismoniy va ruhiy tayyorgarlikni mukammal darajaga olib chiqadi. Afsuski, O'zbekiston terma jamoasi yaqin yillargacha doimiy baza masalasida qiyinchilikka duch kelib, goh mehmonxonalarda, goh turli stadionlarda yig'in o'tkazishga majbur edi.
Joriy yil esa milliy futbolimiz tarixida muhim burilish nuqtasi bo'ldi. Ilk bor terma jamoalar uchun maxsus mo'ljallangan, to'liq infratuzilmaga ega zamonaviy baza foydalanishga topshirildi. Yangi qarorgoh futbolchilar va murabbiylar uchun barcha qulayliklarni o'z ichiga olgan: zamonaviy mehmonxona, tibbiy-reabilitaciya bo'limi, murabbiylar tayyorlash markazi, hakamlar markazi, shuningdek, atrofida joylashgan mashg'ulot maydonlari.
Bu baza nafaqat terma jamoalarning tayyorgarlik jarayonini tizimli yo'lga qo'yadi, balki milliy futbol rivoji uchun mustahkam poydevor vazifasini ham o'taydi. Endi bizda ham terma jamoalar o'z uyida, o'z muhitida, yuqori talablar darajasida tayyorgarlik ko'rish imkoniyatiga ega.
4. "Neftchi" 24 yildan so'ng yana O'zbekiston chempioni
O'zbekiston Superligasining o'tgan mavsumi keskin kurashlar, dramatik pallalar va intrigaga boy o'yinlar bilan yodda qoldi. Bir yil avval Qarshining "Nasaf" jamoasi chempionlikni qo'lga kiritgan bo'lsa, 2025 yilda mamlakatning eng nufuzli kubogi Farg'onaga — "Neftchi" qarorgohiga yo'l oldi.
Mavsumning dastlabki qismida barqarorlik etishmagan bo'lsa-da, chempionatning ikkinchi yarmida Vitaliy Levchenko boshchiligidagi jamoa haqiqiy chempionlarga xos xarakter namoyon etdi. Hal qiluvchi pallalarda kerakli ochkolarni jamg'argan "Neftchi" raqiblariga imkoniyat qoldirmay, oltin medallarni qo'lga kiritdi.
Bu tarixiy chempionlikda klub atrofida yaratilgan muhit ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Farg'ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorovning "Neftchi"ga bo'lgan doimiy etibori, zamonaviy sharoitlar yaratish, infratuzilmani yaxshilash, tarkibni kuchaytirish yo'lidagi qatiy qadamlari natijasida jamoa yana o'zining haqiqiy o'rniga qaytdi. Nomdor va tajribali futbolchilarning jalb etilishi ham chempionlik poydevorini mustahkamladi.
Shu tariqa, "Neftchi" 24 yillik sog'inchdan so'ng yana O'zbekiston chempioni unvonini qo'lga kiritib, Farg'ona futboli tarixida yangi sahifa ochdi.

5. CAFA turniridagi g'alaba — Eron nihoyat taslim qilindi
Eron terma jamoasi azaldan O'zbekiston uchun eng noqulay va qiyin raqiblardan biri hisoblanadi. Ikki jamoa o'rtasidagi to'qnashuvlar yillar davomida turli musobaqalarda, xususan, Jahon chempionati saralash bosqichlarida kechgan bo'lsa-da, g'alabalarimiz sanoqli bo'lib kelgan. Shu bois har bir uchrashuv nafaqat sportiy, balki ruhiy jihatdan ham alohida ahamiyat kasb etgan.
2025 yil Toshkentda bo'lib o'tgan CAFA Nations Cup turniri finalida esa tarix yana bir bor qayta yozildi. Maydonda ikki azaliy raqib — O'zbekiston va Eron terma jamoalari to'qnash keldi. Asosiy vaqtda g'olib aniqlanmagan, murosasiz kurashlarga boy bahs ekstra taymlargacha cho'zildi. Hal qiluvchi pallada Xojiakbar Alijonov tomonidan kiritilgan gol butun stadionni quvonchga to'ldirdi va forslar ustidan nihoyat ustunlikka erishishimizga xizmat qildi.
Timur Kapadze boshchiligidagi milliy terma jamoamiz shu tariqa CAFA Nations Cup-2025 turniri g'olibi bo'ldi. Ammo bu zafarning eng yoqimli jihati — aynan Eron kabi principial raqibning mag'lub etilganida edi. Bu g'alaba terma jamoamizdagi ishonch, xarakter va yangi davr ramziga aylandi.

6. Oltin to'p sohibi — "oq bo'rilar" yo'lboshchisi
Jahon chempionatiga tarixiy yo'llanma qo'lga kiritilgach, milliy futbolimiz oldida yangi vazifalar, yangi marralar paydo bo'ldi. Shu bois futbolimiz mutasaddilari terma jamoani jahon tajribasiga ega, katta sahnada o'zini isbotlagan murabbiy qo'liga topshirishni maqsad qildi. Natijada bir qator nomdor mutaxassislar ko'rib chiqildi — Yoaxim Lyov, Slaven Bilich, Fatix Terim kabi taniqli ismlar muhokamalar markazida bo'ldi.
Yakunda esa tanlov 2006 yilgi jahon chempioni, futbol tarixida o'z o'rniga ega bo'lgan Oltin to'p sohibi Fabio Kannavaro foydasiga hal etildi. Endi "oq bo'rilar"ni Jahon chempionati sari aynan Kannavaro boshlab boradi. Bu qaror nafaqat katta umid, balki milliy terma jamoa uchun yangi davr boshlanishini anglatadi.
Italiyalik mutaxassisning ilk qadamlari umidbaxsh bo'ldi. Kannavaro qo'l ostidagi terma jamoa Kuvayt ustidan ishonchli g'alabaga erishdi, Urugvayga qarshi bahsda mag'lubiyatni tan olgan bo'lsa-da, o'yin mazmuni ijobiy taassurot qoldirdi. Noyabr oyida bo'lib o'tgan o'rtoqlik turnirida esa Misr va Eron terma jamoalari ustidan qozonilgan g'alabalar milliy jamoamizdagi ishonch va o'sish belgisiga aylandi.
Endilikda eng asosiy tilak — bu natijalar tasodifiy emas, balki davomli va barqaror bo'lsin. Chunki oldinda bizlarni futbolning eng katta sinovi — Jahon chempionati kutib turibdi.
7. U-20 Jahon chempionati O'zbekiston va Ozarbayjonga ishonib topshirildi
So'nggi yillarda O'zbekiston xalqaro futbol xaritasida ishonchli mezbon sifatida mustahkam o'rin egallab bormoqda. Mamlakatimiz OFK va FIFA homiyligida o'tadigan qator rasmiy musobaqalarni yuqori tashkiliy saviyada qabul qilib, dunyo futboli vakillarining etirofiga sazovor bo'lib kelyapti. Aynan shu ishonch va tajriba natijasida FIFA yana bir nufuzli turnir — U-20 yoshlar o'rtasidagi Jahon chempionati mezbonligini O'zbekiston hamda qardosh Ozarbayjonga ishonib topshirdi.
Futbol olamida kichik mundial sifatida tanilgan ushbu musobaqa nufuzi jihatidan Jahon chempionatidan keyingi o'rinda turadi. Uning bizga berilgani esa nafaqat katta sharaf, balki milliy futbolimizga berilayotgan yuksak baho, so'nggi yillarda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar va infratuzilmaga qaratilgan ishlar samarasining yorqin tasdiqidir.
Bu chempionat nafaqat futbol bayrami, balki yosh istedodlarni kashf etish, tajriba almashish va O'zbekistonni dunyoga yana bir bor zamonaviy, futbolsevar mamlakat sifatida namoyon etish uchun katta imkoniyat bo'ladi. Ushbu ishonchni oqlash esa oldimizda turgan navbatdagi masuliyatli vazifadir.

8. Olimpiya shaharchasi ishga tushdi — sport uchun yangi makon
Zamonaviy stadionlar, mashg'ulot maydonlari va sportchilar uchun yaratilgan qulay muhit har qanday islohotning mustahkam poydevori hisoblanadi. Yuqorida qayd etilgan yutuqlar va rivojlanish jarayonlari aynan shu asosga tayanadi.
Joriy yil poytaxt Toshkentda mamlakat sport hayotidagi yana bir muhim loyiha — Olimpiya shaharchasi rasman foydalanishga topshirildi. Ushbu majmua nafaqat ko'lami, balki imkoniyatlari bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi. Olimpiya shaharchasi zamonaviy talablarga javob beradigan sport inshootlarini, mashg'ulot bazalarini va musobaqalar o'tkazish uchun mo'ljallangan maydonlarni o'z ichiga olgan.
Ayniqsa, shaharcha hududida barpo etilgan futbol stadioni milliy futbolimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Yangi arena xalqaro standartlarga javob beradi, yirik musobaqalar va rasmiy o'yinlarni qabul qilish salohiyatiga ega. Bu esa terma jamoalar va klublar uchun yuqori darajada tayyorgarlik ko'rish, tomoshabinlar uchun esa haqiqiy futbol bayramlarini tashkil etish imkonini beradi.
Olimpiya shaharchasining ishga tushirilishi nafaqat sport infratuzilmasining rivoji, balki mamlakatda sog'lom turmush tarzini ommalashtirish, yoshlarni sportga jalb etish yo'lidagi muhim qadamdir. Bu majmua kelgusi yillarda O'zbekiston sporti, xususan futbolining yangi yutuqlari uchun mustahkam zamin bo'lib xizmat qiladi.

9. O'zbekiston Kubogi yana Toshkentga qaytdi
Mavsumni portugaliyalik mutaxassis Pedru Moreyra qo'l ostida boshlagan "Paxtakor" kutilgan natijalarni qayd eta olmadi. Chempionat davomida jamoaning o'yinida barqarorlik etishmadi, natijada klub rahbariyati mavsum o'rtasida murabbiy bilan xayrlashishga qaror qildi. Bu esa jamoa taqdirida burilish nuqtasiga aylandi.
Yangi bosh murabbiy sifatida "Paxtakor" DNKsini yaxshi biladigan, klub safida katta tajriba orttirgan sobiq futbolchi Kamoliddin Tojievga ishonch bildirildi. U jamoani turnir jadvalining quyi qismida qabul qilib olgan bo'lsa-da, qisqa vaqt ichida "sherlar"da yangi ruh, ishonch va intizomni shakllantira oldi.
Natijada "Paxtakor" Tojiev qo'l ostida chempionatni ikkinchi o'rinda yakunladi, O'zbekiston Kubogida esa bosh sovrinni qo'lga kiritdi. Shu tariqa mamlakatning eng nufuzli kuboklaridan biri 5 yillik tanaffusdan so'ng yana poytaxtga qaytdi. Bu g'alaba "Paxtakor"ning qayta tiklanish ramziga aylandi.
O'tgan mavsum Kamoliddin Tojiev uchun ham murabbiylik faoliyatida yangi sahifa ochilgan yil bo'ldi. Qisqa fursatda erishilgan muvaffaqiyat uning katta salohiyatga ega murabbiy ekanini isbotlab berdi va poytaxt klubi oldida yangi umidlar eshigini ochdi.

10. 2025 yil — O'zbekistonda futbol yili bo'ldi
O'tib borayotgan 2025 yilni shubhasiz O'zbekiston futbol tarixida alohida o'rin tutadigan, burilish nuqtasi bo'lgan yil sifatida baholash mumkin. Bu yil nafaqat yirik natijalar, balki tizimli islohotlar, yangi infratuzilma loyihalari va xalqaro miqyosdagi etiroflar bilan yodda qoldi.
Milliy terma jamoamizning tarixda ilk bor Jahon chempionatiga yo'llanma qo'lga kiritishi, o'smirlar va yoshlar terma jamoalarining qita miqyosidagi g'alabalari, "Neftchi" va "Paxtakor" kabi ananaviy klublarning sovrindorlar qatoriga qaytishi mamlakat futbolida yangi davr boshlanganidan dalolat berdi. CAFA turniridagi g'alaba, Eron kabi principial raqibning mag'lub etilgani esa milliy jamoadagi ishonch va xarakterni yaqqol namoyon etdi.
Shu bilan birga, terma jamoalar uchun zamonaviy baza, Olimpiya shaharchasining ishga tushirilishi, U-20 Jahon chempionati mezbonligining O'zbekistonga ishonib topshirilishi kabi voqealar futbolimiz rivoji faqat natijalar bilan cheklanib qolmayotganini, balki mustahkam poydevor asosida qurilayotganini ko'rsatdi. Oltin to'p sohibi Fabio Kannavaroning milliy terma jamoa bosh murabbiyi sifatida tayinlanishi esa bu yo'ldagi katta maqsadlardan dalolatdir.
Qisqasi, 2025 yil — O'zbekistonda futbol yili bo'ldi. Bu yil erishilgan yutuqlar faqat bir mavsumning samarasi emas, balki uzoq yillik orzu va mehnatning natijasi sifatida tarixga muhrlandi. Endi eng muhim vazifa — ushbu muvaffaqiyatlarni saqlab qolish, davom ettirish va O'zbekiston futbolini jahon xaritasida yanada mustahkam o'ringa olib chiqishdir.
O’xshash yangiliklar
championat.asia
10 ўйинда 12 гол: Роналду яққол тўпурар
Криштиану Роналду: "Мавсум ўртасида ҳеч ким чемпион бўлмайди"
Роналду кетма-кет учинчи марта Яқин Шарқда йилнинг энг яхши футболчиси бўлди
Эрон жамоаси Ўзбекистон МТЖ етакчиларидан бири учун 1 миллион доллар бериши мумкин
Fikrlar