

– Siz yana ochiq futbol kutyapsizmi?
– Bu doim har ikki jamoaga bog'liq. Agar kimdir orqaga chekinib, ko'proq himoyalanishni istasa, o'yinda xotirjam pallalar bo'lishi mumkin. Ammo har ikki jamoa o'zlarini shu bosqichgacha olib kelgan uslubdan voz kechishini tasavvur qilish qiyin. "Bavariya" o'z uyida o'ynaydi, biz g'alaba qozonishni istaymiz va buning uchun bor kuchimizni ishga solamiz.
– Bu hafta shaharda o'zgacha muhit sezilyaptimi?
– Ha. Jamoa va muxlislar o'rtasida yaxshi aloqa bor. Balki mavsum boshida hamma ham bizda YCHL finaliga chiqish imkoniyati bo'lishiga ishonmagandir, lekin mana biz shu yerdamiz, birgalikda ko'plab ajoyib lahzalarni boshdan kechirdik. O'ylaymanki, muxlislar finalga chiqa olishimizga ishonishadi, biz esa bu lahzani unutilmas qilmoqchimiz.
– Ko'p gol o'tkazib yuborilgani sizni xafa qildimi? Yoki bu shunchaki o'yin uslubingizning bir qismimi?
– Bizning vazifamiz – o'yinlarda g'alaba qozonish va bunda bizga yordam beradigan g'oyalarimiz bor. Biz ko'plab o'yinlarda yutishimiz mumkinligini ko'rsatdik, PSJ ham buni isbotladi. Yakunda hammasi raqibdan bitta ko'p gol urishga borib taqaladi. Agar buni gol o'tkazmasdan amalga oshirsak – bu eng yaxshisi bo'lardi.
– Penaltilar seriyasiga tayyorgarlik ko'ryapsizlarmi?
– Albatta, o'yindan keyingi seriya uchun tepuvchilar ro'yxatimiz bor. Ammo biror futbolchi o'zini tayyor his qilmasa yoki istamasa, uni nuqtaga yaqinlashtirmaymiz. Bu haqda Germaniya Kubogi o'yinlari oldidan ham gaplashgandik. Penalti – mavsumning ikkinchi yarmidagi mashg'ulotlar jarayonining bir qismi. Agar ertaga ish shungacha borsa, bu tasodif bo'lmaydi.
– PSJ – siz murabbiy sifatida to'qnash kelgan eng kuchli jamoami?
– Menga bunday reytinglar tuzish yoqmaydi. Ular so'nggi ikki yilda Yevropaning eng kuchli jamoasi bo'lishdi, Chempionlar Ligasida g'olib chiqishdi. Ular tomonda nafaqat futbolchilar va murabbiylarning sifati, balki jamoaning yoshi ham bor. Ular o'rganishda va yaxshiroq bo'lishda davom etishmoqda.
PSJ – biz hurmat qiladigan jamoa, ularga qarshi o'ynash juda qiyin. Shunga qaramay, biz o'z kuchimizga va ertaga ularni mag'lub eta olishimizga ishonamiz, – dedi Kompani.



