

Toshev Sport24 nashriga bergan intervyusida italiyalik mutaxassisning O'zbekiston milliy terma jamoasidan ketishi haqidagi ma'lumotlarni rad etdi.
"Bu xabarlar shunchaki mish-mishdan boshqa narsa emas. Fabio Kannavaroning federatsiyamiz bilan amaldagi shartnomasi bor va u milliy terma jamoa bosh murabbiyi bo'lib qolmoqda.
Osiyo kubogi muddatining o'zgartirilishi haqidagi so'nggi xabarlarga kelsak, musobaqa o'tkaziladigan aniq sanalar bizga keyinroq ma'lum qilinadi.
Hozircha Kannavaroning O'zbekiston milliy terma jamoasidan ketishi haqida gap-so'z yo'q. Rossiyaga qarshi bo'lajak o'rtoqlik uchrashuvida ham jamoamizni aynan Fabio boshqaradi", – dedi Toshev.
Eslatib o'tamiz, avvalroq taniqli insayder Fabricio Romano Osiyo kubogi-2027 musobaqasining o'tkazilish muddati o'zgartirilganidan so'ng Kannavaro O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyligidan ketish imkoniyatini ko'rib chiqayotgani haqida xabar bergan edi.
Shundan so'ng O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi rasmiy bayonot e'lon qilib, mazkur xabarlar haqiqatga to'g'ri kelmasligini ma'lum qildi.
Ma'lumot uchun, O'zbekiston va Rossiya milliy terma jamoalari o'rtasidagi o'rtoqlik uchrashuvi 12 noyabr kuni Toshkentdagi "Paxtakor" markaziy stadionida bo'lib o'tadi. Bahs soat 20:00 da boshlanadi.


