

Musobaqada yarim finalchilar nomi ma'lum bo'lishi bilan birga, o'zbek futboliga oid bir qator muhim yangiliklar ham tilga olindi. Efirda Kamoliddin Alimov, Nodirxo'ja Yuldashev, Mirkomil Musaev va Tolibjon Qosimov bildirgan eng diqqatga sazovor fikrlarni jamladik.

Terma jamoadagi ovqatlanish muammosi: Professionallik yetishmayaptimi?
Nodirxo'ja Yuldashev:
"Futbolchilar bilan suhbatlashganimizda, ular 40 kun davomida ovqatlanish masalasida muammolarga duch kelishganini aytishdi. Ochig'i, bu borada hali professional emasmiz. Xorijga chiqqandan keyin 4-5 kun o'tib, baribir milliy taomlarimizni sog'inasiz. Chet ellik oshpazlar biz o'rgangan tamni bera olmaydi. Masalan, xitoyliklar qaerga bormasin, o'zlarining achchiq mahsulotlari va mos ovqatlari bilan yurishadi.
Biz esa haligacha terma jamoani safarlarda milliy taomlar bilan tizimli taminlashni yo'lga qo'ya olmadik. Futbolchilarimiz baribir o'zimizning ovqatlarni sog'inib, ko'chadan izlab topib eyishgan. Milliy taomlarimiz, jumladan, osh zararli emas, faqat bu jarayonni qatiy nazorat qilish kerak, xolos."

Kannavaro oldiga vazifa qo'yildi, oldinda Xitoydagi turnir kutmoqda
Nodirxo'ja Yuldashev:
"Yana bir muhim yangilik - Fabio Kannavaro O'zbekiston terma jamoasini Osiyo Kubogiga tayyorlaydi. Bu ma'lumotni O'FA vakillari tasdiqlashdi. Noaniqlikka chek qo'yilgani yaxshi bo'ldi. Endilikda Kannavaro o'z yordamchilari bilan kelib, selekciya ishlarini boshlashi kerak.
Shu yilning sentyabr oyi oxiri va oktyabr oyi boshida Xitoyda yirik turnir tashkil etiladi. Unda vakillarimiz dunyoning nomdor jamoalariga qarshi maydonga tushishadi. Musobaqada 8 ta jamoa ishtirok etishi kutilyapti, biroq uning rasmiy nomi hozircha noma'lum. Kannavaro oktyabrdagi ushbu bahslarga jiddiy tayyorgarlik ko'rishi lozim. Unga aniq vazifa qo'yildi va u buni qabul qildi, aks holda shartnoma uzaytirilmasdi.
Menimcha, tarkibda katta o'zgarishlar bo'lmaydi. Murabbiy 40-50 nafar futbolchini sinab ko'rgandan ko'ra, asosiy 26 talik o'zakni shakllantirgani maqul. Nomzodlardan kimdir talabga javob bermasa, keyingi yig'inda boshqasini sinab ko'rish kerak. Dekabr oyida terma jamoa ixtiyorida vaqt juda kam bo'ladi. Sababi, ichki chempionatimiz faqat 10-15 dekabrlarga kelib yakunlanadi. Elit OCHL o'yinlari tufayli “Paxtakor”, “Nasaf” va “Neftchi” ishtirokidagi uchrashuvlar qoldirilishi ham taqvimga ta’sir qilmay qolmaydi."

Tarixiy yarim final va JCHdagi intriga
Mirkomil Musaev:
"Bu yilgi Jahon chempionati yanada qiziqarli tus oldi. Boisi, oxirgi hal qiluvchi pallada dunyo reytingida ketma-ket dastlabki to'rtta o'rinni egallab turgan eng kuchli terma jamoalar yarim finalga chiqishdi. JCH tarixida bunday holat kuzatilmagan edi."

Texnologiyalar va hakamlik mojarolari: Futbol o'zining asl jozibasini yo'qotmoqdami?
Tolibjon Qosimov:
"Katta musobaqalarda hakamlik bilan bog'liq ziddiyatlar ko'payib bormoqda. Bunga qiziq ustunlik bilan texnologiyalar sababchi bo'lyapti. Translyatsiya sifati yuqori, 8 ta kamera vaziyatni suratga olayotgan bo'lsa, 8 xil rakurs yuzaga keladi va bu istalgan kichik xatoni ham bo'rttirib ko'rsatadi.
Yaqinda FIFA shov-shuvli vaziyat yuzasidan rasmiy izoh berdi: Norvegiya terma jamoasi darvozaboni to'pni tepib yuborganda, u stadion tepasidagi 'o'rgimchak-kamera' simiga tegib, Angliya futbolchisiga borib tushgan va gol bilan yakunlangan edi. FIFA to'p ichidagi maxsus chip simga tegish holatini isbotlay olmaganini ma'lum qildi va gol inobatga olindi. Bu yerda chip texnologiyasi hal qiluvchi rol o'ynadi - xuddi Xorvatiya va Portugaliya o'yinidagi bahsli vaziyat kabi."

Nodirxo'ja Yuldashev:
"Bu texnologiyalar futbolning haqiqiy emociyasini o'g'irlamoqda. 2060 yillarda yaponlar qo'llaydigan texnikalarni, robotlashtirilgan tizimlarni FIFA hozirning o'zidayoq joriy qilib qo'ydi. Bu esa o'yinlarni ma'lum bir ssenariy asosiga solish uchun juda qulay vositaga aylanyapti.
Endilikda hakamlar maydonning istalgan joyidagi xatoni topib olish va xohlagan gollarini bekor qilish imkoniga ega bo'lishdi. VAR tizimi aynan mana shunday maqsadlar uchun juda qulay bo'lib qoldi. Bu emociyalarni o'g'irlamoqda.
Homiylarimiz: CAU, “InfinBank”, “AKFA”, “Ucell”, “TT LLC”, “Black Cofee”, “OfoTour”



