

Uchrashuvning 95-daqiqasida "bolg'achilar" burchak zarbasidan so'ng "kanonirlar" darvozasini ishg'ol qilishgandi. O'sha vaziyatda hujumchi Pablo Felipe qo'lini ishlatib, darvozabon David Rayyaning to'pga yetib borishiga xalaqit bergan. Darvozabon to'pga qo'lqoplari bilan tekkan bo'lsa-da, uni na urib yubora olgan, na egallab olgan. Shundan so'ng to'p Vilyam Salibaning tizzasidan Kallum Uilsonga borib tushgan va u to'pni to'rga yo'llagan.
Bosh hakam Kris Kavana videoassistent bilan maslahatlashib, takroriy lavhani o'rgandi va darvozabonga nisbatan fol ishlatilgani sababli golni bekor qildi. "Arsenal" esa uchrashuvni g'alaba bilan yakunladi.
"Bu darvozabonga nisbatan folmi? Albatta, ha. Mavsum davomida biz aytib kelyapmizki, agar darvozabon raqibi uning qo'llaridan tutib xalaqit bergani uchun o'z vazifasini bajara olmasa, hujumchi jazolanadi. Biz shunchaki darvozabon bilan kontakt haqida emas, balki kimdir uning qo'llariga ta’sir qilib, ishiga to'sqinlik qiladigan maxsus turdagi kontakt haqida gapiryapmiz.
Shunday ekan, agar bu epizodni eng yaxshi rakursdan ko'rsangiz, Pablo bilan bog'liq vaziyatda aynan shu narsa sodir bo'lganini ko'rasiz. Videoda hammasi aniq va ravshan ko'rinib turibdi va bu hujumning ilk bosqichida yuz bergan.
Jarima maydonchasida o'yinchilar juda ko'p bo'lgani sababli buni payqash hakam uchun qiyin bo'lgan bo'lsa-da, VAR arbitrlari buni ko'rishgach, albatta vaziyatga aralashishlari shart edi", – dedi Uebb Mic’d Up ko'rsatuvi efirida.



