Xvan In Bom: "Yoshim o'tgani sayin yig'loqi bo'lib qolyapman shekilli"

Iskandarov Abdulaziz
7 okt 2026, 11:23
Yongindagi stadionda O'zbekistonga qarshi o'tgan va 2:0 hisobidagi g'alaba bilan yakunlangan uchrashuvdan so'ng, Janubiy Koreya terma jamoasi yarim himoyachisi Xvan In Bom maydonda ko'ziga yosh oldi.

U ikkinchi bo'lim boshida, Son Xyon Minning golidan so'ng hisob 1:0 bo'lib turganda maydonga tushib, 60-daqiqada O Se Xun tomonidan kiritilgan ikkinchi gol kombinaciyasini boshlab bergan edi.

O'yindan so'ng u kiyinish xonasiga kirib, so'ngra 1996 yilda tug'ilgan tengdoshlari – Xvan Xi Chan va o'yinda qatnashmagan Kim Min Je bilan birgalikda maydonga qaytdi hamda terma jamoa libosida esdalik uchun suratga tushdi. Aynan mana shu kutilmagan holat futbolchilarning milliy jamoadagi faoliyatini birdaniga yakunlashi haqidagi shov-shuvli mish-mishlarni keltirib chiqargan edi.

Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida jurnalistlar oldiga chiqqan Xvan In Bom bu gap-so'zlarni qisman rad etdi. U o'tgan Jahon chempionatidan buyon kutilgan natijalar bo'lmayotganidan ruhan qiynalganini, qolaversa, yig'inga kelishda oyog'ida muammo kuzatilib, dastlabki ikki o'yinda maydonga tusha olmagani uchun ko'ngli to'lmaganini ta'kidladi. Xvan tengdoshlari bilan bo'lgan suhbat haqida shunday dedi: "Bugungi o'yindan oldin yigitlar bilan 'kelinglar, bor kuchimizni berib, yoshlarga nimanidir ko'rsatib qo'yaylik' – deb kelishib olgan edik. Yosh futbolchilarning o'zlari yaxshi ko'rgan futbolni maydonda erkin o'ynaganini ko'rish juda yoqimli bo'ldi".

Shuningdek, u o'yindan keyingi hissiyotlari va terma jamoadan ketish masalasiga ham to'xtalib o'tib, darhol ketish niyati yo'qligini bildirdi: "Terma jamoaga kelganimda, har doim 'bu mening so'nggi o'yinim bo'lishi mumkin' – degan xayolga boraman. Bugun shu hissiyotlar kuchayib, ko'zimga yosh keldi. Noyabr oyidagi yig'inga chaqirish – bosh murabbiyning qarori. Men doim faoliyatimni yakunlashga tayyorgarlik ko'rib yuraman. Vaqtida keta olish ham donolikdir. Yoshim o'tgani sayin yig'loqi bo'lib qolyapman shekilli".

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: YNA