"Buxoro" stadioni Superliganing bir qator talablariga javob bermaydi
20 dek 15:55
Yangiliklar
"Buxoro" stadioni Superliganing bir qator talablariga javob bermaydi
Joriy yilning 4 sentyabr sanasida Buxoro futbol associaciyasi Ligaga murojaat qilib, Buxoro shahri, "Hamid Olimjon" MFY, Alpomish ko'chasida joylashgan Buxoro viloyati futbol akademiyasi maydonida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishishni so'ragan, keyinchalik "Buxoro" futbol klubi mazkur arenada Pro liga uchrashuvlarini qabul qilish istagida ekanini malum qilgandi.
"Buxoro" ishtirokidagi o'yinlar Buxoroga qaytish arafasida
10 sentyabr kuni Liga rahbariyati Buxoroda bo'lib, yangi bunyod etilgan stadionni atroflicha o'rgangan va u Pro liga bellashuvlarini qabul qilishi uchun qanday ishlar amalga oshirilishi lozimligi, Superliga uchun esa shu yilning 15 dekabr sanasiga qadar nimalar ko'zda tutilishi kerakligini batafsil kelishgandi.
16 sentyabr kuni Liga stadionda amalga oshirilishi lozim bo'lgan ishlar batafsil tushuntirilgan xatni Buxoro viloyati hokimligiga, nusxasini esa Sport vazirligi hamda Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga yuborgan. Unda quyidagi masalalar sanab o'tilgan:
Xavfsizlik nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda:
• 10 ming o'ringa mo'ljallangan stadion tribunalari alohida sektorlarga ajratilishi va har bir sektor maxsus to'siqlar bilan chegaralanishi hamda raqamlashtirilishi;
• Alpomish ko'chasidan stadionning ikki darvozalari orti bo'ylab VIP sektorlar tomon mashinalar harakatlanishi uchun yo'llar bunyod etilishi, mazkur yo'llarning VIP sektorlar joy olgan tribunalarga chegaradosh qismlari maxsus to'siqlar bilan to'silishi (bunda birinchi yo'ldan ro'yxat asosida VVIP mashinalar, ikkinchi yo'ldan esa VAR, KTS hamda jamoalar avtobuslari kiritilishi uchun sharoit yaratilishi);
• VIP sektorlar hududida joylashgan hamda tashrif buyuruvchilar foydalanishi ko'zda tutilgan hojatxonalarga eltadigan yo'laklar hamda texnik hudud orasi maxsus to'siq bilan ajratilishi lozim.
Sport principlaridan kelib chiqqan holda:
• stadion hududi 15 maxsus belgilangan nuqtaning har biri 5 xil rakursdan o'lchanganida minimum 2 000 lyuks yoritish tizimini taqdim eta oladigan projektorlar bilan jihozlanishi;
• har ikki zaxira o'rindiqlari yonida joylashgan va muxlislar uchun mo'ljallangan zinalar buzib tashlanib, ular texnik zona hududidan 10-15 metr uzoqlikda qayta qurilishi;
• texnik zona hududini o'rab turgan maxsus to'siq olinishi, mazkur to'siq har ikki taraf tribunalari uchun umumiy belgilanishi, bunda ikki darvozalar orti bo'ylab VIP sektorlar tomon mashinalar harakatlanishi uchun yo'llar hamda darvoza ortida joylashgan texnik hudud o'rtasida muxlislar harakatlanishi uchun alohida to'siqli yo'laklar hosil qilinishi;
• texnik zonaning futbolchilar harakatlanadigan barcha hududlariga maxsus suniy qoplama to'shalishi;
• texnik zonaning darvoza orti hududi (zaxira o'rindiqlariga yaqin taraf) futbolchilar mashg'ulot olib borishi uchun minimum 5x20 metrli alohida yumshoq suniy qoplama bilan jihozlanishi;
• maydon hududining chekka qismlaridan joy olgan maxsus quduqlarga maxsus yopqichlar hamda suniy qoplamalar o'rnatish;
• futbolchilar va hakamlar maydonga chiqib keladigan hudud xavfsizlik chorasi sifatida qo'shimcha ko'chma tonnel bilan jihozlanishi;
• futbolchilar va hakamlar kiyim almashtirish xonasiga yo'l olishi uchun tribuna ortida tashkil etilgan eshiklar atrofi tonnelli qilinishi;
• qurilish loyihasi chizmasida ko'rsatilgan hakamlar va komissar xonasi hududi Liga taqdim etgan reja asosida o'zgartirilishi;
• futbolchilar kiyim almashtirishi uchun mo'ljallangan 4 ta xona bir-biridan mustaqil faoliyat olib borishi uchun qurilish loyihasi chizmasida kichik o'zgarish qilish va yo'laklar o'rnini o'zgartirish lozim.
Teletranslyaciya jarayoniga qulaylik yaratish maqsadida:
• stadionning VIP tribunalari ort qismida VAR mashinasi hamda KTS (ko'chma televizion stanciya) mashinasi uchun alohida joy hozirlash;
• VAR hamda KTS texnikasi ulanishi uchun maxsus elektr energiya qutilari o'rnatish, mazkur qurilmalar zaxira hakami, barcha kameralar joy oladigan nuqtalar va ikki darvoza ort qismlari bilan uzilishsiz ulana olishi uchun sharoit yaratish;
• texnik zonaning VAR va KTS ishlaydigan nuqtalari uchun alohida-alohida, shuningdek, asosiy kamera nuqtasida, media tribunada, VVIP zonada alohida internet tizimi tashkil etish;
• offsayd kameralar uchun ikki alohida, VIP tribunaning qarama-qarshi tarafida bitta alohida hamda VIP tribuna hududida joylashadigan asosiy kamera uchun alohida shohsupali nuqtalar qurish, mazkur nuqtalarni yomg'ir va quyosh nuridan himoya qilish uchun to'sish lozim.
Marketing yo'nalishi talab etilgan ko'rinishda faoliyat olib borishi uchun:
• Alpomish ko'chasiga yaqin tribuna hamda maydonni ajratib turgan to'siq reklama shitlari to'g'ri yo'nalishda joylashishi uchun o'zgartirilishi;
• stadionga zamonaviy tablo o'rnatilishi;
• maydon perimetri bo'ylab reklama shitlari qurish va o'rnatish (2026-yildan etiboran elektron reklama shitlari) lozim.
VVIP mehmonlar uchun sharoit yaratish maqsadida:
• VVIP zonaga chiqish uchun alohida tashqi zinapoya tashkil qilish va uning ustini yog'ingarchilikdan himoya qiluvchi to'siqlar bilan yopish;
• VVIP zonani oynavand alohida xonaga aylantirish, uni isitish va sovutish tizimi bilan taminlash, ichini to'liq jihozlash lozim.
OAV xodimlari uchun sharoit yaratish maqsadida:
• VVIP yuqori qismida joylashgan balkonni uch alohida qismga ajratish: media tribuna (minimum 20 kishi uchun), VIP nuqta (minimum 10 kishilik 2 ta), asosiy kameralar nuqtasi (minimum 4 ta kamera ishlashi uchun), shuningdek, ularning har birini jihozlash;
• komissar xonasining ort qismida matbuot anjumani uchun mo'ljallangan zal bunyod qilish va uni jihozlash;
• OAV xodimlari faoliyat olib boradigan uch nuqta: matbuot anjumani zali, media tribuna hamda fotograflar nuqtasi internet yo'nalishi bilan taminlanishi lozim.
Malumot uchun, Superliga ishtirokchisi 25-dekabr sanasiga qadar o'z uy uchrashuvlarini o'tkazadigan stadionni Liga ro'yxatidan o'tkazishi lozim. Mazkur sanaga qadar stadioni tayyor bo'lmagan futbol klubi Superliga talabiga javob beruvchi boshqa stadion bilan uch tomonlama shartnoma imzolashi va uni Liga ro'yxatidan o'tkazishi kerak bo'ladi. Buxoroda esa eng asosiy masala — projektor mavzusi hozircha ochiq qolmoqda.
Fikrlar